So'ngi paytlarda, deyarli hur kuni ijtimoiy tarmoqlar, internet sahifalari va tele xabarlarda qotillik, zo'ravonlik va bezorilik kabi nohush holatlar haqida ma'lumot berilayotgani kishni biroz seskantirib yuboradi. Nazarimda, insonlardagi shafqatsizlik o'sib, ba'zan oddiy maishiy janjallar jinoyatlarga ulanib ketyapti. Buning sababi nimada? Bu illatni jilovlasa bo'ladimi? Ayrim ruhshunoslarning fikri o'laroq, barcha shafqatsiz odamlar ruhiy buzilish, ya'ni asab kasalligiga uchragan, deyish – o'rinsiz. Statistika ma'lumotlariga qaraganda, kuch ishlatish yo'li bilan sodir etiluvchi jinoyatlarning atigi 3-4% (foiz)i ruhiy kasal kimsalarga tegishli bo'ladi.
Shafqatsizlikning xuruj qilishi – ko'pincha kichik ko'ngilsizliklarning yig'ilib borishi va oxir-oqibat – portlashi tufayli yuz berarkan. Masalan, katta shahar stress (ruhiy zo'riqish)lari bugungi kunning jiddiy muammolaridan biri sanaladi. Bir qarashda unchalik sezilmas omillar, masalan, tong qorong'usida ishga yo'l olish, jamoat transportidagi tirbandlik, yo'llardagi tiqilinch (probka)lar va shovqin-suron ham bora-bora asablarni rosmana qaqshata boshlaydi. Bu omillarning har birini alohida olganda, “sezmasdan o'tib ketaverish” mumkin, ammo baribir ruhiy zo'riqish kuchayib boraveradi. Tajovuzkorlikka undovchi vositalarning tobora ko'payishi – shafqatsizlik “epidemiya”sini zo'raytiruvchi yana bir omildir. Masalan, “oddiygina” ur-sur, “jangari” (boyevik) kinofil'mlarning “tarbiyaviy” ahamiyati ham chakki emas. Hoh ishoning, xoh ishonmang, moddiy imkoniyatlar ortib, tirikchilik osonlashib borishi ham insonlar o'rtasidagi shafqatsizlikka zamin yaratadi! Har holda, “to'qlikka sho'xlik”, “qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor”, “og'zi qiyshiq bo'lsa ham boyning o'g'li gapiradi” degan gaplar behuda paydo bo'lmagan. Nima ham deysiz, insonning fe'li o'zi shunday, tamom-vassalom! Albatta, bunda jamiyatdagi ma'naviy muhit va tarbiya, tiynat (mentalitet) kabi omillar katta ta'sir ko'rsatadi.
Virtual muloqot shafqatsizlikka zamin yaratishini psixologlar yaqinda isbotlab berishdi. Hullas, “odnoklassniki”, “feysbuk”, “tvitter”, “instagram”, “telegram” kabi zamonaviy vositalar bilan “tillashish”da haddan oshish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Nuqul virtual tarmoq orqali muloqot qiluvchi sho'rpeshona, bora-bora qarshisidagi “tirik odam”ning gaplari va kayfiyatini tushunishga qiynala boshlaydi. Suhbatdoshining xatti-harakatlariga to'g'ri munosabatda bo'lolmaydi. Qulog'iga “quloqchin” (naushnik) taqib olgan yoshlar haqida-ku, gapirmasa ham bo'ladi. Ular o'z-o'zlarini ruhiy xastaliklar sari “dadil” boshlab borayotganliklarini o'zlari tushunmasa, boshqalarning tushuntirishi juda mushkul...
Shafqatsizlikka qarshi qanday kurashsa bo'ladi? Psixologlarning fikriga qaraganda, buning ikki yo'li bor: o'z-o'zini nazorat qilish hamda hazil-mutoyiba tuyg'usi. “Afsuski, boshqa yo'lini ko'rmayapmiz”, deyishmoqda ular.
Bizningcha, o'sha “ruhshunos”larning avvalo o'zlari “o'z-o'zini nazorat qilish va hazil-mutoyiba tuyg'usi”ga muhtoj. Axir, iymon-e'tiqod, Alloh taolodan qo'rqish, oxiratdagi hisob-kitobning haqligiga bo'lgan ishonch qani?! Bularsiz odamni – Inson deyish mumkinmi?
“Bugun inson o'zini har qachongidan yolg'iz va nochor sezmoqda. Bozor iqtisodiyoti ijtimoiy faollik uchun yo'l ochib berdi, ilmiy-texnik kashfiyotlar imkoniyatlarni kengaytirmoqda, dunyoning istagan burchagiga sayohat qilish va olam rang-barangligidan bahramand bo'lish mumkin. Haqiqatan ham inson qudratli mavjudot ekanini endi to'la his qilmoqda. Lekin u ruhan yolg'iz; uning yonida dilini anglaydigan zot yo'q. Umrning qisqaligi, muqaddas narsaning yo'qligi, hayotning beshafqatligi, nafs va fahshga o'chlik, aql va ruh ustidan amalga oshirilayotgan zo'ravonliklar insonni nochor zotga aylantirmoqda. Ayol va erkak bir-birini to'ldirayotgandek, bir-birining umrini sermag'iz qilayotgandek, ammo ular yuqoridagi illatlarning qurboni bo'lib qolmoqdalar. Ushbu illatlar mohiyatiga yashiringan manfur kuch ayol va erkak, inson hayoti ustidan hukmrondir” deydi olimlardan biri.
Shu o'rinda imom Abu Homid al-G'azzoliyning bir fikrlari yodimga tushdi: “Qabrda yotganlar pushaymon qilayotgan ishlar ustida tiriklar bir-biri bilan qirpichoq bo'lmoqdalar” degan fikrlari barchamiz uchun eslatma bo'lishi lozim.
Imom Termiziy Amr ibn Osning o'g'illaridan qilgan rivoyatda Nabiy alayhissalom:
“Rahmlilarga Alloh taolo rahm qiladi. Yerdagilarga rahm qiling. Sizga osmondagi Zot rahm qiladi”, deganlar.
Buyuk imomlar – Buxoriy, Muslim va Termiziylar Jariyr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:
“Odamlarga rahm qilmaydigan odamga Alloh taolo rahm qilmaydi”, deganlar.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Rahmdillik faqat badbaxtning qalbidangina sug'urib olinadi”, deganlar.
Demak, rahmdillik saodatmandlik alomati bo'lsa, rahmsizlik badbaxtlik alomatidir. Islom insonlarga rahm-shafqat ko'rsatish hududidan chiqib, butun mavjudotga rahm qilish shiorini olg'a suradi. Musulmon inson borliqdagi barcha narsalarga rahmli bo'lishi zarurligini ta'kidlaydi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kichkinamizga rahm qilmagan, kattamizni ulug'lamagan, amri ma'ruf va nahyi munkar qilmagan bizdan emas”, dedilar”.
No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Mo'minlarning o'zaro do'stliklari, rahm qilishlari va mehr ko'rsatishlari xuddi bir jasadga o'xshaydi. Undagi bir a'zo xasta bo'lsa, jasadning qolgani unga qo'shilib bedor bo'ladi va isitmalaydi”, dedilar”.
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
“Alloh rahmatni yuz qismga bo'ldi. To'qson to'qqiz qismini o'z huzurida tutib qoldi. Yerga bir qismini nozil qildi. Maxluqotlar o'sha qismdan bir-birlariga rahm qiladilar. Hattoki ot bolasiga zarar etkazishdan qo'rqib tuyog'ini undan ko'taradi”, deyayotganlarini eshitdim”.
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Saidabror Umarov
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz