Mo'min banda birodarining o'zgalarga zarari etmaydigan aybini bilib, uni yashirishi ulkan savobdir. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis rivoyat qilingan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biror banda dunyoda bir ban-dani(ng aybini) yashirsa, Alloh taolo qiyomat kuni uni(ng aybla-rini) yashiradi”, dedilar”.
(Imom Muslim rivoyati)
Boshqa hadisi sharifda shunday deyilgan:
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qaysi kishi o'zganing aybini ko'rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko'milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo'ladi”, deyayotganlarini eshitdim”.
(Abu Dovud rivoyati)
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi, uni tashlab ham qo'ymaydi. Kim birodarining g'amida bo'lsa, Alloh uning g'amida bo'ladi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh undan Qiyomat kunining tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmon-ning aybini berkitsa, Alloh Qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, dedilar”.
(Imom Buxoriy rivoyati)
“Aybni yashirish” yoki “aybni berkitish”dan maqsad boshqalarga uning aybini aytmaslik va barchaning ko'z o'ngida e'lon qilmaslikdir. Lekin, bu masalada quyidagilarni yodda tutish lozim:
- aybni berkitish uchun yolg'on so'zlamaslik.
Shuning uchun, kimdir u ayb haqida so'rasa, dastlab javob berishni orqaga surishga harakat qiladi. Mabodo, javob berishga majburlasa, voqelikka zid biror so'z aytmasdan, haqiqatni aytadi; ayb boshqalarga ta'sir qilmasagina, uni yashirish mumkin.
Agar uning boshqalarga zarar keltirish xavfi bo'lsa, tegishli odamlarga xabar berish nafaqat joiz, balki savobli amaldir. Bunda, boshqalarga ziyon etib qolishning oldini olish niyat qilinishi va aybdorni kamsitishlik ko'zlanmasligi shart.
Masalan, bir shaxsning yolg'on bilan odamlarning pulini olib, eb yuborish odati bo'lsa yoki qarz olib qaytarib berishga e'tibor qaratmaydigan bo'lsa, buni bilmaydigan inson u bilan muomala qilib, zarar ko'rishning oldini olish uchun odamlarni bundan boxabar qilishning hech qanday zarari yo'q.
Shuningdek, uyiga sovchi kelganda, kelin xonadoni kuyov bo'lmishni o'rganishni istashi tabiiydir. Albatta, bunday holatda ularga to'g'ri ma'lumot berish lozim. Lekin, barcha o'rinlarda asosiy maqsad boshqalarni zarar ko'rishdan saqlash bo'lishi darkor.
Shuningdek, bir kishining sodir qilgan jinoyati sababli jamiyatda yomonlik tarqalishi xavfi bo'lsa, bu haqida tegishli idoralarga ma'lumot etkazish to'g'ri va savobli ish hisoblanadi. Lekin, shunda ham niyat jamiyatni isloh qilish bo'lishi lozim. Aslo aybdordan o'ch olish yoki dushmanlik qilish ko'zlanmasligi kerak.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy
Mirolim Mansur tayorladi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati