Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e'tikof o'tirgan edilar. Kechasi Sofiya roziyallohu anho onamiz u zotning ziyoratlariga bordilar, biroz gaplashishdi, so'ng Sofiya onamiz uylariga ketmoqchi bo'ldilar. Nabiy alayhissalom kuzatgani turdilar.
Shunda ansoriylardan ikki kishi o'tib qoldi. Ular Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko'rishlari bilan tezlab qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shoshilmang, bu ayolim Sofiyadir”, dedilar.
«Subhanalloh! Yo Allohning Rasuli!» deyishdi. Ya'ni sizga hech qachon shubha qilmaymiz. Siz Allohning payg'ambarisiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishdan qo'rqdim”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan juda ko'plab saboqlar olish mumkin.
Birinchidan, odamlarning fikriga yomon hayollar kelib turar ekan. Shuni bilishimiz kerakki, shayton insonni yomon fikrlar bilan g'o'zg'atadi. Masalan, ko'cha-ko'yda bir ayolni bir erkak bilan ketayotganini ko'rsak yoki kimningdir usti boshini ko'rib noto'g'ri xulosa chiqarishga shoshilamiz. Bir joyda bir tanishingizni ko'rib, darhol u haqda yomon gumonga bormang, chunki aslida uning niyati butunlay boshqa bo'lgan bo'lishi mumkin. Shuni aslo unutmangki, shayton insonni yomon yo'lga boshlash uchun doimo vasvasa qilib, yomon fikrlarga undaydi.
Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini yomon gumonga tushib qolishdan qaytarganlar. Shuning uchun, “xotirjam bo'ling, bu mening ayolim Sofiya” deb hatto sahobalarda yomon fikr tug'ilmagan bo'lsa ham, ularni turli gumonga bormasliklarining oldini oldilar.
Hamisha yaxshi fikrda bo'lish kishilar o'rtasida do'stlik va ishonch rishtalarini mustahkamlaydi. Yomon fikr insonlar orasida keng tarqalgan xavfli kasallikdir. Hatto ba'zan erkak kishi shaytonning vasvasalariga uchib, o'z ayoliga ham shubha bilan qarab, josuslik qiladi. Natijada, orada ishonch yo'qoladi.
Ba'zilar yon-atrofidagi barcha odamlarga shubha bilan qaraydi. Ular nima ish qilishsa, hammasini tahlil qiladi. Biz hamisha atrofimizdagi barcha narsaga yaxshi gumon bilan qarashga odatlanishimiz lozim.
Albatta, bundan befarq bo'lish kerak degan tushunchaga bormaslik kerak. Bu ikkisi o'rtasida katta farq bor. Masalan, narsa sotib olish va sotishda yoki boshqa muomalarda ziyrak bo'lish talab etiladi. Tekshirmay, surishtirmay ko'rganimizga ishonib ketavermasligimiz lozim. Bunday holatlarda aql-idrok yaxshi gumondan ustun qo'yilmaydi.
Yaxshi gumon qilishda ota-bobolarimiz go'zal namuna edilar. Ular biror musibatga uchrashsa hamisha "bunda bir yaxshilik bor" deb aytishardi. Misol uchun, bir idish sinib qolsa yoki biror ko'ngilsiz holat ro'y bersa, hatto ishlari yurishmasa ham "Insha Alloh bunda bir yaxshilik bor" deyishardi. Ammo biz biror musibatga uchrasak bir zumda tushkunlikka tushamiz. Biroq o'tgan ulug'larimiz "Bunda yaxshilik bor, Alloh mendan bir yomonlikni ketkazdi. Har bir kechikishda bir yaxshilik bor" deb yaxshi gumonda bo'lishardi. Biz ham hamisha Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishga intilishimiz kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ajoyib bir voqeani rivoyat qilib berganlar: “Sizlardan oldingilar ichida 99 ta odamni o'ldirgan bir kimsa bor edi. U er yuzi ahlining eng bilimdon kishisini surishtirdi. Uni bir rohibga dalolat qilishdi. U rohibning oldiga keldi va o'zining 99 ta jonni o'ldirganini, tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Rohib: “Imkon yo'q” deb javob berdi. Boyagi kimsa rohibni ham o'ldirdi va sanoqni 100 taga etkazdi. Keyin yana er yuzining eng ilmli kishisini surishtirdi. Uni bir olimga dalolat qilishdi. U borib, o'zining 100 ta jonni o'ldirganini, endi tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Olim: “Imkon bor. Sen bilan tavba orasini kim to'sa oladi?! Sen falon erga bor. U erda Alloh taologa ibodat qilayotgan insonlar bor. Ular bilan birga ibodat qil. O'z eringgga qaytma. Chunki u yomon joy ekan” deb javob berdi. Boyagi kimsa aytilgan tomonga jo'nadi. Yarim yo'lga etganda, vafot etdi. U odam xususida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari tortishdilar. Rahmat farishtalari: “Bu odam tavba qilgan holda qalbi bilan Alloh taolo sari ketayotgan edi” deyishdi. Azob farishtalari: “Bu odam hech yaxshilik qilmagan” deyishdi. Shunda ularning yoniga bir farishta odam suratida keldi. Farishtalar uni bu ishga hakam qildilar. U: “Sizlar uning yashagan joyi bilan bormoqchi bo'lgan joyini o'lchab ko'ringlar. Bu odam qaysi tarafga yaqinroq bo'lsa, o'sha tarafga hukm qilinadi” dedi. Farishtalar o'lchab ko'rsalar, u odam bormoqchi bo'lgan tarafiga yaqin ekan. Darhol uning ruhini rahmat farishtalari ko'tarib oldilar”.
Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishning chegarasi yo'q, chunki bu Alloh bilan muloqotning bir turidir. Alloh taolo hadisi qudsiyda bunday marhamat qilgan: "Men bandam men haqimda nima gumon qilsa, o'shandayman. U Meni zikr qilgan chog'da, Men u bilanman".
Shunday ekan, Robbingiz haqida yaxshi gumonda bo'ling. Jannatning eng oliysini so'rang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo'lishni so'rang. Albatta, Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratda ham ko'plab ne'matlarini beradi.
Agar biror musibatga uchrasangiz buni sinov deb biling, Alloh sizning darajangizni ko'tarishini umid qiling. Agar biror yaxshilik etsa, buni Allohning ne'mati deb biling! Hamisha yaxshi gumon va niyatda bo'ling.
Unutmangki! Alloh taolo sizga aslo yomonlikni ravo ko'rmaydi, sizga faqat yaxshiliklarni xohlaydi....
Davron NURMUHAMMAD
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati