Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Islom ezgulik dini

06.10.2021   1273   4 min.
Islom ezgulik dini

Barchamizga ma'lumki, Islom dini tinchlik va omonlik dini bo'lib, u doimo insonlarni ahillik birdamlik va totuv yashashga, nafaqat insoniyat balki, noxaq biror jonzotga, atrof muhitga zarar etkazmaslikka chaqiradi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida shunday marhamat qiladilar:“Qo'li va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir”. Bizning diyorimizga ham islom dini kirib kelgandan buyon ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz mujtahid ulamolarimiz tomonidan Qur'oni karim, hadisi nabaviyaga asoslangan mo''tadil hanafiy mazhabi ta'limotiga muvofiq e'tiqod bilan, mazkur mazhab asosida ibodatlarini ado qilib kelganlar.

Ma'lumki, tarixda nafaqat islom dini taraqqiyoti yo'lida, balki, dunyoviy ilm-fan rivoji yo'lida mutafakkir yurtdoshlarimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg'oniy, Beruniy, Ibn Sino kabi yuzlab allomalar munosib xizmat qilganlar.

Mamlakatimiz mustaqillikdek ulug' ne'matga erishgandan so'ng jafokash xalqimiz o'z milliy va diniy qadriyatlariga ega bo'ldi. Hususan, boshqa din vakillari qatorida musulmonlar uchun ham minglab masjidlar ochildi. Diniy ta'lim maskanlari faoliyat yurita boshladi. Ota bobolarimiz orzu qilib eta olmagan haj va umra safarlariga keng yo'l ochildi. Din erkinligi, vijdon erkinligi qonun bilan mustahkamlab qo'yildi. Shu boisdan mamlakatimizda amalda bo'lgan vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi qonunda ham halqimiz ruhiga mos keladigan iymon e'tiqod mehr-oqibat, or-nomus iffat va hayo kabi ezgu fazilatlar o'z aksini topgan. O'zbekiston xududida yashovchi barcha xalqlarni urf-odatlari milliy an'analari hurmat qilinishi kafolatlangan. Yoshlarimiz tarbiyasida, xalqimizning ma'naviyatini yuksaltirishda imom-xatiblarimiz faol qatnashib kelishmoqda.

O'zga yurtlarda musulmonlar orasida turli xil ixtiloflar kelishmovchiliklar nizolar paydo bo'la boshladi. O'zlarini “vahhobiylar” deb nomlagan kimsalar yoshlarimizni Vatanga, xalqqa qarshi qilib tayyorladilar. Bu oqim ta'siriga tushgan ayrim kimsalar diniy ilmlarga ulkan hissa qo'shgan ajdodlarimiz tutgan yo'llarini qoralab, hattoki, o'tgan ulamolarimiz, avliyolarimiz qo'yinki, mazhabga amal qiluvchi musulmonlarni iymonsiz kofir va mushriklikda hayot kechirgan deya ularga qarshi chiqdilar.

Pokiza ajdodlarimizga otilgan bo'xton toshlari diyorimizdagi vahhobiylarning o'zlarini xor qildi. Hozirda ular yurtdan quvg'in holatda bevatan tog'u toshlarda hayot kechirmoqda. Bularning beodobligi, kattalarga hurmatsizligi oxiratda ham xor qiladi.

Mustaqillik tufayli erishilgan din va qadriyatlar erkinligiga noshukurlik qilgan johil kimsalar turli  ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib dinimizga, osoyishta hayotimizga zararli ixtiloflarni keltirib chiqarishdi. Tinchligimizni buzib qator xunrezliklarni amalga oshirdilar. Biz o'zligimizni, ajdodlarimiz kim ekanligini bilib, o'rganib o'z davrlarida butun Islom olamiga dars bergan allomalarimiz, ustozlarimiz izidan borib ahli sunnat val-jamoa e'tiqodida mahkam tursak, doimo ogoh bo'lsak, yoshlarimizni vahhobiy, hizbut-tahrir, akromiylar va shunga o'xshash buzg'unchi guruhlar ta'siridan saqlay olamiz. Payg'ambar alayhissalom: “Din nasihatdir” deb marhamat qilganlar. Nasihat deb birovni ezgulikka boshlash, mehr oqibatga targ'ib qilish, birdamlikka chaqirishga aytiladi. Aqidaparastlarning tafriqaga, shafqatsizlikka chaqirishlarini nasihat deb bo'lmaydi. Shunday ekan o'z diyorimizdan chiqqan ulamolar, fuzalolar bizlarga meros qilib qoldirgan kitoblar, bizni to'g'ri yo'lda yurishimizda kifoya qiladi. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek: “Din odamzodni hech qachon yomon yo'lga boshlamaydi. Din bu dunyoni o'tkinchi ekanini, oxiratni eslatib turadi. Odam bolasini hushyor bo'lishga, harom yo'llardan uzoq yurishga, yaxshi bo'lishga, yaxshi iz qoldirishga undab turadi”.

Alloh hech birimizni o'zi ko'rsatgan to'g'ri yo'ldan adashtirmasin. Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin!

Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   11376   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA