Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Shahidlik niqobidagi xunrezlik

21.08.2021   1526   6 min.
Shahidlik niqobidagi xunrezlik

Islom dini asoslari bo'lmish Qur'oni karim oyatlari va Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida inson hayotiga tajovuz etish, o'zini o'zi o'ldirish qat'iyan man etiladi. Hayot Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas'uliyatdir.

Alloh taolo “Zoriyat” surasida inson va jinlarni: “Jin va insonlarni faqatgina O'zimga ibodat qilishlari uchun yaratdim”, deya marhamat qilgan. Ushbu oyat insonning yaratilish sababi uni yaratgan Robbga ibodat qilishi ekanini ko'rsatmoqda. Ammo ba'zi adashgan jihodchilar Qur'oni karim va hadisi shariflarni shu darajada buzib talqin qiladilarki, ularni tinglagan kishi inson go'yo “shahidlik” uchun yaratilgan ekan, degan fikrga keladi.

Islom ta'limotida dini, joni, moli, oila ahli himoyasi yo'lida o'ldirilgan kishini shahid deyiladi. Hadislarda biror falokat tufayli vafot etgan kishi ham shahid hukmida bo'lishi bayon etilgan. Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Shahidlar – Alloh yo'lida qatl qilingan kishidan tashqari ham ettitadir. Vabo, qorin og'rig'i, suvga g'arq bo'lish, devor ostida qolish, zotiljam (o'pka yallig'lanishi), kuyish va tug'ruqdan (yoki ichidagi homilasi bilan) vafot etganlarni sanab o'tdilar” (Imom Molik Jobir ibn Atikdan rivoyat qilgan).

Molini bosqinchi va qaroqchidan himoya qilib, o'ldirilgan kishi ham oxirat shahidlaridan sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir”– deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Yong'inda o'lgan kishi ham shahidlardan hisoblanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlarni sanagan bir hadislarida: “Yong'in(da o'lgan) shahiddir”, deganlar (Imom Molik rivoyati).

Shuningdek, dini, joni, ahli-oilasi himoyasida o'ldirilgan kishi ham shahid sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim qonini (jonini) himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim dinini himoya qilib o'ldirilsa, u shahiddir, kim ahlini himoya qili o'ldirilsa, u shahiddir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Hozirda ba'zi adashgan oqimlar “shahidlik” tushunchasini juda tor doirada tushuntirmoqchi bo'lishadi. Ular bu iborani o'z manfaatlariga burib, go'yoki kishi faqat urushda o'lsa, shahid bo'ladi, deydilar. Vaholanki, ularning qilib turgan bu ishlari jihod emas, balki katta fitna ekani aniq. Fitnaga aralashib o'lgan odam qanday qilib shahid bo'lsin?! Tinch-totuv yashab turgan musulmon davlatda fitna chiqarib, urush chiqarilsa, bu jihod bo'ladimi, unda o'lgan inson aslo shahid bo'lmaydi.

Bu haqda Suriyada yashagan, o'sha xududlarda sodir bo'layotgan voqealardan xabardor bo'lgan rabboniy olim Muhammad Said Ramazon Butiy urushning ilk kunidayoq Suriyadagi tartibsizliklar aslo shar'iy jihod emasligini, u erda urushda o'layotganlar shahid emasligini aytib butun dunyoga jar solgan edilar.

Shayx Butiy o'z ma'ruzalarida jumladan shunday degan edilar: “Ey insonlar, ey yoshlar! Hozir Suriyada bo'layotgan hodisalar tashqarida tuzilgan reja asosida amalga oshirilmoqda. Biz bu reja tuzayotganlarning kimligini ham, ular bu rejalari bilan qanday maqsadlarni ko'zlaganlarini ham bilmaymiz. Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo'lda o'ldirilsa bas u johiliyat o'limini topibdi”, deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo'lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo'lda o'lsa u johiliyatda o'lgandek bo'ladi”.

Bugungi kunda e'tibor qilsak, Suriya bo'ylab hukumat armiyasi, mo''tadil musulmonlar, radikal kayfiyatdagi “jihodchilar”, kurd ko'ngilli askarlari, g'arbparast guruhlar va bundan tashqari adashgan oqim vakillari o'rtasida ayovsiz urush olib borilmoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, bunday qarama-qarshi guruhlarning soni yuzdan ortiq. Ular orasida o'zaro ittifoq tuzganlari va umuman, o'z holicha kurash olib borayotganlari ham ko'p. Har qanday sog'lom fikrli inson hech qachon dinini, jonini va eng muhimi oxiratini bu kabi xatarlarga qo'ymaydi.

Bunday fitnalar urchigan davrda musulmon inson hushyor bo'lishi, o'zini chetga olishga buyurilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Albatta, kelajakda ko'p fitnalar bo'ladi. U vaqtda (jim) o'tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o'ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo'ladigan joy topsa, o'shani lozim tutsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Terrorchi tashkilotlar etakchilarining targ'ibotlarini eshitib yurgan ayrim yoshlar, afsuski, unday kimsalarning gaplariga aldanib qolmoqda. Ayniqsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar nazarda tutilgan oyatlarni o'zlariga to'g'ridan-to'g'ri tatbiq etib, oyatdan ko'zlangan asl ma'noni o'zgartirmoqda.

Bunday buzg'unchi toifalar hozirga qadar duch kelayotgan inqirozlar va mag'lubiyatlarini yashirish uchun “Ahdga vafo qiladigan vaqt keldi”, “Shahid bo'ladigan davr keldi”, “Endi biz g'alaba qozanamiz” kabi soxta shiorlarni takrorlashdan nariga o'tmayapti. Chunki, ayni damlarda ularga g'arazli maqsadlarga erishish uchun “tirik qalqon” juda ham zarur. Sho'rpeshona aldanganlar esa ularga hokimiyatni egallaguncha kerak, keyin ulardan voz kechadi, yuz o'giradi.

Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam aylasin!

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Orta Lectura”: O‘zbekiston xavfsiz sayyohlik yo‘nalishi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda

27.08.2026   36795   2 min.
“Orta Lectura”: O‘zbekiston xavfsiz sayyohlik yo‘nalishi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda

Ispaniyaning “Orta Lectura” nashrida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston turli nufuzli xalqaro reytinglarda hamda xorijiy davlatlarning sayyohlar uchun tavsiyalarida yuqori xavfsizlik darajasiga ega mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

World Justice Project (WJP) tomonidan e’lon qilingan “Rule of Law Index 2025” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Tartib va xavfsizlik” ko‘rsatkichi bo‘yicha 143 ta mamlakat orasida 17-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi 15 ta mamlakat orasida esa 1-o‘rinni egalladi.

WJP indeksi 215 mingdan ortiq fuqarolar hamda 4 ming 100 nafardan ziyod huquqshunos va ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

“Gallup” kompaniyasining “2025 Global Safety Report” ma’ruzasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston aholisining 86 foizi kechasi yolg‘iz yurganda o‘zini to‘liq xavfsiz his qiladi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha 73 foizlik darajadan sezilarli darajada yuqoridir. Shu bilan birga, “Law and Order Index”ning kengroq ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz 100 dan 91 ball to‘pladi.

Institute for Economics & Peace tomonidan tuziladigan “Global Peace Index 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 30 pog‘onaga yaxshilab, 163 ta mamlakat orasida 1,726 ko‘rsatkich bilan 37-o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yilgi rasmiy hisobotda mamlakatimiz tinchlik ko‘rsatkichlari eng yuqori sur’atda yaxshilangan davlatlar qatoriga kiritildi.

AQSH Davlat departamenti “Travel Advisories” tizimida O‘zbekistonga “Level 1 – Exercise Normal Precautions” darajasini, ya’ni “Odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” tavsiyasini bergan. 2026 yil yanvarda yangilangan tavsiyanomada xavf darajasi oshirilmadi. Bu AQSH Davlat departamenti tomonidan xalqaro sayohatlar uchun belgilanadigan eng past xavf darajasi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari