Dinni o'rganmoqchi bo'lgan odam olimlarni tanlashda ekstremizm yoki boshqa oqimlar to'riga tushib qolmasligi uchun alohida jiddiylik bilan yondashishi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Albatta, ushbu ilm dindir. Bas, har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin» (Hokim va Ibn Adiy rivoyat qilganlar).
Ho'sh, shunday ekan, siz haqiqiy olimni qanday tanib olasiz?
Belgilari
Haqiqiy olim har doim ma'naviy qadriyatlarni moddiy narsalardan, abadiy hayotni esa oddiy narsalardan afzal ko'radi. U dinni o'ziga moslab olmaydi, dinni faqat o'zini manfaati yo'lida ishlatmaydi va gunohlarini oqlab, din ortiga yashirinmaydi.
Nafaqat olimning bilimiga, balki uning axloqi va odobiga ham e'tibor qaratish kerak, ya'ni amali diniy va'zlariga mos kelishi kerak. Hulq-atvori yaxshimi, demak olimning ilmiga amal qilayotgani ham muhim hisoblanadi.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
«Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?» (Bakara, 44).
Shunday qilib, haqiqiy olim – amali so'zlariga mos keladigan, boshqalarga qanday hukm, fatvo chiqarsa, o'ziga ham xuddi shunday adolatli hukmni ravo ko'ra olishi kerak.
Ka'b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ilmni ulamolar bilan mojaro qilish uchun, esipastlarga g'olib kelish uchun yoki u bilan odamlarni o'ziga qaratish uchun o'rgansa, Alloh uni do'zaxga kiritadi», dedilar» (Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Ehtiyotkorlik
Haqiqiy olim ovqat eyishda va kiyim kiyishda kamtar bo'ladi. Iloji boricha, u hatto Alloh ruxsat bergan narsalardan ham o'zini tiyadi va shu bilan taqiqlanganlardan ham uzoqroq yuradi. Uning uchun dunyoviy ne'matlar kun kechirish, odatiy hayotini yurgizish vositasidir, hayotining mazmuni emas.
Amal va obro'ga intilish
Olim inson boy va nufuzli odamlar bilan yaqin munosabatda bo'lishga intilmaydi. Olim moddiy foyda olish uchun boy va obro'li odamlarga intilishi orqali ularning salbiy harakatlari va xatolarini oqlab beradigan hukmlarni chiqarishi ehtimoli bor.
Bu degani, olimlar amaldorlarni yomon ko'rishi yoki ulardan uzoq bo'lishi kerak degani emas, lekin eng yaxshi olim o'zini amal va shuhrat vasvasasidan himoya qilishga harakat qilgan odamdir.
E'tibor bering, olimlar fatvo berishda shoshma-shoshar qaror qabul qilmaydi va da'vogarlarning gaplariga ehtiyotkorlik bilan yondashadi, chunki ular odamlar so'ragan masalani to'la bilish imkoniyati cheklanganligi sababli adolatsizlik qilishdan qo'rqishadi.
Abu Hafs Nishopuriy aytgan: “Haqiqiy olim – diniy masalalarda hukm chiqarib, qiyomat kuni o'z fatvolari uchun javob berishdan qo'rqqan va xavotir olgan kishi”.
Nafs tarbiyasi
Haqiqiy olim yuqoridagi gaplar bilan cheklanib qolmaydi, har doim o'zini o'nglash, nafsini tergash bilan band bo'ladi. U o'zini nurli qilmasa, boshqalarga yorug'lik bera olmaydi.
Iymonni ziyoda qilish
Olim iymonni ziyoda qilish uchun uchta narsaga amal qilishi kerak:
– tavakkul, ya'ni Allohga tavakkul;
– rizo, o'z taqdiriga va Alloh bergan barcha ishlarga;
– taslim, Allohning irodasiga bo'ysunish.
Kamtarlik
Agar odamning bilimi g'azab, takabburlik, balandparvozlik va behudalik bilan qorishgan bo'lsa, demak ilm Allohning roziligiga emas, balki dunyo manfaatlariga erishishga qaratilgan bo'ladi. Allohga xizmat qilgan va Uning roziligiga erishish uchun ilm olgan kishi xotirjamlik, kamtarlik va do'stlik sifatlari bilan ajralib turadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ilmni o'rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o'rganinglar. O'zingiz ta'lim olayotgan zotga tavozuli bo'linglar» (Tabaroniy rivoyat qilgan). Qo'pol va tiyiqsiz olimlardan biriga aylanmang, chunki ilm bilan johillik bitta joyda jam bo'lmaydi.
Ishonchli ilm
Haqiqiy olim o'z dinini chuqur tushungan holda o'rganadi, ilmning turli sohalarini qamrab olishga intiladi va faqat ishonchli manbalarga asoslanadi, suyanadi. Agar olim faqat diniy bilimlar bilan chegaralanib qolmasa, yanada yaxshi bo'ladi, chunki ba'zi masalalar bo'yicha fatvo, qaror qabul qilishda nafaqat diniy bilim, balki hayotning boshqa sohalaridan ham ma'lumot kerak bo'ladi.
TII Hadis va islom tarixi fanlari
kafedrasi katta o'qituvchisi Po'latxon Kattayev
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati