Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

VATAN – JONDAN AZIZ

09.09.2021   1852   6 min.
VATAN – JONDAN AZIZ

Insonning o'z Vatanida yashashi – chinakam saodat. Chunki Vatanimizda barchamizning kindik qonimiz to'kilgan, ilk qadamimizni shu zaminga qo'yganganmiz. Yoshlikdagi yurt bilan bog'liq shirin xotiralarimiz mangulikka muhrlangan.

Alloh bizga o'z Vatanimizni sevish, o'zga yurtlarda bo'lsak, uni qo'msash hissini, tabiatini ato etgan. Vatanni qo'msash, sog'inish Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan merosdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'zlari tug'ilib-o'sgan maskan Makkai mukarramada 53 yil yashadilar. Bu vaqt ichida u zotga mushriklarnng zulmi, kamsitishlar shu darajaga etdiki, hatto hayotlari xavf ostida qoldi, jonlariga qasd qilmoqchi bo'lishdi.

Nabiy alayhissalom Alloh taoloning buyrug'i bilan Makkadan chiqar ekanlar: “Ey Makka, sendan ko'ra menga sevimliroq, suyukliroq shahar yo'q. Agar qavmim sendan chiqarmagnida, boshqa joyni makon tutmas edim”, deb ko'zlarida yosh bilan chiqib ketdilar (Imom Termiziy rivoyati).

Shu paytda Alloh taolo rasulining ko'nglini ko'tarib, ushbu oyatni nozil qildi: «Ey Muhammad, albatta, sizni ushbu Qur'onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz sizni qaytish joyiga, ya'ni Makkaga qaytarguvchidir» (Qasas surasi, 85-oyat).

So'ngra Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam safarlarini hotirjam davom ettirdilar.

Insonning Vatani oldida uchta muhim vazifasi bor.

  1. Vatanning haqiga duo qilish. Chunki payg'ambarlar otasi Ibrohim alayhissalom o'z Vatanlari haqiga bunday duo qilgan: «“Ey Rabbim, buni(Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga(turli) mevalardan rizq qilib bergin!” – deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir bo'lganlarini esa, biroz rizqlantirib, so'ngra do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir”, – dedi» (Baqara surasi, 126-oyat).

Madinai munavvara haqiga esa: “Yo Allohim, Madinani Makkani suyganimdek yoki undan ham ziyodaroq qilgin” (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. Vatanning obodigi uchun ma'naviy va moddiy hissa qo'shish.

Bu haqda Payg'ambarimiz bunday deganlar: “Agar qiyomat qoim bo'lib qolsayu, qo'lingda bir ko'chatni ekishga ulgursang, ekib qol” (Imom Buxoriy rivoyati).

Atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning:

Kelding olamga demak,

Yetmas uni so'rmak, emak,

Yerni etmog'ing kerak

Bo'ston o'zing rizvon o'zing, degan misralari Vatanni bog'u bo'stonga, jannatga aylantirish o'z qo'limizda ekaniga ishoradir.

Zahiriddin Muhammad Bobur o'z vatanining sog'inchida yashab, yaqinlarini, hatto o'z diyorining suvlarini qo'msab, bunday yozgan:

Oqar suvlar firoqida,

Ko'zlarimdan oqar suv.

  1. Vatanda fasod, buzg'unchilik bilan mashg'ul bo'lmaslik

Alloh taolo marhamat qiladi: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir» (A'rof surasi, 56-oyat).

O'z Vataniga xiyonat qilish, unga qarshi qurol ko'tarish juda katta jinyatdir. Afsuski, Vatan qadriga etmagan kimsalar “Hijrat qilish farz”, deb yoshlarni chalg'itmoqdalar.

Ongli odam hech qachon Islomning besh rukni emin-erkin ado etilayotgan yurtdan chiqib, olov va urush o'choqlariga ketmaydi. Hijrat, jihod deb jannat qidirib, do'zax tomon ketayotgan aqli noqis kimsalar qilmishlari xato ekanini kech anglamoqdalar.

Vatan tinchligi, osoyishtaligi, obodligiga o'z hissamizni qo'shib, uni turli unsurlardan himoya qilish har birimizning burchidir.

Vatanimizni Yaratgan O'z panohida asrasin!

 

Erkinoy JUMABOYeVA,

Bektemir tumani otinoyisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

07.09.2026   73172   1 min.
“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

Kuvaytning “Al Jarida” gazetasida jurnalist Rabih Kallasning O‘zbekistonga sayohati davomida olgan taassurotlari asosida tayyorlangan maqolalari e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Toshkent – Markaziy Osiyoning durdonasi va kuvaytliklar uchun munosib sayyohlik manzili” hamda “Samarqand – asrlar osha dunyoni hayratga solayotgan shahar” sarlavhali materiallarda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, shahardagi xavfsizlik va tozalik, zamonaviy infratuzilma hamda Ipak yo‘lining boy merosi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Muallifning ta’kidlashicha, O‘zbekiston poytaxti xavfsizlik, mehmondo‘stlik va islomiy merosni uyg‘unlashtirgan shahar hisoblanadi. Toshkentning keng va toza ko‘chalari, tinch-totuv muhiti sayyohlarda katta taassurot qoldiradi. Toshkent metrosining betakror me’morchiligi, yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa madaniy yuksalishida muhim o‘ringa ega.

Maqolalarda 2700 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi strategik ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan ushbu shaharning Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi me’moriy durdonalari Sharq sivilizatsiyasining yuksak namunasi sifatida tavsiflanadi.

Jurnalist O‘zbekistonga sayohat Fors ko‘rfazi davlatlaridan, xususan, Kuvaytdan keluvchi oilaviy turistlar uchun eng qulay va jozibador yo‘nalish ekanini ta’kidlagan. Mamlakatdagi betakror milliy oshxonalar, halol taomlar, zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovi sayohatni yanada mazmunli qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari