Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan hamyurtimiz Hayrullo Ikromov Makka shahrida ilk milliy taomlarimiz restoranini ochdi.
O'zA xabariga ko'ra, O'zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligida bo'lib o'tgan uchrashuvda shu haqda so'z yuritildi.
Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsiya va turizm sohalarining jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma'lumot berildi.
H.Ikromov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni doimiy kuzatib borishini, sport, madaniyat va ilm-fan sohalarida erishayotgan yuksak marralarimizdan faxrlanishini ta'kidladi.
– Ko'p yillardan buyon xorijda restoran biznesi bilan shug'ullanaman, – deydi H.Ikromov. – Makka shahridagi milliy taomlarimizga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, markaziy qismida “O'zbekiston” restoranini ochmoqdamiz.
Ular yangi tashkil etilgan majmuaga O'zbekistondan bosh oshpaz, novvoy va boshqa xodimlarni jalb qilishga qaror qilishdi.
Restoran shu yilning 28 noyabridan ish boshladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tizimidagi barcha masjidlar va diniy soha xodimlari ushbu tashabbusga labbay deb javob bergan holda, hududlarni tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faollik ko‘rsatmoqdalar.
Masjidlar xodimlari va ko‘ngilli namozxonlar nafaqat ziyoratgohlar va masjidlar atrofini, balki mahallalar, ko‘chalar va aholi xonadonlarini tartibga keltirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Ayniqsa, ko‘makka muhtoj, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimizning uy-joylari, hovlilari va atroflarini obodonlashtirib berishga alohida e’tibor qaratilayotgani ayni mehr-saxovat namunasidir.
Poklik — imon javharidir
Islom dini poklik va ozodalikka juda katta e’tibor beradi. Sarvari koinot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida: «Poklik imonning yarmidir», deb marhamat qilganlar. Musulmon kishi nafaqat o‘z tanasi va kiyimini, balki yashab turgan uyini, mahallasini va atrof-muhitni ham doimo ozoda saqlashi lozim. Zero, go‘zal axloq va tozalik nafaqat sog‘lom turmush garovi, balki ruhiy xotirjamlik manbai hamdir.
«Ozodalik ko‘ngildan boshlanadi», deydi dono xalqimiz. Bugun Qoraqalpog‘iston diyorlarida olib borilayotgan bunday xayrli amallar nafaqat atrof-muhitning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, balki insonlar qalbida mahalladoshlik, birodarlik va shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
Xayrli ishlar, obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari Qoraqalpog‘iston bo‘ylab tizimli ravishda davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti Matbuot xizmati