Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Iymon nima?

12.09.2021   13864   14 min.
Iymon nima?

– Iymonning asli nima?

– Alloh taoloning atosi – in'omi.

– Iymonning o'zi nima?

– Iymon – til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoqdir.

– Iymon necha xil bo'ladi?

– Iymon besh xil bo'ladi: iymoni matbu' – farishtalarning iymoni; iymoni ma'sum – payg'ambarlarning iymoni; iymoni maqbul – mo''minlarning iymoni; iymoni mavquf – mubtade'larning iymoni; iymoni mardud – munofiqlarning iymoni.

– Iymon keltirish necha xil bo'ladi?

– Iymon keltirish ikki xil bo'ladi: iymoni mufassal va iymoni mujmal.

– Iymoni mufassalning sifati nima?

– Yettita narsaga ishonmoq. “Amantu billahi va malaikatihi va kutubihi va rusulihi va-l-yavmi-l-axiri va-l-qadari xoyrihi va sharrihi minallohi taolo va-l-ba'si ba'd al-mavti!” demoq. Ya'ni, “Allohga, uning farishtalariga, uning kitoblariga, uning payg'ambarlariga, qiyomat kuniga, taqdirning yaxshi-yomonligi Alloh taolodan ekaniga, o'lgandan so'ng tiriltirmoqqa iymon keltirdim!”.

– Iymoni mujmalning sifati nima?

– To'rtta narsaga ishonmoq. “Amantu billah kama huva bi-asmaihi va sifatihi va qabiltu jami'a ahkamihi va arkanihi!” demoq. Ya'ni, “Allohga, chunonchi uning ismlari va sifatlari bilan birga iymon keltirdim. Uning jami hukmlari va ruknlarini qabul qildim!”.

– Iymonning farzlari nechta?

– Iymon farzlari to'rtta: Allohni tanimoq; Allohga ishonmoq; iymonni asrab-avaylamoq; iymonni o'zi bilan olib ketmoq.

– Iymonning vojiblari nechta?

– Iymon vojiblari o'n ikkita: ulamolar bilan suhbatlashmoq; munofiqlardan uzoq bo'lmoq; tashna odamga suv bermoq; bemorning holidan xabar olmoq; kambag'allarga g'amxo'rlik qilmoq; farzandlarga islomni o'rgatmoq; oilasidagilarga namoz o'rgatmoq; etimlar boshini silamoq; o'likni yuvmoq; yo'ldagi tosh va ozor etkazadigan narsalarni olib tashlamoq; ota-onani ziyorat qilib turmoq; hajni tavof qilmoq.

– Iymonning hukmi nima?

– Ikki narsa: dunyoviy va uxroviy. Iymonning dunyoviy hukmi joni va mol-dunyosi omon saqlanishidir. Kimki iymon keltirsa, joni va moliga talofat etishidan omon qoladi. Nohaq bir mo''minni o'ldirilsa, shariat uning qasosini olib beradi. Iymonning uxroviy hukmi do'zax otashidan omonlik, jannatga kirish va Alloh taoloning diydoriga musharraf bo'lishdir.

– Iymonning shartlari nechta?

– Iymon shartlari ettidadir: g'aybga iymon keltirmoq; g'ayb ilmini Alloh taoloning o'zigagina xos deb bilmoq; jannat va do'zaxni ko'rmasdan turib ham iymon keltirmoq; Allohning halol deb belgilagan narsalarini halol deb bilmoq; Allohning harom deb belgilagan narsalarini harom deb bilmoq; Allohning azobidan qo'rqmoq; Allohning rahmatidan umidvor bo'lmoq.

– Iymonning ruknlari – ustunlari nechta?

– Iymonning arkonlari ettidadir. Ular iymonning shartlari ham deyiladi.

– Iymonning kamoloti nechta?

– Iymonning kamoloti uchtadir: iymon topganiga, iymonli bo'lganiga xursand bo'lmoq; iymonning ketib qolishidan g'amgin bo'lmoq; iymonning buzilishidan qo'rqmoq.

– Iymonning boshi nima?

– “La ilaha illalloh, Muhammadu-r-Rasululloh!” kalimasini aytmoq.

– Iymonning tani nima?

– Besh vaqt namoz o'qimoq.

– Iymonning qalbi nima?

– Qur'on o'qimoq. Uchta dil jam bo'lsa, duo mustajob bo'ladi: Qur'onning dili – “Yosin” surasi, insonning dili – iymon-ishonchi va kechaning dili – yarim tun.

– Iymonning nuri nima?

– Rost gapirmoq.

– Iymonning zulmati nima?

– Yolg'on gapirmoq.

– Iymonning tangligi nima?

– Benamoz bo'lmoq.

– Iymonning halovati nima?

– Pok bo'lmoq.

– Iymonning hakami nima?

– Havf va rajo – Allohdan qo'rqib ham umid qilib yashamoq.

– Iymonning shariati nima?

– Halol va haromni tanimoq.

– Iymonning ulug'ligi nima?

– Hudoy taoloni ko'p zikr qilmoq.

– Iymonning po'sti nima?

– Sharm-hayo qilmoq.

– Iymonning mevasi nima?

– Ro'za tutmoq.

– Iymonning tuxmi nima?

– Ilm o'qimoq.

– Iymonning kamoli nima?

– Sabr-toqat qilmoq.

– Iymonning bargi nima?

– Taqvo – Allohdan qo'rqib yashamoq.

– Iymonning mag'zi nima?

– Duo qilmoq.

– Iymonning tomiri nima?

– Ixlos qilmoq.

– Iymonning vatani nima?

– Mo''min bandaning dili.

– Alloh taolo iymonni nimadan yaratgan?

– Alloh taolo iymonni o'z huzuridagi nurdan yaratgan.

– Sen iymondamisan yoki iymon sendami?

– Men iymon bilan birgaman, iymon men bilandir. Men mo''minman, iymon mening sifatimdir.

– Iymon xoliqning nomi bilan bo'ladimi yoki bandaning nomi bilanmi?

– Iymon ham yaratuvchining va ham yaralmishning nomi ila bo'ladi. “La ilaha illalloh!” kalimasida xoliq nomi bor. “Muhammadu-r-Rasululloh!” kalimasida esa yaralmish bandaning nomi mavjud.

– Iymonning haqiqati nima?

– Til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoq.

– Iymonning amali nima?

– Namoz, ro'za, zakot, haj va boshqa bandaning shariatda qiladigan ishlaridir.

– Iymon nima-yu islom nima?

– Lug'at jihatidan ikkovi ham bir. Istilohda esa farqli. Demak, iymon Til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoq bo'lsa, islom Alloh taoloning buyruqlariga bo'ysinmoq va qaytargan narsalaridan uzoq bo'lmoqdir.

– Din nima?

– Alloh taolo nazdida islom haq dindir. Allohning va uning rasulining buyruqlariga amal ilmoqdir.

– Mo''minlarga iymon keltirib yurmoq farzmi yoki sunnatmi?

– Iymon mo''minlarga sunnat, kofirlarga esa farz.

– Iymonning o'zi farzmi yoki sunnatmi?

– Banda ilk bor Alloh taoloning yakka-yu yagonaligiga iymon keltirishi farzdir. Uni takror qilib yurish esa sunnat.

– Hudoni taniysanmi?

– Ha, taniyman. U yakka-yu yagona, o'xshashi yo'q, kuch-qudratli va olamlarni yaratgan zotdir.

– Sen musulmonmisan?

– Alhamdo'lillah, musulmonman!

– “Alhamdo'lillah”ning ma'nosi nima?

– “Allohga hamdu sanolar bo'lsin!” degan ma'noda.

– Qachondan beri musulmonsan?

– “al-Miysoq” kunidan beri musulmonman.

– “al-Miysoq”ning ma'nosi nima?

– Alloh taolo ruhlarni yaratganidan so'ng, ularga: “Men Sizlarning Parvardigoringiz emasmanmi?!” deb xitob qilgan. Jami ruhlar: “Ore, Sen bizning rabbimizsan!”, deyishgan. Ana shu ahdnoma olingan vaqt “al-miysoq” deb ataladi.

– Musulmonlik binosi nechta?

– Musulmonlik besh narsaning ustiga bino qilingan: kalimai shahodat – “Ashhadu an-la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammad abduhu va rosuluhu!” kalimasini aytmoq; besh vaqt namoz o'qimoq; ramazon oyida ro'za tutmoq; mol-dunyodan zakot bermoq; Baytullohga haj qilmoq.

– Islomning vojiblari qaysi?

– Islom vojibotlari ettitadir: namoz o'qimoq; fitr sadaqasini bermoq; qurbonlik qilmoq; hajga bormoq; umra qilmoq; ota-onaning xizmatini qilmoq; qarindoshlarga silai rahim qilmoq.

– Shariat hukmlari nechta?

– Shariat ahkomlari sakkiztadir: farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom muboh, makruh.

– Tavhid nima?

– Bir demoqlik, bir bilmoqlik va bir deb e'tiqod qilmoqlikdir.

– Iymondan oldingi narsa nima?

– Alloh taoloning inoyati va hidoyati.

– Iymondan ham yaxshiroq narsa nima?

– Iymonni asrab-avaylamoq.

– Iymondan keyingi narsa nima?

– Alloh taoloning diydorini ko'rmoq.

– Usuli din – dinning asoslari nechta?

– Usuli din sakkiztadir: tavhid – Alloh taoloni yakka-yu yagona deb bilmoq; adl – har ishda adolatli va insofli bo'lmoq; imomat – oxirat ishini dunyo ishidan oldin bajarmoq; nubuvvat – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamni payg'ambar deb tan olmoq; amri ma'ruf – Alloh taoloning buyurgan narsalarini ado qilmoq; nahyi munkar – Alloh taoloning qaytargan narsalaridan uzoq bo'lmoq; tabarro – Alloh taoloning dushmanlarini dushman deb bilmoq; tavallo – Alloh taoloning do'stlarini do'st tutmoq.

– Alloh taoloning sifatlari nechta?

– Allohning sifatlari o'nta: sakkiztasi subutiy, ikkitasi salbiy. Subutiy sifatlar: ilm – Alloh taolo hamma narsani biluvchi; hayot – Alloh taolo abadiy va azaliy tirik zot; qudrat – Alloh taolo har narsaga qodir; sam' – Alloh taolo eshituvchi; basar – Alloh taolo ko'ruvchi; kalom – Alloh taolo gapiruvchi; iroda – Alloh taolo har narsani o'zi ixtiyor qiluvchi; takvin – Alloh taolo paydo qiluvchi. Salbiy sifatlar: Alloh taolo barcha aybu nuqsonlardan pokdir; Alloh taoloning sherigi yo'qdir.

– Iymonning qal'asi nechta?

– Iymonning qal'asi uchtadir: farzlarni bilib amal qilmoq; vojiblarni bilib amal qilmoq va sunnatlarni bilib amal qilmoq.

– Iymonning nuqsoni nechta?

– Iymonga nuqson etkazadigan narsalar uchtadir: kufr, shirk va shak-shubha. Islomda jaholat uzr emas!

– Mo''min vafot etganida iymon qayerga ketadi?

– Iymonning fe'li joni bilan qoladi, iymonning hukmi tani bilan qoladi.

 

(“Bidon” va “Muhimmot al-muslimin” // Chahor kitob. – Toshkent, 1892. – B. 16-29; 127-143.).

Hamidulloh Beruniy tarjimasi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   56364   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari