Aziz yurtdoshlar!
O'zbekiston musulmonlari idorasining siz sevgan nashrlari – “Hidoyat”, “Mo'minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi va qoraqalpoq tilidagi “Hidayat” jurnali, “Islam nurie” gazetasi yildan-yilga mazmunan boy, shaklan chiroyli bo'lib, obunachilari soni tobora ko'payib bormoqda.
2024 yilda ham “Tafsir”, “Hadis sharhi”, “So'ragan edingiz...”, “Aqida”, “Yaxshilikka chaqirish”, “Yomonlikdan qaytarish”, “Sahobalar hayoti”, “Musulmon odobi”, “Ogohlik”, “O'zbekiston ulamolari”, “Masjidlarimiz”, “Imomlarimiz” kabi ruknlar ostida turli masalalar bayoni, qiziqarli, ta'sirchan maqolalar, suhbatlar, fotolavhalar muntazam yoritiladi.
Azizlar! “Ma'rifat ulashish – eng ezgu amal” shiorini mahkam tutaylik. O'zingizni, oila a'zolaringizni, do'stlaringizni ilm-ma'rifat nuridan bebahra qoldirmang! Nashrlarimizga obuna bo'ling!
(71) 240 08 23
Yoki o'zingizga yaqin bo'lgan masjidga murojaat qiling!
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati