Islom dini asoslari bo'lmish Qur'oni karim oyatlari va Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida inson hayotiga tajovuz etish, o'zini o'zi o'ldirish qat'iyan man etiladi. Hayot Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas'uliyatdir.
Alloh taolo “Zoriyat” surasida inson va jinlarni: “Jin va insonlarni faqatgina O'zimga ibodat qilishlari uchun yaratdim”, deya marhamat qilgan. Ushbu oyat insonning yaratilish sababi uni yaratgan Robbga ibodat qilishi ekanini ko'rsatmoqda. Ammo ba'zi adashgan jihodchilar Qur'oni karim va hadisi shariflarni shu darajada buzib talqin qiladilarki, ularni tinglagan kishi inson go'yo “shahidlik” uchun yaratilgan ekan, degan fikrga keladi.
Islom ta'limotida dini, joni, moli, oila ahli himoyasi yo'lida o'ldirilgan kishini shahid deyiladi. Hadislarda biror falokat tufayli vafot etgan kishi ham shahid hukmida bo'lishi bayon etilgan. Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Shahidlar – Alloh yo'lida qatl qilingan kishidan tashqari ham ettitadir. Vabo, qorin og'rig'i, suvga g'arq bo'lish, devor ostida qolish, zotiljam (o'pka yallig'lanishi), kuyish va tug'ruqdan (yoki ichidagi homilasi bilan) vafot etganlarni sanab o'tdilar” (Imom Molik Jobir ibn Atikdan rivoyat qilgan).
Molini bosqinchi va qaroqchidan himoya qilib, o'ldirilgan kishi ham oxirat shahidlaridan sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir”– deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yong'inda o'lgan kishi ham shahidlardan hisoblanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlarni sanagan bir hadislarida: “Yong'in(da o'lgan) shahiddir”, deganlar (Imom Molik rivoyati).
Shuningdek, dini, joni, ahli-oilasi himoyasida o'ldirilgan kishi ham shahid sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim qonini (jonini) himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim dinini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim ahlini himoya qili o'ldirilsa, u shahiddir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Hozirda ba'zi adashgan oqimlar “shahidlik” tushunchasini juda tor doirada tushuntirmoqchi bo'lishadi. Ular bu iborani o'z manfaatlariga burib, go'yoki kishi faqat urushda o'lsa, shahid bo'ladi, deydilar. Vaholanki, ularning qilib turgan bu ishlari jihod emas, balki katta fitna ekani aniq. Fitnaga aralashib o'lgan odam qanday qilib shahid bo'lsin?! Tinch-totuv yashab turgan musulmon davlatda fitna chiqarib, urush chiqarilsa, bu jihod bo'ladimi, unda o'lgan inson aslo shahid bo'lmaydi.
Bu haqda Suriyada yashagan, o'sha xududlarda sodir bo'layotgan voqealardan xabardor bo'lgan rabboniy olim Muhammad Said Ramazon Butiy urushning ilk kunidayoq Suriyadagi tartibsizliklar aslo shar'iy jihod emasligini, u erda urushda o'layotganlar shahid emasligini aytib butun dunyoga jar solgan edilar.
Shayx Butiy o'z ma'ruzalarida jumladan shunday degan edilar: “Ey insonlar, ey yoshlar! Hozir Suriyada bo'layotgan hodisalar tashqarida tuzilgan reja asosida amalga oshirilmoqda. Biz bu reja tuzayotganlarning kimligini ham, ular bu rejalari bilan qanday maqsadlarni ko'zlaganlarini ham bilmaymiz. Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo'lda o'ldirilsa bas u johiliyat o'limini topibdi”, deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo'lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo'lda o'lsa u johiliyatda o'lgandek bo'ladi”.
Bugungi kunda e'tibor qilsak, Suriya bo'ylab hukumat armiyasi, mo''tadil musulmonlar, radikal kayfiyatdagi “jihodchilar”, kurd ko'ngilli askarlari, g'arbparast guruhlar va bundan tashqari adashgan oqim vakillari o'rtasida ayovsiz urush olib borilmoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, bunday qarama-qarshi guruhlarning soni yuzdan ortiq. Ular orasida o'zaro ittifoq tuzganlari va umuman, o'z holicha kurash olib borayotganlari ham ko'p. Har qanday sog'lom fikrli inson hech qachon dinini, jonini va eng muhimi oxiratini bu kabi xatarlarga qo'ymaydi.
Bunday fitnalar urchigan davrda musulmon inson hushyor bo'lishi, o'zini chetga olishga buyurilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Albatta, kelajakda ko'p fitnalar bo'ladi. U vaqtda (jim) o'tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o'ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo'ladigan joy topsa, o'shani lozim tutsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Terrorchi tashkilotlar etakchilarining targ'ibotlarini eshitib yurgan ayrim yoshlar, afsuski, unday kimsalarning gaplariga aldanib qolmoqda. Ayniqsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar nazarda tutilgan oyatlarni o'zlariga to'g'ridan-to'g'ri tatbiq etib, oyatdan ko'zlangan asl ma'noni o'zgartirmoqda.
Bunday buzg'unchi toifalar hozirga qadar duch kelayotgan inqirozlar va mag'lubiyatlarini yashirish uchun “Ahdga vafo qiladigan vaqt keldi”, “Shahid bo'ladigan davr keldi”, “Endi biz g'alaba qozanamiz” kabi soxta shiorlarni takrorlashdan nariga o'tmayapti. Chunki, ayni damlarda ularga g'arazli maqsadlarga erishish uchun “tirik qalqon” juda ham zarur. Sho'rpeshona aldanganlar esa ularga hokimiyatni egallaguncha kerak, keyin ulardan voz kechadi, yuz o'giradi.
Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi