Chiroyli hayot kechiray desangiz, yorqin kelajakka erishay desangiz, ba'zi hayotiy haqiqatlarni bilishingiz lozim! Ularni doim xotirangizda saqlashingiz hayotingizni Allohning izni bilan idora qilishingizda yordam beruvchi zaxira kuchini hosil qiladi.
Birinchi haqiqat: Siz eng go'zal hayot kechirishga, boshqalardan farqli bo'lgan insoniy munosabatlarni o'zingiz uchun qaror toptirishga haqli shaxssiz! Alloh sizni yaxshi yashashingiz, baxtli hayot kechirishingiz uchun yaratgan, sizni siylagan, qadringizni ko'targan. Bu Qur'oni karimning “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”(Tiyn surasi, 4-oyat) oyatida namoyon.
Ikkinchi haqiqat: Hato ish sizni yomon odam qilib qo'ymaydi. Muvaffaqiyatsiz harakat sizni nodonga, bilmasvoyga chiqarmaydi. Bilingki, ichingizdagi his-tuyg'ularni, fikrlarni yuzaga chiqarish sizning eng katta huquqlaringizdan biridir!
Uchinchi haqiqat: Hozirgi zamonda barcha marralardan o'zib ketish faqatgina raqobatlashishning o'zi bilan amalga oshmaydi. Raqobatga ko'pchilik erisha oladi. Biroq yuksak cho'qqilarga chiqishdagi eng kuchli omil bu – hayotning barcha jabhalarida ustunlikka erishishdir.
To'rtinchi haqiqat: Qo'lingizda ko'p narsalarni amalga oshirish imkoniyati bor. Haqiqiy nogiron tanasi nogiron kishi emas, balki ichki iste'dodlar va yashirin imkoniyatlarni idrok qilolmaslik haqiqiy nogironlikdir!
Beshinchi haqiqat: Sizning asosiy jangingiz aslo-aslo dushmanlaringiz bilan bo'lmaydi, sizga tuzoq qo'yadiganlar bilan ham bo'lmaydi. Haqiqiy jang – siz va hoyu-havaslaringiz, ba'zi ishlarda bilimsizligingiz o'rtasida bo'ladi. Chunki aynan shu narsalar bir joyda qotib qolishga, yuksalmaslikka asosiy sababdir. Shubhasiz mufaqqiyatga erishishdagi eng muhim me'yor – avvalo o'zingizga hukmron bo'lishingiz va nafzingizni egaridan tutishingizdir. Bilingki, nafsingiz istagan narsani unga beraversangiz, undan qutilish xuddi emizikli bolani ko'krakdan chiqarishdek qiyin bo'lib qoladi.
Oltinchi haqiqat: Hayotingizdagi hech bir narsa besh yil o'tib o'zidan-o'zi o'zgarib qolmaydi. Uning uchun avvalo qabul qilish manbalaringiz o'zgarishi lozim. Bu yana asosan o'qib-o'rganayotganlaringiz, kimlar bilan hamsuhbat bo'layotganingizga qarab ham bo'ladi.
Yettinchi haqiqat: Ishning boshi o'zingizga taqaladi, xayolingizda o'zingizni qanday tasavvur qilishingizga kelib taqaladi. U yo sizni tog'ning cho'qqisiga olib chiqadi, yo bir kichik tepalikka ko'taradi. O'zingizni qiymatli, ko'p ish qilishga qodir deb ko'rsangiz haqiqatan ham shunday bo'ladi. Aksini ko'rsangiz aksi bo'ladi!
Sakkizinchi haqiqat: O'zgarishning ham, o'zgarmaslikning ham badali bor, yo o'zgarish uchun pul to'laysiz, yo o'zgarmaslik uchun pul to'laysiz. Gap shundaki, o'zgarishning natijasi tez hosil bo'ladi, o'zgarmaslikning natijasi esa ancha sekin yuzaga chiqadi! Oqil odam – ertaga rohatlanishi uchun bugun o'zini charchatgan kishidir.
To'qqizinchi haqiqat: Hayot eldek o'tib ketaveradi, ishlar ham kun sayin chigallashib boraveradi. Baxtli odamlar har bir lahzadan zavq oladigan kishilardir. Ular shodlik lahzalarini aslo o'tkazib yubormaydilar. Dam olishga, zavqlanishga vaqt topolmagan odam alal-oqibat vaqtini kasallik bilan o'tkazishi muqarrar!
O'ninchi haqiqat: Oqil odam daryodan o'tish uchun qayiq yasaydi, daryoning to'lqini menga zarar bermasin deb, o'zini himoyalash uchun to'g'on qurib o'tirmaydi. Bu nodon kishining ishidir!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati