Otam uyga pul yig'adigan quti qo'yib uni “Qurbonlik qutisi” deb nomladilar. Keyin har birimizni bu qutiga pul yig'ishda o'z hissamizni qo'shishga targ'ib qildilar. Biz ham oiladagi va shaxsiy harajatlarimizdan orttirib har oylik olganimizda qo'limizdan kelganicha qutiga pul yig'ishda o'z hissamizni qo'shib turdik.
Qurbonlik kuni yaqinlashib qolgach, otam boshchiliklarida barcha oila a'zolarimiz bilan birgalikda qutini ochdik. Qarasak, o'zimiz bilmagan holda talaygina mablag' to'planibdi. Yig'ilgan pulga qurbonlik uchun qo'zi sotib oldik. Bu qurbonlikning o'zgacha ta'mi bor edi. To'g'ri, qurbonlik qo'zimiz shar'iy jihatdan har birimizning nomimizdan o'tmasa ham, lekin, biz har birimiz Alloh uchun qurbonlikka o'z molimizdan bir qismini bag'ishlashni o'rgandik.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati