Ulamolar aytishicha, Qur'onning musulmon banda ustidagi haqlari quyidagilar:
Ulamolar, mo'min-musulmon kishi Qur'onni oyda bir marta xatm qilishini tavsiya etishgan. Qur'on tilovati har bir mo'minning kundalik vazifasi bo'lishi kerak. Qur'on faqat qorilar yo keksalar o'qiydigan Kitob emas. Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan har bir banda bilishi kerak Qur'on o'qishni. Agar haftada ma'lum kunlarni Qur'on o'qish va o'rganishga sarflaganimizda, oramizda Qur'on o'qishni bilmaydigan inson qolmasdi.
Allohning Kitobi Qur'oni karimni tilovat qilish unga ko'z yugirtirib chiqish yoki yodlaganini tushunar-tushunmas takrorlash emas. Qur'onni butun vujud bilan his etgan holda o'qiladi. Buni tadabbur deyiladi.
Qur'on yodlashning mas'uliyati katta. Qur'onni diliga joylagan banda Qur'onni muttasil takrorlab turadi. Qur'onni yodlab, uning haqlarini poymol qiladigan, e'tiborsizlik bilan yodlaganlarini unutib yuboradigan “qori”lar ogohlantirilgan.
Rivoyat qilinishicha, solihlardan biri o'lim to'shagida yotgan holida o'g'liga:
– O'g'lim! Menga Qur'onni olib kel, birgina oyatni unutib qo'ydim. O'shani eslamoqchiman!, dedi. Shunda o'g'li hayron bo'lib:
– Otajon, birgina oyatni eslashingizdan qanday naf bor?! – dedi. Solih ota jigarbandining savoliga:
– O'sha oyatni eslagan holda Alloh bilan uchrashishim undan g'ofil holda yo'liqishimdan yaxshiroq! – deb javob bergan ekan.
Vafotidan oldin ilmga rag'bat qilgan ulamolar hayotidan ibratli hikoyalar keltiriladi. Bu ham musulmon banda ilm-ma'rifatga intilishi, eng avval, Parvardigorining Kitobini o'qishni o'rganishi, undan imkon qadar yodlashi kerakligiga ishoradir.
Odamlar orasida obro''-e'tiborga ega shaxs gapirayotganda uning gapini bo'lish yoki ma'ruzasiga xalaqit berish qanday odobsizlik-a. To'g'rimi? Endi butun olamlar Parvardigori Allohning Kalomi o'qilayotganda gaplashish, tilovatga beparvo bo'lish qanday hurmatsizlik ekanini tasavvur qilib ko'ring!
Alloh taolo Qur'oni karimni o'qish uchun tillarga oson, oyatlarini tushunib ibrat olish uchun fasohatli arab tilida nozil qilgan. Agar inson Qur'onni yaxshi tushunganida, uni tilovat qilishdan, Qur'on o'qishdan to'ymasdi. Demak, Qur'onga bo'lgan muhabbatimiz ziyoda bo'lishi uchun uni to'g'ri o'qish va o'qiganlarimizni uqish talab etiladi.
Endi o'zimizga savol beraylik: ichimizda necha foizimiz Qur'on o'qishni biladi? Qancha odam Qur'onni boshidan oxirigacha bexato o'qiy oladi? Necha kishi Qur'onning ma'nolarini, hukmlarini dars qilib o'qigan yoki o'qimoqda? Nima uchun Qur'on o'qimaymiz? Nima uchun ustimizga xotirjamlik, xayr-baraka, tinchlik-xotirjamlik tushishini istamaymiz? Axir Qur'on kasalliklarimizga shifo va rahmat qilib nozil qilingan-ku! Musulmonman, degan har bir inson, kunda-kunora Qur'on o'qiydi, uni o'rganadi, o'qiganini tushunishga harakat qiladi.
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati