Aziz va muqaddas vatanimiz istiqlol ne'matini qo'lga kiritgandan so'ng barcha sohalar qatorida biz musulmonlar ham milliy va diniy urf odatlarimizni erkin va ozod amal qilish baxtiga musharraf bo'ldik. Masjid va madrasalarning ochilishi, Ramazon va Qurbon hayitlari kunini dam olish kuni deb e'lon qilinishi, muborak Haj va Umra ibodatlarini osonlik bilan ado etishimiz shular jumlasidandir. Barcha islohotlar qatorida islom ta'limoti mohiyatini e'tiborga olib Prezidentimiz tashabbuslari bilan Toshkentda Islom Tsivilizatsiyasi markazi, Buxoroda Bahouddini Naqshband (quddisa sirruhu) yonlarida Tasavvuf ilmi, Samarqandda Imom Buxoriy (rahimahulloh) yonlarida “Hadis ilmi” va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot” markazi ochilishi, Buxoroi sharifda “Mir arab” oliy ta'limgohiga ijozat berilishi, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy (rahimahulloh) yonlarida e'tiqod ilmi, Farg'onada Burhoniddin Marg'inoniy nazdlarida fiqh ilmi, Surxondaryoda Imom Termiziy (rahimahulloh) majmualarini obod qilib, Termizda madrasa va “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi” ochilishini yo'lga qo'yilishi tahsinga sazovordir.
“Agar mening bergan ne'matlarimga shukr qilsalaring albatta uni sizlarga ziyod qilaman" (Ibrohim, 7-oyat) deb mujda berilgan Qur'oni karimda. Boshqa bir oyatda “Agar Allohning ne'matlarini sanasangiziz, hej qachon sanog'iga eta olmaysizlar”(Ibrohim, 34-oyat) deb marhamat qilingan. Alloh taolo kimga ko'p ne'mat bergan bo'lsa, shuncha ko'p shukr aytmoqni ham talab qilar ekan. Ammo biz sanog'iga etib bo'lmaydigan ne'matlarning zamonida yashab turganimiz uchun ne'matlarning shukrini odo qila olmasligimizdan Alloh taologa uzr aytib ojizligimizni bildirishimizdan boshqa ilojimiz yo'q. Zero, boshimizdagi oqilu odil rahbarlar, noz-ne'matlarning to'kin-sochinligi, tanimizning sihatligi, diyorimizning tinchligiyu osudaligini Alloh taoloning bizga bergan ulug' ne'matlardan deb bilib, shunday aziz vatanda yashayotganimizga shukr qilib, qadriga etishimiz shart va lozimdir.
Alloh taolo “Nahl” surasining 80-oyatida ko'p ne'matlar qatorida bandalarni uy-joylar bilan ta'minlanganini ham ulug' ne'matlardan ekanligi va unga shukr aytmog'imiz lozimlgini eslatib bunday marhamat qilgan. “Va Olloh sizlarga (issiq-sovuqdan saqlanishingiz, zararli narsa va jonivorlardan salomat qolishingiz uchun) o'ylaringizni sukunat (oromgoh) qildi...” .
Ammo mazkur suraning 113-oyatida tinch va sulhu omonlikda yashagan shahar (Makka) ahli noshukrlik qilganlari uchun ularni xavf (qo'rqinch) va ochlik bilan jazolangani haqida ham xabar berilgan.
Biz bandalar hojatimiz uchun bir kishi bir narsa bersa unga ming ta'zim qilamiz. Ammo bizga beminnat bergan tinchlik, farovonlik, mislsiz nozu ne'matlar, o'y-joy, vatan, ahlu-ayol, farzanddek ulug' ne'matlarni ato etgan Zotni unutamiz, farmoniga itoat etmay, mol-mulklarmizni isrof va aziz umrimizni behudaga sarf qilamiz, dorulomon kunlarni qadriga etmaymiz va hatto non, tuzini eb musaffo havosidan nafas olib voyaga etgan aziz vatanimizga xiyonat qilamizki, bu ayni xato va noshukrlikdir.
Noshukrlik bor joydan mehr-oqibat, imon-e'tiqod, diyonat qochadi. Buni har bir musulmon to'g'ri anglashi kerak. Har bir qarich er, tuproq biz uchun qanchalar aziz. U bizning vatanimiz, u bizning oilamiz, unga kindik qonimiz to'kilgan. Shunday muqaddas zaminimiz borligidan shukronalar aytsak arziydi. Bu tuproqni yot unsurlardan asrab-avaylash, himoyalash o'zini «Alhamdulillah, musulmonman» degan har bir insonning sharafli vazifasidir.
Yurt tinch bo'lsa, oilamiz tinch, bolalarimiz sog'-omon bo'ladi. Shuning uchun Vatan osoyishtaligiga har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik! Zero, ogoh va hushyor bo'lmoq har kimning vijdoni va el-yurt oldidagi muqaddas burchidir.
Fazliddin KAROMATULLOH,
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Sharg'un shaharchasi
"Hoja Alouddin Attor" jome masjidi imom-xatibi.
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.
Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!
"Imom Buxoriy" ordeni:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;
Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;
Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati