Bizga ma'lumki, bugungi kunda musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to'qnashuvlarni boshidan kechirmoqdalar. Mazkur hududlarda din niqobi ostida ochiqdan-ochiq zo'ravonlik, buzg'unchilik, musulmonchilikka zid, vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo'l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi.
So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Terroristik tashkilotlar, ayniqsa, internet tarmog'ida go'yoki islom ravnaqi yo'lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqida targ'ibot-tashviqot olib borayotgani, buning oqibatida dunyoning ko'plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar aldanib “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da'vosida Yaqin Sharq mamlakatlari hududiga borib, ushbu guruhlar safiga qo'shilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.
Yana e'tibor berish lozim bo'lgan bir holat, ekstemistlar o'zlariga ergashmagan barcha musulmonlarni “kofir”ga chiqarmoqdalar. Zero, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadisi shariflarida baѐn qilganlar. Jumladan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Uch narsa imonning aslidandir: “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli kofir demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Yana bir hadisi sharifda: “Kim mo'min kishini kofirga chiqarsa, uni o'ldirgandek gunohkor bo'ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari) deganlar. Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi va ekstremistik guruhlarning islomga umuman aloqasi yo'q ekani haqida fatvo bermoqdalar
N.Abdumannonov
Samarqand shahar
“Damariq” masjidi imom-xatibi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati