Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Havorijlar – jaholat qurbonlari

18.08.2021   1415   7 min.
Havorijlar – jaholat qurbonlari
Jaholat, ilmsizlik Islomga nisbatan eng katta dushmandir. Havorijlarning to'g'ri yo'ldan adashib ketishlariga aynan his-tuyg'uni birinchi o'ringa qo'yishlari va dinga nisbatan ortiq darajadagi kuyinchakliklari sabab bo'lgan edi.
Havorijlarni mul'tfilmlardagi bir ko'zli maxluq deb bilmasligimiz kerak. Ular kechalari qoim, kunduzlari soim, yuzlaridan nur yog'ilib turadigan, tillari mudom Allohni zikr qilib turadigan taqvodor insonlar edilar. Amalda shu qadar g'ayrat va shijoat ko'rsatardilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalarida bunday amal yo'q edi. Dinga o'ta g'ayratli, shijoatli, o'ta taqvodor, o'ta rostgo'y insonlar edilar. Ammo, mezon buzuqligi tufayli his-tuyg'ular qurboni bo'ldilar. Ilm sayozligi tufayli yo'ldan adashdilar. Qur'oni karim oyatlarini o'zlaricha talqin qilish natijasida g'uluvga ketdilar.
 
Bir kuni bir kishi Abdulloh ibn Abbos (raziyallohu anhu)ga xavorijlarning nihoyatda ko'p amal qilishlari va ibodatda juda ham ko'p jiddu jahd ko'rsatishlarini ajablanib gapirib berdi. Shunda Abdulloh ibn Abbos nima dedilar, deb o'ylaysiz?.. «Nasorolar ulardan ham kuchliroq ijtihod qiladilar» dedilar. Shu tariqa qisqa va lo'nda so'z bilan zalolat mohiyatini ko'rsatib, amalning zo'rligi kishining haq yo'lda ekanligini anglatmasligini ifoda qilgan edilar.
Haqiqatan, nasorolar amal qilishda me'yordan o'tib, rohiblikni o'zlariga majburiyat qilib olgan bo'lsalarda to'g'ri yo'lda bo'lib qolmadilar. Chunki, vasatiylikdan og'ishgan edilar. Huddi shunga o'xshab, vasatiylikdan chiqqan har narsa tatarrufga aylanadi. Yo'lning yo u cheti, yo bu chetiga chiqib qoladi. Bu esa ayni zalolatdir.
 
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan istehzo va haqorat asli musulmon bo'lmagan kishidan sodir bo'lsa, u o'ldirilmaydi. Imom Tahoviyga ko'ra, kofir kimsa, Nabiy sollallohu alayhi va sallamga nisbatan hurmatsizlik qilsa, u qatl qilinmaydi. U kishi bu so'zlariga dalil sifatida, Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib «assomu alayka» ya'ni «senga o'lim bo'lsin!», deya salom lafzini o'zgartirib talaffuz qiluvchi yahudiylarga Nabiy sollallohu alayhi va sallam jazo qo'llamaganlarini keltiradilar.
 
Chunki, kofiru mushriklarning shirku kufrlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni haqorat qilishdan battarroq bo'lgan ishdir.
Ammo, musulmonlar yurtida yashayotgan o'zga din vakili Islom payg'ambarini masxaralasa yoki haqorat qilsa, sulton uning huquqlarini bekor qilishi va qatldan boshqa jazo bilan jazolashi mumkin. Nima bo'lganda ham bu rahbarning ishi. Boshqalarning zimmasidagi ish emas. Davlat boshlig'i joriy holatdagi foyda va zarardan kelib chiqib ish ko'radi.
 
Hukmdor qilishi, davlat amalga oshirishi kerak bo'lgan narsalarni o'zboshimchalik bilan ijro etish mutlaqo joiz emas. Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida chizilgan karikaturani o'quvchilarga ko'rsatgan o'qituvchi shu ishni farazan, Islom mamlakatida sodir qilganda ham uning tegishli jazosini avom kishisi emas balki, davlat rahbari o'z zimmasiga olishi kerak bo'lardi dinimizga ko'ra. Chunki, bu had jazosi kabi ish bo'lib, faqat va faqat hukmdor amalga oshira oladi. Hamma o'zicha jinoyatchilarni jazolab yursa, anarxiya, fasod yuzaga keladi. Bu shar'an joiz emas.
 
Endi tasavvur qiling. Frantsiya islom davlatimi?! Frantsuzlar u erda ozchilik bo'lgan ahli zimma vakillarimi?! Frantsiyada had jazolari amaldami?! O'sha o'qituvchini mahkama o'limga hukm qildimi?! Unday emas-ku axir. Aksincha, musulmonlar u erda ozchilikni tashkil etadi. Bitta xato u erdagi musulmonlarga katta zarar etkazishi va Islomni xunuk ko'rsatib qo'yishi hech gap emas.
 
Shuning uchun ham musulmonlar ayniqsa, o'zga din va o'zga madaniyatga mansub insonlar yurtida yashayotgan musulmonlar Islomdan begona bir madaniyat vakillari huzurida o'z dinlari Islomni tamsil etayotganlarini unutmasliklari kerak. Zero, ularga qarab, ularning yurish-turishlari va xatti-harakatlariga qarab islomimizga baho berishadi. Dinni qop-qora qilib ko'rsatib qo'yib, ulamolar so'zidan eng keskin va murosasizlari bo'yicha ish ko'rib, o'zboshimchalik bilan joiz bo'lmagan ishlarni qilib so'ngra «menga qarab Islomga baho berma. Men mukammal emasman. Islom esa mukammal» deganga o'xshash «aqlli» va balandparvoz gaplarni gapirishning foydasi yo'q.
 
Biz Islomga zarar etkazib qo'ymaslik naqadar muhimligini his etmagunmizgacha, buning katta bir mas'uliyat ekanligini anglab etmagunimizgacha ancha qoqilamiz. Dinimizga etkazilgan ma'naviy zarar ko'lami har qanday moddiy zarardan oshib tushadi.
 
29 oktyabr kuni Frantsiyaning Nitstsa shahrida ro'y bergan qotillik ham afsus, hissiy harakat qilish hamda jaholat oqibatida yuz berdi. Qotil tunislik 21 yoshlik odam ekanligi ma'lum qilinmoqda.
 
Mana shu ishlar fonida Frantsiyada borgan sari «islom terrorizmi» degan hayqiriq yuksalib bormoqda. Tinchlik va oliyjanoblik dini bo'lgan islomning terror degan sovuq atama bilan yonma-yon zikr qilinishi qanchalar ayanchli. Bu dinimizga etkazilgan katta ma'naviy zarar. Buning savol-javobi og'ir bo'ladi. «Bu ishlarga Frantsiya hukumatining no'noq siyosati sababchi»,» ularning o'zi aybdor», «nega dinimizni karikatura qilishni ta'qiqlab qo'ymaydi?»,» endi battar bo'lsin!», degan so'zlar bilan o'zimizni tinchlantirolmaymiz. Chunki, dinimiz Islom va musulmonlar obro'si, irzi bu narsalardan ustun turadi. Haqqimiz yo'q, o'zboshimchalik bilan, shariatga bo'ysunmagan holda nojo'ya xatti-harakatlar ortidan Islomga zarar etkazishga.
 
Ummat olimlarga bo'ysunmasa, ularga ergashmasa, o'zicha internet saytlaridan topilgan ma'lumotlar bo'yicha ish ko'rsa, zararga kirib boraveradi. 14 asr muqaddam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning 23 yillik payg'ambarlik hayotlari davomida turli vaqtlarda, turli sharoitlarda sodir bo'lgan ishlardan mustaqil ravishda hukm ola biladigan, bir-biriga zohiran zid kelib qolgan voqea va tutumlarga to'g'ri baho berib, ulardan kerakli xulosalar chiqara oladigan odamlar emasmiz. Buning uchun chuqur bilim, tafakkur va ulamolarning so'zlarini o'rganib chiqishga muhtojmiz. Aks holda, bunday ko'rguliklarning keti uzilmaydi.
 
Alisher SULTONHO'JAYeV
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   100   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA