Bugun tez-tez qulog'imizga chalinayotgan, tasavvurimizda kezayotgan bir so'z u ham bo'lsa, hozirgi zamon “axborot asri” deb takror-takror eshitilmoqda. “Axborot asri” deb atalayotgan hozirgi zamonda ma'lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internet deb e'tirof etilmoqda. Ma'lumot tarqatish, biznes va reklama uchun katta maydonga aylangan global tarmoqlar shunday rivojlandiki, uning nihoyasi yo'q. Lekin, yaxshi narsani ikkinchi tomoni salbiy bo'lgani sabab, axborot asrining tuzatish mumkin bo'lmagan tahlikalari borligi kishini tashvishga solmay iloji yo'q.
Atrofga nazar solsangiz, maktab o'quvchilarining qo'lida ham uyali telefon bor, ularning aksariyati internetga ulangan. Bu mittigina qutichadek matoh yordamida dunyoni kaftda ko'rgandek kuzatish mumkin. U cheklanmagan, istagan odam esa internetga kira oladi.
Internetdan maqsadli foydalanish xususan, yoshlar bilim salohiyatini oshirishda uning aql-zakovatni oshirish borasidagi dasturlarga murojaat qilishlari mukin.
Lekin, deyilgan istisnoli so'z barchamizni o'yga toldirishi ham tabiiy.O'smiryoshlar ongiga ta'sir qilib, ular qalbiga o'z buzg'unchi g'oyalarini singdirishni, ularnito'g'ri yo'ldanozdirishni, behayo fil'mlar tomosha qilishga targ'ib qilishni maqsad qilgan noqobil harakatlar mavjud.
Odatda yoshlarni kompyuter va telefonga qiziqishi shu darajada oshib bordiki, ajratilgan vaqt chegarasiga rioya qilmasdan, undan to'xtashni talab qilinsa faqat janjal, yig'i-sig'i bilan yakun topa boshlaydigan bo'lib qoldi.
Eng achinarlisi, bunga ota-onalar o'zimiz sababchi bo'lib qoldik. Ota-ona ishdan kelgandan so'ng dasturxon atrofida farzand tarbiyasi bilan shug'ullanishning o'rniga ota bir tomonda, ona bir tomonda telefonini titkilab o'tiradigan holatga kelib qoldik. Buni ko'rgan farzand ham internetdagi o'tkinchi ishlarga qiziqishi ortib bormoqda.
Internet va kompyuter o'yinlari asiriga aylanish kasalligiga chalingan o'smirlar hayotdan, ma'naviy qadriyatlardan tamom uzulib, butunlay o'yinlarga berilishi yoki ball yig'ishga, qimorga va yutuq-sovg'a olish kabi qadrsiz ishlarga mukkasidan ketishlarini aytib o'tmasdan ilojimiz yo'q.
Miyasida o'yinlardan tinimsiz zavqlanish hissini tuyayotgan bola uchun bunday “sevimli” mashg'ulotidan boshqa hamma narsa asta-sekin ahamiyatsiz bo'lib qolishi tabiiy. Sir emaski, kattalarga qaraganda bolalarda biror narsaga bog'lanib qolish kuchli, ularning sog'ligiga etadigan zarar ham bir necha barobar ziyoda ekanligiga dalil talab etmaydigan haqiqatdir.
Ular oddiygina uy vazifasi va uning yumushlarida ham hatto xonasini tozalash, kiyimini shkafga ilish kabi o'zigagina tegishli bo'lgan ishlarni bajarishdan ham bo'yin tovlamoqda.
Ovqatlanayotgan paytda ham intrnetdan uzila olmasdan, uning bilan birga bo'lib ovqatlanish achinarli holdir.
Dars jarayoni ham tubdan o'zgarib ketishi, ustozlarning tartibga chaqirishi, nasihat va maslahatlari ham mutlaqo ta'sir qilmasligi hayotiy muammolarga olib ketayotgani sir emas.
Ota-onalar, yaqinlari, sinfdosh o'rtoqlari bilan bo'ladigan muloqotlar esa go'yoki zerikarli tuyulayotganini aytmasdan ilojimiz yo'q.
Bundan boshqa oqibatlarni keltirib chiqarayotgan yolg'on axborotlarning oqibatlarini gapirsangiz tanangiz zirxlaydi.
Darhaqiqat, dono xalqimiz keltirgan naqllardan tanalarga shifo, davo bo'lgan asalni ham noto'g'ri iste'mol qilinsa tana uchun zarar keltirishi ayni haqiqat.
Bu holat oddiy kompyuter o'yinlaridan tortib, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida ham ochiq ko'zga tashlanmoqda. Yuzaki qaraganda, arzimasdek tuyuladigan bu harakatlar vaqt o'tgan sari jiddiylashib, qat'iy tusga aylanishi o'ta ayanchli natijalarni keltirib chiqarmoqda.
Shu o'rinda foydali xulosalar qiladigan bo'lsak, yurtimizda yoshlarimizning barkamolligi uchun barcha imkoniyatlareshigi keng ochilgan. Jumladan, axborot texnologiyalari, xususan, internet sohasida ham. Shunday ekan, yoshlarimizning internetdan oqilona va to'g'ri foydalana olishiga targ'ib qilsak. Yoshlar vaqtini bema'ni narsalarga zoye qilmasdan, faqatilm bilan shug'ullanadi va kasbiy ko'nikmalarga ega bo'lishiga harakat qilsak.Zero, yoshlarimizda yovuz xurujlarga qarshi kuch-immunitet shakllansa, ularga hech qanday tahdid o'zining zararli ta'sirini o'tkaza olmaydi. Yoshlar kelajagimiz, ularni g'oyaviyofatlardan asrash burchimizdir!
Agar biz ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, dinimiz sofligi yo'lida zaxmat cheksak, kelajak avlod ham bizdan o'rnak olardi.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati