Barchamizga ma'lumki, Islom dini tinchlik va omonlik dini bo'lib, u doimo insonlarni ahillik birdamlik va totuv yashashga, nafaqat insoniyat balki, noxaq biror jonzotga, atrof muhitga zarar etkazmaslikka chaqiradi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida shunday marhamat qiladilar:“Qo'li va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir”. Bizning diyorimizga ham islom dini kirib kelgandan buyon ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz mujtahid ulamolarimiz tomonidan Qur'oni karim, hadisi nabaviyaga asoslangan mo''tadil hanafiy mazhabi ta'limotiga muvofiq e'tiqod bilan, mazkur mazhab asosida ibodatlarini ado qilib kelganlar.
Ma'lumki, tarixda nafaqat islom dini taraqqiyoti yo'lida, balki, dunyoviy ilm-fan rivoji yo'lida mutafakkir yurtdoshlarimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg'oniy, Beruniy, Ibn Sino kabi yuzlab allomalar munosib xizmat qilganlar.
Mamlakatimiz mustaqillikdek ulug' ne'matga erishgandan so'ng jafokash xalqimiz o'z milliy va diniy qadriyatlariga ega bo'ldi. Hususan, boshqa din vakillari qatorida musulmonlar uchun ham minglab masjidlar ochildi. Diniy ta'lim maskanlari faoliyat yurita boshladi. Ota bobolarimiz orzu qilib eta olmagan haj va umra safarlariga keng yo'l ochildi. Din erkinligi, vijdon erkinligi qonun bilan mustahkamlab qo'yildi. Shu boisdan mamlakatimizda amalda bo'lgan vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi qonunda ham halqimiz ruhiga mos keladigan iymon e'tiqod mehr-oqibat, or-nomus iffat va hayo kabi ezgu fazilatlar o'z aksini topgan. O'zbekiston xududida yashovchi barcha xalqlarni urf-odatlari milliy an'analari hurmat qilinishi kafolatlangan. Yoshlarimiz tarbiyasida, xalqimizning ma'naviyatini yuksaltirishda imom-xatiblarimiz faol qatnashib kelishmoqda.
O'zga yurtlarda musulmonlar orasida turli xil ixtiloflar kelishmovchiliklar nizolar paydo bo'la boshladi. O'zlarini “vahhobiylar” deb nomlagan kimsalar yoshlarimizni Vatanga, xalqqa qarshi qilib tayyorladilar. Bu oqim ta'siriga tushgan ayrim kimsalar diniy ilmlarga ulkan hissa qo'shgan ajdodlarimiz tutgan yo'llarini qoralab, hattoki, o'tgan ulamolarimiz, avliyolarimiz qo'yinki, mazhabga amal qiluvchi musulmonlarni iymonsiz kofir va mushriklikda hayot kechirgan deya ularga qarshi chiqdilar.
Pokiza ajdodlarimizga otilgan bo'xton toshlari diyorimizdagi vahhobiylarning o'zlarini xor qildi. Hozirda ular yurtdan quvg'in holatda bevatan tog'u toshlarda hayot kechirmoqda. Bularning beodobligi, kattalarga hurmatsizligi oxiratda ham xor qiladi.
Mustaqillik tufayli erishilgan din va qadriyatlar erkinligiga noshukurlik qilgan johil kimsalar turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib dinimizga, osoyishta hayotimizga zararli ixtiloflarni keltirib chiqarishdi. Tinchligimizni buzib qator xunrezliklarni amalga oshirdilar. Biz o'zligimizni, ajdodlarimiz kim ekanligini bilib, o'rganib o'z davrlarida butun Islom olamiga dars bergan allomalarimiz, ustozlarimiz izidan borib ahli sunnat val-jamoa e'tiqodida mahkam tursak, doimo ogoh bo'lsak, yoshlarimizni vahhobiy, hizbut-tahrir, akromiylar va shunga o'xshash buzg'unchi guruhlar ta'siridan saqlay olamiz. Payg'ambar alayhissalom: “Din nasihatdir” deb marhamat qilganlar. Nasihat deb birovni ezgulikka boshlash, mehr oqibatga targ'ib qilish, birdamlikka chaqirishga aytiladi. Aqidaparastlarning tafriqaga, shafqatsizlikka chaqirishlarini nasihat deb bo'lmaydi. Shunday ekan o'z diyorimizdan chiqqan ulamolar, fuzalolar bizlarga meros qilib qoldirgan kitoblar, bizni to'g'ri yo'lda yurishimizda kifoya qiladi. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek: “Din odamzodni hech qachon yomon yo'lga boshlamaydi. Din bu dunyoni o'tkinchi ekanini, oxiratni eslatib turadi. Odam bolasini hushyor bo'lishga, harom yo'llardan uzoq yurishga, yaxshi bo'lishga, yaxshi iz qoldirishga undab turadi”.
Alloh hech birimizni o'zi ko'rsatgan to'g'ri yo'ldan adashtirmasin. Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin!
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Bugun, 2 sentyabr kuni Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, oldinda turgan ustuvor vazifalarni belgilash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan kengaytirilgan mudarrislar kengashi bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tinchlik-osoyishtalik, ilm dargohi faoliyati rivoji hamda talabalarning ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga muvaffaqiyat va baraka tilab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzillo domla Ahmedov hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asadulloh domla Najmiddinovlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan ma’ruza qildilar.
Kengash davomida yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan tashkiliy va o‘quv-uslubiy ishlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan:
Ta’lim sifatini oshirish: Dars mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy saviyada, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar asosida tashkil etish;
Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya: Talaba-yoshlarni asriy milliy va diniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, ularda kitobxonlik va ilmga bo‘lgan rag‘batni yanada kuchaytirish;
Ijro intizomi va mas’uliyat: Ustoz-mudarrislarning yillik rejalari, yangi o‘quv dasturlari talablari va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash.
Yig‘ilish yakunida yangi o‘quv yilida mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilish lozimligi qayd etilib, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli va sharafli faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati