Bugungi kunda dunyoning turli burchaklaridan har xil nomlar bilan chiqayotgan oqimlar, guruhlar islom diniga har xil o'zgarishlar, qo'shimchalar qo'shib ayniqsa yoshlarni to'g'ri yo'ldan adashtirmoqdalar. Ana o'sha oqimlardan biri bo'lgan “Hizb ut-Taxrir” diniy ekstremistik tashkiloti a'zolari ham bugungi kunda o'z g'oya va maqsadlari yo'lida Islom ta'limotiga o'zgartirish va yangiliklar kiritishga urinmoqda. Ular o'zlarining g'arazli niyatlarini amalga oshirish uchun din hukmi va arkonlariga yangilik kiritib, jumladan, “Halifalikni tiklash musulmonlar zimmasiga Alloh taolo farz qilgan eng muhim amallardandir” kabi Islomda bo'lmagan puch g'oyalarni ilgari surishmoqda. Ularning bu da'volari aslida Islom diniga yot hukm, yangilik kiritishdir. Islomga yangilik kiritish bid'at bo'lib, bu haqda Muxammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: ”Sizlarning orangizdan (dindagi) ishlarga yangilik kirituvchilar chiqadi.(Bilingki, dindagi) har bir yangilik bid'at va har bir bid'at-zalolatdir. Zalolat esa jahannamga etaklaydi”. Dinga yangilik kiritishini oqibati nima bo'lishini “IShID” (Iroq Shom Islom davlati) olib borayotgan xarakatlaridan ochiq-oydin bilib olsa bo'ladi. Bunday noto'g'ri, nosog'lom aqidalarga ergashish musulmon kishining oxiratini kuydirish bilan birga jamiyat tinchligi-osoyishtaligiga rahna soladi.
“Hizb ut-Taxrir” diniy ekstremistik tashkiloti 1953 yilda Falastin davlatida Taqiyuddin Nabixoniy tomonidan asos solingan bo'lib, maqsadi — dastlab musulmon mamlakatlarida, keyinchalik esa butun dunyoda yagona xalifalik davlatini o'rnatish g'oyasini ilgari suradi. Bugungi kunda ushbu tashkilotning faoliyati dunyoning bir qator mamlakatlari hududida ta'qiqlangan. Agarda tarixga nazar solsak, salaf ulamolari ham, undan keyin o'tgan va hozirgi zamon ulamolari ham bunday yo'llarga qarshidirlar. Shuning uchun ham bunday oqimlarning g'oyasini birorta mamlakatda ma'qullanib, rasmiy tashkilot sifatida tan olinmadi. Islomda esa ozchilik fikriga emas, ko'pchilik fikriga qo'shilishga buyurilgan. Bunga ushbu saxix hadis dalildir: “ Mening ummatim yoppasiga adashib, zalolatga tushib qolmaydi. Qachonki ular orasida qarama-qarshilikni ko'rsalaringiz, sizlar ko'pchilik tomonda bo'lingiz!”. Demak, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu vasiyatlariga zamonamiz musulmonlari ozchilik ovozga ega bo'lib turgan oqimlarga emas, ularning fikri va g'oyasiga qo'shilmay kelayotgan ko'pchilik ulamolarning safiga qo'shilishlari kerak bo'ladi.
“Hizb ut-Taxrir” diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati O'zbekiston Respublikasi hududida ham ta'qiqlangan tashkilotlar ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, fuqarolarimizni, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi buzg'unchi g'oyalar ta'siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da'vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so'raymiz.
Hovos tumani
“Abu Hanifa” jome masjidi
imom-xatibi Abdurauf Yorbekov
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz