Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Haqiqiy din olimini qanday tanib olamiz!?

27.09.2021   1692   5 min.
Haqiqiy din olimini qanday tanib olamiz!?

Dinni o'rganmoqchi bo'lgan odam olimlarni tanlashda ekstremizm yoki boshqa oqimlar to'riga tushib qolmasligi uchun alohida jiddiylik bilan yondashishi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Albatta, ushbu ilm dindir. Bas, har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin» (Hokim va Ibn Adiy rivoyat qilganlar).

Ho'sh, shunday ekan, siz haqiqiy olimni qanday tanib olasiz?

Belgilari

Haqiqiy olim har doim ma'naviy qadriyatlarni moddiy narsalardan, abadiy hayotni esa oddiy narsalardan afzal ko'radi. U dinni o'ziga moslab olmaydi, dinni faqat o'zini manfaati yo'lida ishlatmaydi va gunohlarini oqlab, din ortiga yashirinmaydi.

Nafaqat olimning bilimiga, balki uning axloqi va odobiga ham e'tibor qaratish kerak, ya'ni amali diniy va'zlariga mos kelishi kerak. Hulq-atvori yaxshimi, demak olimning ilmiga amal qilayotgani ham muhim hisoblanadi.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

«Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?»  (Bakara, 44).

Shunday qilib, haqiqiy olim – amali so'zlariga mos keladigan, boshqalarga qanday hukm, fatvo chiqarsa, o'ziga ham xuddi shunday adolatli hukmni ravo ko'ra olishi kerak.

Ka'b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ilmni ulamolar bilan mojaro qilish uchun, esipastlarga g'olib kelish uchun yoki u bilan odamlarni o'ziga qaratish uchun o'rgansa, Alloh uni do'zaxga kiritadi», dedilar» (Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar).

Ehtiyotkorlik

Haqiqiy olim ovqat eyishda va kiyim kiyishda kamtar bo'ladi. Iloji boricha, u hatto Alloh ruxsat bergan narsalardan ham o'zini tiyadi va shu bilan taqiqlanganlardan ham uzoqroq yuradi. Uning uchun dunyoviy ne'matlar kun kechirish, odatiy hayotini yurgizish vositasidir, hayotining mazmuni emas.

Amal va obro'ga intilish

Olim inson boy va nufuzli odamlar bilan yaqin munosabatda bo'lishga intilmaydi. Olim moddiy foyda olish uchun boy va obro'li odamlarga intilishi orqali ularning salbiy harakatlari va xatolarini oqlab beradigan hukmlarni chiqarishi ehtimoli bor.

Bu degani, olimlar amaldorlarni yomon ko'rishi yoki ulardan uzoq bo'lishi kerak degani emas, lekin eng yaxshi olim o'zini amal va shuhrat vasvasasidan himoya qilishga harakat qilgan odamdir.

E'tibor bering, olimlar fatvo berishda shoshma-shoshar qaror qabul qilmaydi va da'vogarlarning gaplariga ehtiyotkorlik bilan yondashadi, chunki ular odamlar so'ragan masalani to'la bilish imkoniyati cheklanganligi sababli adolatsizlik qilishdan qo'rqishadi.

Abu Hafs Nishopuriy aytgan: “Haqiqiy olim – diniy masalalarda hukm chiqarib, qiyomat kuni o'z fatvolari uchun javob berishdan qo'rqqan va xavotir olgan kishi”.

Nafs tarbiyasi

Haqiqiy olim yuqoridagi gaplar bilan cheklanib qolmaydi, har doim o'zini o'nglash, nafsini tergash bilan band bo'ladi. U o'zini nurli qilmasa, boshqalarga yorug'lik bera olmaydi.

Iymonni ziyoda qilish

Olim iymonni ziyoda qilish uchun uchta narsaga amal qilishi kerak:

 – tavakkul, ya'ni Allohga tavakkul;

– rizo, o'z taqdiriga va Alloh bergan barcha ishlarga;

– taslim, Allohning irodasiga bo'ysunish.

Kamtarlik

Agar odamning bilimi g'azab, takabburlik, balandparvozlik va behudalik bilan qorishgan bo'lsa, demak ilm Allohning roziligiga emas, balki dunyo manfaatlariga erishishga qaratilgan bo'ladi. Allohga xizmat qilgan va Uning roziligiga erishish uchun ilm olgan kishi xotirjamlik, kamtarlik va do'stlik sifatlari bilan ajralib turadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ilmni o'rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o'rganinglar. O'zingiz ta'lim olayotgan zotga tavozuli bo'linglar» (Tabaroniy rivoyat qilgan). Qo'pol va tiyiqsiz olimlardan biriga aylanmang, chunki ilm bilan johillik bitta joyda jam bo'lmaydi.

Ishonchli ilm

Haqiqiy olim o'z dinini chuqur tushungan holda o'rganadi, ilmning turli sohalarini qamrab olishga intiladi va faqat ishonchli manbalarga asoslanadi, suyanadi. Agar olim faqat diniy bilimlar bilan chegaralanib qolmasa, yanada yaxshi bo'ladi, chunki ba'zi masalalar bo'yicha fatvo, qaror qabul qilishda nafaqat diniy bilim, balki hayotning boshqa sohalaridan ham ma'lumot kerak bo'ladi.

TII Hadis va islom tarixi fanlari

kafedrasi katta o'qituvchisi Po'latxon Kattayev

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   17030   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari