Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Vatan muqaddas dargoh

01.09.2021   3415   4 min.
Vatan muqaddas dargoh

Aziz va muqaddas vatanimiz istiqlol ne'matini qo'lga kiritgandan so'ng barcha sohalar qatorida biz musulmonlar  ham milliy va diniy urf odatlarimizni erkin va ozod amal qilish baxtiga musharraf bo'ldik. Masjid va madrasalarning ochilishi, Ramazon va Qurbon hayitlari kunini dam olish kuni deb e'lon qilinishi, muborak Haj va Umra ibodatlarini osonlik bilan ado etishimiz shular jumlasidandir. Barcha islohotlar qatorida islom ta'limoti mohiyatini e'tiborga olib Prezidentimiz tashabbuslari bilan Toshkentda Islom Tsivilizatsiyasi markazi, Buxoroda Bahouddini Naqshband (quddisa sirruhu) yonlarida Tasavvuf ilmi, Samarqandda Imom Buxoriy (rahimahulloh) yonlarida  “Hadis ilmi” va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot” markazi ochilishi, Buxoroi sharifda “Mir arab” oliy ta'limgohiga ijozat berilishi,  Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy (rahimahulloh) yonlarida e'tiqod ilmi, Farg'onada Burhoniddin Marg'inoniy nazdlarida fiqh ilmi, Surxondaryoda Imom Termiziy (rahimahulloh) majmualarini obod qilib, Termizda madrasa va “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi” ochilishini yo'lga qo'yilishi tahsinga sazovordir.

“Agar mening bergan ne'matlarimga shukr qilsalaring albatta uni sizlarga ziyod qilaman" (Ibrohim, 7-oyat) deb mujda berilgan Qur'oni karimda. Boshqa bir oyatda “Agar Allohning  ne'matlarini sanasangiziz, hej qachon sanog'iga eta olmaysizlar”(Ibrohim, 34-oyat) deb marhamat qilingan. Alloh taolo kimga ko'p ne'mat bergan bo'lsa, shuncha ko'p shukr aytmoqni ham talab qilar ekan. Ammo biz sanog'iga etib bo'lmaydigan ne'matlarning zamonida yashab turganimiz uchun ne'matlarning shukrini odo qila olmasligimizdan Alloh taologa uzr aytib ojizligimizni bildirishimizdan boshqa ilojimiz yo'q. Zero, boshimizdagi oqilu odil rahbarlar, noz-ne'matlarning to'kin-sochinligi,  tanimizning sihatligi, diyorimizning tinchligiyu osudaligini  Alloh taoloning bizga bergan ulug' ne'matlardan deb bilib, shunday aziz vatanda yashayotganimizga shukr qilib, qadriga etishimiz shart va lozimdir.

      Alloh taolo “Nahl” surasining 80-oyatida ko'p ne'matlar qatorida bandalarni uy-joylar bilan ta'minlanganini ham ulug' ne'matlardan ekanligi va unga shukr aytmog'imiz lozimlgini eslatib bunday marhamat qilgan. “Va Olloh sizlarga (issiq-sovuqdan saqlanishingiz, zararli narsa va jonivorlardan salomat qolishingiz uchun) o'ylaringizni sukunat (oromgoh) qildi...” .

Ammo mazkur suraning 113-oyatida tinch va sulhu omonlikda yashagan shahar (Makka) ahli noshukrlik qilganlari uchun ularni xavf (qo'rqinch) va ochlik bilan jazolangani haqida ham xabar berilgan.

Biz bandalar hojatimiz uchun bir kishi bir narsa bersa unga ming ta'zim qilamiz. Ammo bizga beminnat bergan tinchlik, farovonlik, mislsiz nozu ne'matlar, o'y-joy, vatan, ahlu-ayol, farzanddek ulug' ne'matlarni ato etgan Zotni unutamiz, farmoniga itoat etmay, mol-mulklarmizni isrof va aziz umrimizni behudaga sarf qilamiz, dorulomon kunlarni qadriga etmaymiz va hatto non, tuzini eb musaffo havosidan nafas olib voyaga etgan aziz vatanimizga xiyonat qilamizki, bu ayni xato va noshukrlikdir.

   Noshukrlik bor joydan mehr-oqibat, imon-e'tiqod, diyonat qochadi. Buni har bir musulmon to'g'ri anglashi kerak. Har bir qarich er, tuproq biz uchun qanchalar aziz. U bizning vatanimiz, u bizning oilamiz, unga kindik qonimiz to'kilgan. Shunday muqaddas zaminimiz borligidan shukronalar aytsak arziydi. Bu tuproqni yot unsurlardan asrab-avaylash, himoyalash o'zini «Alhamdulillah, musulmonman» degan har bir insonning sharafli vazifasidir.

  Yurt tinch bo'lsa, oilamiz tinch, bolalarimiz sog'-omon bo'ladi. Shuning uchun Vatan osoyishtaligiga har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik! Zero, ogoh va hushyor bo'lmoq har kimning vijdoni va el-yurt oldidagi muqaddas burchidir.

 

 

Fazliddin KAROMATULLOH,

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Sharg'un shaharchasi

"Hoja Alouddin Attor" jome masjidi imom-xatibi.

   

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

20.08.2026   21408   7 min.
NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.

Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:

“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.

“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.

Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.

Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.

Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.

Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.

Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.

To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.

Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.

 

Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari

Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:

الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ

1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.

جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ

2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.

عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ

3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.

Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ

1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ

2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.

Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.

Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.

Bid’atning turlari.

“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).

Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.

Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ

“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA