Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Ixtiloflar, sabablar, echimlar: MUQADDIMA, O'TMIShGA BIR NAZAR

11.10.2021   3797   9 min.
Ixtiloflar, sabablar, echimlar: MUQADDIMA, O'TMIShGA BIR NAZAR

Ixtiloflar haqida (to'liq kitob)

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin. Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

MUQADDIMA

O'zining qiyomatgacha boqiy kitobi Qur'oni Karimda mo'min bandalariga xitob qilib: «O'zaro nizo qilmang, aks holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi», degan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin!
O'z ummatlariga qarata: «Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli bo'lib qolmasin», deb tayinlagan sevikli Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavotu durudlar bo'lsin!
O'z Robbilari va o'z Payg'ambarlariga labbay, deb javob berib, turli ixtiloflardan saqlanib o'tgan sahobai kiromlardan Alloh taoloning O'zi rozi bo'lsin! O'z dini, e'tiqodiga sodiq qolib, musulmonlarni turli ixtiloflardan qaytarib, birdamlikka chaqirib o'tgan ulamoi salaflarni Alloh taoloning O'zi rahmat qilsin! Aziz va mo''tabar dindoshlar! Siz muhtaramlar bilan anchadan buyon barchamizning tinchimizni olib, dilimizni o'rtab, qalbimizni tirnab kelayotgan bir masala yuzasidan gaplashib olsak. Bu niyatni anchadan buyon turli sabablarga ko'ra amalga oshirish imkoni bo'lmayotgan edi. Endi vaqti-soati etdi shekilli, Alloh taolo O'zi ko'ngilga solib, uni qog'ozga tushirish istagi tug'ilib qoldi. Alloh taoloning yolg'iz O'zidan tavfiq va madad so'ragan holda, oxirini xayrli qilishini tilab, bu ishga qo'l urdik. Aziz iymondoshlar. Niyatimiz xolis ekanligini anglab etgan bo'lsangiz bas. Ha, siz muhtaramlar bilan musulmonlar orasidagi ixtiloflar haqida gaplashmoqchimiz. Chunki, ming afsuslar bo'lsinkim, ushbu masala o'rtaga chiqdi, avj oldi va musulmonlarga ko'pgina musibatlar etkazdi.

Kechagina, xudosizlar boshimizga urib turganda, bo'ynimizni qisib, jimgina yurgan edik. Endi esa, Alloh taoloning inoyati ila ibodatlarimizni to'liq va erkin ado etish imkoni tug'ilganda, aynan ibodat xususida oramizda ixtiloflar chiqib, tinchimayotirmiz. Ba'zan masjidlarda urush chiqarib, g'ayridinlar va dinsizlar oldida sharmanda bo'lmoqdamiz. Ba'zi joylarda ish jiddiylashib, yomon oqibatlarga olib borgani ham sir emas. Eng yomoni, ba'zi o'zini bilmaganlar qilgan nojo'ya ishlar, xatti-harakatlar tufayli, omma orasida dinimiz haqida noo'rin fikrlar tarqab qoldi. Afsuski, hozirgi zamonda, dindorlarga qarab dinlarga baho beriladigan bo'lib qolgan. Shu sababli, boshqalar, bular musulmonlik da'vosini qilishar edi, musulmonlik shu ekan-da, deyishlari turgan gap. Lekin musulmonlik da'vosini qilayotganlar bilan Islom orasida osmon bilan ercha farq borligini qanday tushuntira olasiz? Buning uchun anchagina harakat lozim ko'rinadi.

G'ayridinlarga yoki dinsizlarga tushuntirish uncha qiyin emas. Bir-ikki misol keltirib, Islom boshqa yoqda, manavi Islomni da'vo qila turib, noislomiy ish qilayotganlar boshqa yoqdalar, deyilsa, anglab etishlari mumkin. Agar anglamasalar ham zarari yo'q. Ammo musulmonlikni da'vo qila turib, noislomiy ish tutayotgan, orada nizo va ixtilof chiqarayotganlarga bir narsani anglatish mushkul. Chunki oraga eng yomon narsa – tarafkashlik kirib qoldi. Shuning orqasida o'rtaga xafachilik tushib, turli mashmashalar, ko'ngil qoldilar bo'ldi. Har kim o'z aytganining to'g'riligini isbotlashga harakat qildi va hokazolar. Ammo noumid shayton. Mo'minlar hech qachon, hech vaqt va hech bir holatda noumid bo'lmaganlar. Alloh taolo Qur'oni Karimda mo'minlarni O'z rahmatidan noumid bo'lmaslikka chaqirgan. Qolaversa, mo'min-musulmonlar odatda haqiqatni tushunib etganlarida darhol o'zlarini o'nglab olishlari ma'lum va mashhur. Huddi shu mulohazalar bizni umid bilan qo'lga qalam olishga undadi.
Biz bo'lib o'tgan hodisalarda birovni ayblab hukm chiqarish da'vosidan yiroqmiz. Bundoq qilishga haqqimiz yo'q deb o'ylaymiz. Qolaversa, yuzaga kelgan noqulay holat, bo'lib o'tgan ko'ngilsizliklar va boshimizga tushgan musibatlarga asosan diniy savodsizligimiz sababchidir. Islomdan uzoqligimiz, dinimiz ta'limotlarini tuzukroq bilmasligimiz orqasida o'rtaga bunday ixtiloflar tushdi, deb o'ylaymiz.

O'TMIShGA BIR NAZAR

Turli omillarga ko'ra dinimizdan uzoqlashgan xalqimiz, o'tmishda turli balo-ofatlarga giriftor bo'ldi, dinimizdan uzoqlashgani sari qoloqlikka uchradi, zaif-likka yuz tutdi va nihoyat, mustamlaka asoratida qoldi. Huddi shu boisdan xudosizlar balosiga yo'liqdi. Va oxir oqibat xalqimizning bir qismi xudosizlikka yuz tutdi. Dahriy tuzum xuddi shular yordamida yurtimizda dinimizdan asar ham qoldirmaslikka jon-jahdlari bilan tirishdilar. O'sha xudosizlar tomonidan masjidlar vayron qilindi. O'sha xudosizlar tomonidan Qur'onlar yoqildi. O'sha xudosizlar tomonidan ulamolar o'ldirildi. O'sha xudosizlar tomonidan insoniyat tarixida misli ko'rilmagan vahshiyliklar qilindi. Ularning birdan-bir maqsadi Islomni yo'q qilish edi.

Ana shundoq paytda ham xalq ichidan dinini qo'lida cho'g' tutgandek tutib qolganlar chiqdi. Ha, sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida kelganidek, cho'g'ni tutsalar, qo'llari kuyardi. Qo'lni asrasalar cho'g'siz qolar edilar. Halqimiz ichidan dinini cho'g'ni qo'lda tutib asrab qolgandek asrashga yaroqli insonlar chiqishi esa, hammamiz uchun sharafdir. Ha, o'sha azizlar xudosizlar zulmidan, tahdididan qo'rqmay, o'limga tik boqib dinimizni asrab qoldilar. Albatta, bu sharoitda diniy ilmlarni to'la egallash haqida gap bo'lishi ham mumkin emas edi. Har kim ilojini topsa, sanoqli suralarni bir amallab yod olib, namozni eplab o'qib turishi katta gap edi. Bu holatda dinimizni o'rganmoqchi bo'lgan har bir kishi yashirincha, to'g'ri kelgan ustozdan to'g'ri kelgan kitobni o'qir va dinimiz deganda o'sha o'zi o'rgangan narsanigina tushunar edi. Boshqa narsaning imkoni yo'q edi. Halqimiz ichida dinimiz haqida gapirishning o'zi katta jinoyat hisoblangan vaqtlar esimizdan chiqqani yo'q. Boshqa musulmon yurtlar bilan aloqa uzilgan, biz u tomonga bormas edik, ular biz tomonga kelmas edilar.

Halq ichida dinimizni ushlab, namozini o'qib, ro'zasini tutib yurganlar nihoyatda oz bo'lganligi achchiq haqiqat. Ana o'sha oz sonlilar ham ko'p qiyinchiliklar bilan namoz o'qishni va ro'za tutishni o'rganishgani ham achchiq haqiqat. Ular xalqi orasida dinimizni o'rganishning eng ko'p tarqalgan uslubidan foydalanib bir amallab namoz o'qish va ro'za tutishni o'rganishgan edilar. Hal-qimiz esa ibodatlarni faqat Hanafiy mazhabi asosida o'rganishar edilar. Ular musulmonlikni taniganidan beri, unga iymon keltirib, amal qila boshlaganidan beri ibodatlaru, shar'iy ahkomlarni ana o'sha Hanafiy mazhabi asosida o'rganib, amal qilib kelganlar. Asrlar osha turli sharoitlarga qaramay, mujtahid ulamolarimiz tomonidan Qur'oni Karim va Sunnati Nabaviyyadan olib xalq ommasi uchun qulaylashtirib qo'yilgan fiqhiy masalalar xuddi Islomning negiziga o'xshab qolgan edi. Ayniqsa, qiyinchilik paytlarda, xudosizlar hamlasiga uchrab dinimizni o'rganish qiyinlashib qolgan kezlarda, muxtasar fiqhiy kitoblar va ular asosida uyushtiriladigan ixcham darslar katta foyda berar edi. Ushbu va shunga o'xshash boshqa omillar sababli xalqimiz boshqa mazhablardagi hukmlar qandoq ekanidan xabarsiz qoldi. Ular ko'pchilik musulmon xalqlari qatori islom shariatini Hanafiy mazhabi orqali o'rganib, Hanafiy mazhabi bo'yicha hayotiga tatbiq qilib keldilar.
Aqida masalasida bo'lsa, jumhur musulmonlari, jumladan, to'rt mo''taraf fiqhiy mazhablarga ergashuvchi musulmonlar qatori «Ahli sunnat val jamoat» mazhabi aqidasida mustahkam edilar. Mujtahid imomlarimiz ittifoq ila Qur'oni Karim va Sunnati Nabaviyyadan chiqargan aqidaviy masalalarga og'ishmay e'tiqod qilar edilar. Bundan boshqa narsa birovning xayoliga ham kelgan emas.

Ruhiy tarbiya bobida esa, tasavvufning «Naqshbandiya» va «Qodiriya» kabi tariqatlari tarqalgan edi. Kishilarimiz mazkur tariqatlar shayxlaridan ruhiy tarbiya olar edilar. Bu masalada ham ixtilof, kelishmovchilik degan narsalar bo'lgan emasdi.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Hozirgi ixtiloflar qachon va qandoq kurtakladi?

Ixtiloflarning avj ola boshlashi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qiyomatning kichik alomatlari: Quddusning fath etilishi (3 qism)

15.01.2025   4159   2 min.
Qiyomatning kichik alomatlari:  Quddusning fath etilishi (3 qism)

Qiyomat qoim bo‘lishining yana bir belgisi – musulmonlarning Quddusni fath etishi sanaladi.


Siyrat va tarix ilmi bo‘yicha mutaxassislar Quddus fathi Umar roziyallohu anhu davrida hijriy 16 yilida yakunlanganini qayd etishgan.


Hazrati Umar roziyallohu anhuning shaxsan o‘zlari Quddusga mahalliy aholi bilan tinchlik shartnomasi tuzish uchun boradilar va u yerda masjid quriladi.


Imom Ahmad Ubayd ibn Adamdan uning Ka’bul Axbor bilan suhbatini keltiradi:


“Umar roziyallohu anhu so‘radilar:

  •  Namozni qayerda o‘qiganim yaxshi, deb o‘ylaysiz?

Ka’b aytadi:

  •  Agar fikrimni qabul qilsangiz, tosh ortida o‘qiganingiz ma’qul. Shunda butun Quddus oldingizda bo‘ladi.

Umar roziyallohu anhu dedilar:

  •  Yo‘q, bu yahudiylarnikiga o‘xshash bo‘lib qoladi. Men namozimni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ado etgan joyda o‘qiyman.

Keyin Umar roziyallohu anhu qibla tomonga qarab namoz o‘qidilar, so‘ng ridolaridan changlarni qoqib tashladilar.


Shu o‘rinda Ka’bul Axbor rahmatullohi alayh haqida to‘xtalib o‘tsak. U ahli kitoblarning buyuk olimlaridan bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu davrida Islomni qabul qilgan. Umar roziyallohu anhu davrida Madinaga ko‘chib o‘tgan. So‘ngra Shomda yashadi va Usmon roziyallohu anhu davrida vafot etgan.  


Ma’lumki, salibchilar Quddusni 100 yil davomida egallab turdi. Nihoyat bu muborak joyni buyuk jangchi va himoyachi Sulton Salohiddin rahimahulloh fath etgan.


Alloh taolo unga Umar roziyallohu anhuning g‘alabasidek g‘alaba berdi. G‘alaba ko‘lami bo‘yicha unga teng keladigani Konstantinopolni zabt etgan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh edi.


Muhammad Fotih (hijriy 832-886 / milodiy 1432-1481) – 1444 va 1451-1481 yillarda Usmonli sultoni. U fath siyosatini faol olib bordi. Usmonli qo‘shinining 26 ta yurishiga rahbarlik qilgan. Konstantinopolni 1453 yil qo‘lga kiritdi va uni Usmonli xalifaligining poytaxtiga aylantirdi.


Vizantiya mavjudligiga nuqta qo‘ydi, keyin Serbiya (1459), Morea (1460), Trebizond imperiyasi (1461), Bosniya (1463), Evbeyani (1471) fath etdi.


Karaman podshohligi (1471), Qrim xonligi va Albaniyani bo‘ysundirdi (1475), Albaniya (1479). Oqqo‘yunli davlati hukmdori Uzun Hasan bilan muvaffaqiyatli urushlar olib borgan.

Manbalar asosida

Bahriddin XUSHBOQOV

tarjimasi.

Ibratli hikoyalar