MO'_''TAZILALARNING IZDOShLARI
O'tgan asrimizning yarmida Taqiyuddin Nabahoniy (1909-1977) nomli shaxs tarafdan ta'sis etilgan “Hizbut-taxrir” oqimi vakillari yurtimizdagi diniy erkinliklardan unumli foydalanib qolish ilinjida oxirgi vaqtlarda g'imirlab qolishganga o'xshaydi. Kuni kecha “Darakchi” internet nashrida xuddi shu toifaga a'zo bir oilaning qonun oldida javob berayotganlari to'g'risida maqola o'qib qoldim.
Maqolani o'qigach xalqimizga bu oqim to'g'risida ko'proq va kengroq ma'lumotlar zarur degan xulosaga keldim. Veb saytimizda oqimga doir ma'lumotlar, ba'zi qarashlariga ilmiy raddiyalar bo'lsada, yana bu mavzuni ko'proq yoritish lozimligini tushunib etdim. Shu nuqtai nazardan, Allohdan tavfiq so'ragan holda “Hizbut-taxrir” oqimining diyonati buzuq, aqidasi noto'g'ri ekanligi haqida davomiy maqolalar berib borishga jazm qildim. Toki odamlar bu oqimning asl basharasni tanib bilib olsinlar. Targ'ibotchilariga duch kelganda munosib javob bera olsinlar.
“Hizbut-taxrir” oqimi ba'zi aqidaviy g'oyalarida Islom tarixida dastlabki adashgan oqim – mo''taziliylarga izdosh sanaladi. Ularning oqsoqoli Taqiyuddin Nabhoniy “Islomiy shaxsiyat” nomli asarida yozadi:
«وهذه الأفعال ـ أي أفعال الإنسان ـ لا دخل لها بالقضاء ولا دخل للقضاء بها، لأن الإنسان هو الذي قام بها بإرادته واختياره، وعلى ذلك فإن الأفعال الاختيارية لا تدخل تحت القضاء»
«Bu fe'llarning (ya'ni insonning qilayotgan hatti-harakatlari, amallari, ishlari va hokazo) Allohning qazo va qadariga aloqasi yo'q. Chunki inson barcha amallarini o'z ixtiyori va xohishi bilan yaratadi. Shunga ko'ra, ixtiyoriy fe'llarimiz Allohning qazosi ichiga kirmaydi».
Huddi o'sha kitobning yana bir sahifasida:
«فتعليق المثوبة أو العقوبة بالهدى والضلال يدل على أن الهداية والضلال هما من فعل الإنسان وليسا من الله»
«Savob va iqobni hidoyat va zalolatga bog'lashlik shuni anglatadiki, hidoyat va zalolat aslida insonning o'ziga bog'liq o'z fe'lidir. Allohdan emas».
Taqiyuddin Nabhoniy bu fikrini “Islom nizomi” nomli asarida ham sizdirib o'tgan. U bu bilan nima demoqchi? Insoniyat fe'lini o'zi yaratadi, Alloh yaratmaydi demoqchi! Bu g'oya aslida Hasan al-Basriy rahmatullohi alayhning oq bo'lgan talabasi Vosil ibn Ato asos solgan mo''taziliylarga tegishli bo'lib, u Kitob, Sunnat va sog'lom mantiqqa ham ochiqcha teskaridir! Alloh taolo aytadi:
وخلَقَ كلَّ شىءٍ فقدَّرَه تقديرًا
«U….har bir narsani o'lchov ila o'lchab yaratgan Zotdir». (Furqon surasi, 2-oyat).
Yana Qur'onda shunday deyiladi:
واللهُ خلقكم وما تعملون
«Alloh taolo sizlarni ham, qiladigan amallaringizni ham yaratgan». (As-soffat surasi, 96-oyat).
Ya'ni: Alloh taolo jamiki koinotdagi narsalarni, ularning o'zini ham qiladigan ishlarini ham, fe'l-amallarini ham aniq o'lchov — taqdirga mos tarzda yaratgan. Oyatlarda kelgan “شيء” (narsa) so'zi koinotda mavjud bo'lgan jamiki jonzotlar, jismlar va ularning harakat va sukanatlarini, ixtiyoriy bo'lsin yo iztirobiy bo'lsin, farqi yo'q hamma amallarini qamrab oladi. Shunday ekan, Furqon surasidagi “شيء” (narsa) so'zi amal va harakatlarimizga ham tegishli bo'ladi.
Mantiqan olib qaralsa jonzotlar tarafdan sodir etiladiga ixtiyor hatti-harakatlar beixtiyor qilingan ishlarga nisbatan ko'proqni tashkil qiladi. Agar hizbchilar e'tiqodiga ko'ra, jonzotlar, insonmi hayvonmi nima bo'lganda ham ixtiyoriy amallarini o'zlari yaratib, ixtiyoridan tashqari ishlarni Alloh yaratgan deb faraz qilsak, er yuzida insonlar yaratgan narsalar Allohnikidan ko'payib ketadiku?!
Demak, ma'lum bo'ladiki, Nabahoniyning inson fe'l va amallari borasida ilgari surgan fikri kitob va sunnatga, ahli sunnat va jamoat g'oyalariga ochiqcha teskari va raddir.
Shuningdek, Alloh taolo hidoyat va zalolat masalasida shunday deydi:
فمن يهدي من أضلَّ اللهُ
«Alloh zalolatga solgan kimsani kim ham hidoyatga sola olardi?!». (Rum surasi, 29-oyat).
Va yana:
إنَّك لا تهدي من أحببْتَ ولكنَّ اللهَ يهدي من يشآءُ
«Albatta, siz o'zingiz sevgan kishini hidoyat qila olmassiz. Lekin Alloh kimni xohlasa, o'shani hidoyat qilur». (Qosos surasi, 56-oyat).
Bu oyati karimalarda ochiq bayon qilinmoqdaki, hidoyat va zalolat bandaning o'z ixtiyori bilan amalga oshadigan narsalar emas. Aksincha Alloh xohlagan kimsasi qalbida zalolat, hoxlagan kimsasi qalbida hidoyat fe'lini yaratadi.
Hizb oqsoqolining bu masaladagi fikri quyidagi oyatga ham muxolif:
ونُقلّبُ أفئِدتَهم وأبصارَهُم
«Va qalblari va ko'zlarini burib qo'yarmiz…». (An'om surasi, 110-oyat).
Bu oyati karima shuni anglatadiki, insonning qalbiy fe'llari va tashqi a'zolari bilan sodir etgan ishlari hammasi aslida Alloh taolo tarafdan yaratiladi.
Shunday ekan, hizbchilardan kimdir sizni targ'ib etsa, o'z taraflariga og'dirib olishga urinsa, saflariga moddiy yo ma'naviy ko'makni ro'kach qilib qo'shib olishga urinsa, unga aldanib yurmang. Binobarin hizbning yo'li boshi berk ko'cha tarafgadir. Hizbchilar tavba qilmasa qiyomat kuni qattiq qiynalib qolishlari aniq. Alloh barchamizni to'g'ri yo'ldan toydirmasin!
Botirjon qori
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati