Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha'bon oyini qanday o'tkazish kerak?

12.02.2024   7912   2 min.
Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha'bon oyini qanday o'tkazish kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la Rasulillah

Rajab oyi nihoyasiga etib, Sha'bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo'llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha'bon deb nomlangan.

Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko'rish oyi sanaladi. Sha'bon oyi Qur'on ko'p tilovat qilinadigan va ko'p ro'za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko'p ro'za tutardilar.

Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha'bondagidan ko'p ro'za tutmas edilar. Zotan, u zot sha'bonning hammasida ro'za tutar edilar" (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g'aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko'tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha'bonda ro'za tutganingizdek ro'za tutganingizni ko'rmadim", deb so'radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g'ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a'lamiynga ko'tariladi. Mening amalim ko'tarilayotganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ulamolar: "Sha'bon oyida bir yillik amallar Allohga ko'tariladi", deganlar.

O'tgan solihlar bu oyda yanada ko'proq Qur'on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha'bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur'oni karim tilovati bilan band bo'lardilar. Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha'bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.

Shuningdek, o'tgan solihlar bu oyda miskinlarga g'amxo'rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag'allar Ramazon oyini ko'tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha'bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur'oni karimning tilovatini ko'paytirishga juda qattiq e'tibor berardilar".

Bir so'z bilan aytganda, sha'bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha'bon oyingiz muborak bo'lsin!

 Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   16895   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari