Dunyoda osoyishta muhitni izdan chiqarishga qaratilgan vayronkor g'oyalarning yangidan yangi shakllari paydo bo'layotgani har daqiqa ogoh bo'lishni talab qiladi.
Yaratilgan imkoniyatlardan unimli foydalanish, jamiyat ravnaqiga xizmat qilish o'rniga buzg'inchilikni kasb qilgan,o'z vatani, xalqiga xiyonat qilishdan toymaydigan kimsalar afsuski oramizda bor. Ularning aqidaparastlik, mutaassiblik yo'lida dindan niqob sifatida foydalanayotgani, natijada botil yo'lga kirib, zalolatga ketayotgani achinarli hol.
Islom dini tinchlik dinidir. Uning bosh g'oyasi tinch-totuv hayot kechirishdan iborat. Tinchlik insoniyatga in'om etilgan eng ulug' ne'matdir.
Alloh taolo Baqara surasining 208-oyatida shunday marhamat qiladi: ”Ey iymon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!”.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug' ne'matdirki, bundan ko'p odamlar bebahradirlar”, deb marhamat qilganlar.
Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi zamonda internet tarmog'i yovuzlik quroliga aylanib qolayotgani haqiqat. Unda targ'ib qilinayotgan g'arazli ma'lumotlar, vayronkor g'oyalar, hayosizlik kabi illatlar ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin . Binobarin, ota-onalar, ustoz-murabbiylar bu borada mas'uliyatli bo'lishlari zarur .
Yot oqimlar ta'siridagi kimsalar o'z qilmishlarini din yo'lida kurash, deb xaspo'shlashga urinadi. Unutmaylikki, Islom dini hech qachon yovuzlikka buyurmaydi.
N.Hidirov “Ko'k to'nli bobo” jome masjidi imom xatibi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati