Bizning Movarounnahr musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) rahmatullohi alayh mazhabi ko'rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O'tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar yozib qoldirganlar. Halqimiz ham shu mazhab asosida diniy ibodatlarni va milliy qadryatlarni amalga oshirib kelgan.
Ammo aqidaparast oqim tarafdorlari diyorimiz musulmonlarining hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o'zlari turli manbalardan o'qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta'limotlariga zid fikrlarni ommaga tarqatib, mo'min-musulmonlar orasida ikkilanishlarni keltirib chiqarishmoqda. Hatto, bu borada boshqalar bilan bahs-munozaralarga ham kirishadilar. Alloh taolo bunday deydi: “(Ey inson!) O'zing (aniq) bilmagan narsalarga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dil – bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur)”, (Isro surasi, 36-oyat).
Mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni, afsuski, suiste'mol qilgan ba'zi yot toifa va ixtilofchi firqalar kishilar o'rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo'ldilar. Buni birinchi bo'lib, o'zini “sof islom ta'limoti himoyachisi” sifatida ta'riflagan oqimlar boshlab berdi. Bu oqimlar o'zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko'rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular hayot mohiyatini hali anglab etmagan, g'o'r yoshlarni o'z ta'siriga torta boshladilar. Chunki umri davomida ma'lum mazhabda ibodat qilib kelgan, ko'p yillik hayot tajribasiga ega bo'lgan keksalarni yo'ldan ozdirish ular uchun mahol edi. Bu oqim dinga e'tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishni shart qilmaydi. Qur'on va hadisdan har kim o'zi mustaqil fatvo olib e'tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da'voni ilgari surdi. Shuningdek, asosiy hujumni masjid imomlarini tanqid va ayblab, soddadil va g'o'r musulmonlarni o'z ortlaridan oson ergashtirdi. Lekin ular o'zlari qilayotgan da'volariga zid ravishda, ”rahnamo”larining fikri va fatvosiga qarab ish tutardilar. Birinchi ixtilof namoz ibodatini ado qilish borasida yuzaga keldi.
Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabida qabul qilinmagan: namozda “Fotiha” surasidan so'ng “omin”ni baland ovoz bilan aytish, “raf'ul-yadayn”, ya'ni rukudan oldin va keyin ikki qo'lini ko'tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar. Natijada mahalliy musulmonlar orasida tamoyillar jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog'lom e'tiqodli mo'min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o'z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar. Ammo ba'zi “ahli ilm”larning masjidda har kim xohlaganicha namoz o'qishi mumkin, keksalarning yoshlar bilan ishi bo'lmasin, asosiysi, qanaqa yo'l bilan bo'lsa ham namoz o'qiyapti-ku, deya ixtiloflarga loqayd munosabatda bo'lishlari oqim tarafdorlari tegirmoniga suv quydi. Ular yangi-yangi ziddiyatlarni avj oldiraverdilar, namozda oyoqni kerib turish, sunnat namozini o'qimaslik, farz namozidan keyin boshqalar sunnatni o'qiyotgan paytlarida o'tirib olib, tasbeh aytish va hokazo yangiliklarni birin-ketin kiritaverdilar.
Musulmonlar “Ahli Sunna val-Jamoa” sifatida biror-bir mazhabga ergashishlari lozim. Ammo ixtilof yuqorida zikr qilingan “ahli ilm”lar o'ylaganidek, faqat namoz masalasida bo'lib qolmadi, balki u mafkuraviy ziddiyatga aylanib ketdi. Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabiga zid tarzda, o'zgalarni kofirga chiqarish, Allohga shirk keltirishda asossiz ayblash kabi buzuq aqidalarni tarqata boshladilar.
Ho'sh, oqim a'zolarining bundan maqsadlari nima edi? Nima uchun kofirlikda ayblash ular uchun kerak bo'lib qoldi? Shu o'rinda dunyodagi qo'poruvchi oqimlar uchun xos bo'lgan va bir-biriga bog'liq ikki illat to'g'risida to'xtalish o'rinli:
Bunday illatlar barcha buzg'unchi oqimlarda uchraydi. Zero, buzg'unchilar o'z tarafdorlarini g'oyaviy jihatdan boshqalardan ajratib olish maqsadida o'ziga ergashmaganlarni kofir deb ayblaydilar. Vaholanki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida odamlarni “kofir” deb haqoratlashdan qaytarib shunday deganlar: “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir! desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar, (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). (ya'ni, agar kofirlikda ayblovga haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi, basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi).
Buzg'unchi oqimlar insonlar orasida fitna qo'zg'ash, parokandalikni yuzaga keltirish hamda shu orqali o'zlarining g'arazli maqsadlariga erishish uchun turli xil uslub va vositalardan foydalanmoqda. Shulardan biri, ma'lum bir davlatni “kufr diyori” deb atab, u erdan “hijrat” qilish lozim, shuningdek, bunday “kufr diyorlari”ga qarshi urush olib borish kerak, degan g'oyadir.
Buzg'unchi oqimlarning maqsadlari o'z yurtida tinch va osuda yashab turgan dili pok odamlarning ko'ngliga g'ulg'ula solib, “sizlar noto'g'ri yo'ldasizlar” deb, ularni o'z yurtidan ketib, jangarilarga qo'shilishlari uchun o'ylab topilgan yolg'on yo'l sanaladi. Chunki terrorist oqimlar o'z armiyasini askarlar bilan to'ldirish uchun yoshlar kerak, ular insoniy zahiralarini to'ldirishlari darkor. Binobarin, mazkur buzg'unchi tashkilot a'zolari hijratni o'z qora maqsadlariga mos ravishda talqin qilib, masjidlarda jamoat bilan besh mahal namoz ado etilib turgan, musulmonlar Islom arkonlariga emin-erkin amal qilib kelayotgan mamlakatlarni ham “dorul harb” (urush diyori) yoki “dorul kufr” (kufr diyori)ga chiqarmoqdalar.
Alloh taolo turli buzg'unchi tashkilot va firqalardan, adashgan oqim va zalolat yo'llaridan barchamizni hifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O'zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo'lmish yoshlarimizni turli yot g'oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma'rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin.
Aminjon ISMOILOV,
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.
Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.
Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.
Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.
Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.
Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana