Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan hamyurtimiz Hayrullo Ikromov Makka shahrida ilk milliy taomlarimiz restoranini ochdi.
O'zA xabariga ko'ra, O'zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligida bo'lib o'tgan uchrashuvda shu haqda so'z yuritildi.
Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsiya va turizm sohalarining jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma'lumot berildi.
H.Ikromov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni doimiy kuzatib borishini, sport, madaniyat va ilm-fan sohalarida erishayotgan yuksak marralarimizdan faxrlanishini ta'kidladi.
– Ko'p yillardan buyon xorijda restoran biznesi bilan shug'ullanaman, – deydi H.Ikromov. – Makka shahridagi milliy taomlarimizga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, markaziy qismida “O'zbekiston” restoranini ochmoqdamiz.
Ular yangi tashkil etilgan majmuaga O'zbekistondan bosh oshpaz, novvoy va boshqa xodimlarni jalb qilishga qaror qilishdi.
Restoran shu yilning 28 noyabridan ish boshladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati