Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Terrorizm to'g'risida nima bilamiz

14.08.2021   2409   9 min.
Terrorizm to'g'risida nima bilamiz

Ma'lumki, terrorizm va ekstremizm balolari nafaqat bugungi kunda, balki u mavjud bo'lgan barcha zamon va makonlarda insoniyat va jamiyat uchun tom ma'nodagi fojia bo'lib kelgan.  Bugungi notinchliklar hukm surayotgan mintaqalarning deyarli barchasidagi barqaror vaziyatni izdan chiqaruvchi omillari ham mazkur ikki narsadir.

Bu atamalarga ko'plab ta'riflar berilgan bo'lsa-da, ularning asl mazmun-mohiyati notinchlik va beqarorlikni keltirib chiqarish, insonlar qalbiga qo'rquv va vahima  solish, ularni jismonan yo'q qilish, zo'ravonlik yo'li bilan hokimiyatga intilish kabi salbiy unsurlardan iboratdir. Ekstremizm va terrorizm birgalikda, bir maslakka xizmat qiluvchi  ikki unsur deb qaraladigan bo'lsa, ekstremizm ko'proq g'oyaviy va nazariy, terrorizm esa ko'proq harakat jihatlariga mos keladi. Ekstremizm barcha dinlarda, masalan, buddizm, xristianlik, islomdagi norasmiy oqimlarda uchrab turadi. Frantsiya Fanlar akademiyasi XVIII asrda chop etgan lug'atida terrorizmni «qo'rqitish tizimi» deb ta'riflaydi. Boshqa guruh olimlar terrorizmni «harakat orqali targ'ibot» deb ataydilar. Ayrim manbalarda esa terrorizmga «qo'rqitish siyosati» deya nisbat beriladi. Ko'rinib turibdiki, terror va qo'rquv – egizak tushunchalardir.

Terrorchilik bir siyosiy atama sifatida, qurol sotish, narkobiznesni rivojlantirish, konstitutsion tuzumlarni ag'darish va boshqa tuban maqsadlarga erishish uchun, aytib o'tilgan turli jinoiy yo'llardan foydalanishni zarur va joiz deb biladigan kimsalar va tashkilotlarning yo'l-yo'rig'idan iborat.

Terrorchilik hech qachon ezgulikka qaratilgan emas, aksincha har doim diniy va insoniy me'yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va ahloqiy fazilatlarga qarshi ishlatilganligi uchun eng og'ir va vahshiyona jinoyat hisoblanib kelgan. Uning tarixi qon bilan yozilgan. Terrorchilik din, millat, elat va chegara bilmaydi. Eng vahshiy, madaniyatsiz va insoniy xislatlarini yo'qotgan ashaddiy jinoyatchilar, bu qabih ishga qo'l uradilar.

Muqaddas Islom dinini ham niqob qilib olganlar ekstremistik va terroristik harakatlar bo'lib, ular o'z oldilariga islomning asliga qaytishni va xalifalik davlati qurishni kuch ishlatish yo'li bilan amalga oshirishni maqsad qilgan oqimlardir. Bunday oqim va harakatlar diniy mutaassiblikka asoslangan bo'lib, muayyan mazhab ta'limotiga qattiq yopishib olish oqibatida yuzaga keladi va ko'pincha muayyan siyosat va iqtisodiy manfaatlarni ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Islom dini doirasida vujudga kelgan ilk ekstremistik oqim — Horijiylar bo'lib, Hazrati Ali roziyallohu anhu va Muoviya roziyallohu anhu o'rtasidagi “Siffiyn” jangida muzokara va kelishish orqali to'xtatish siyosatiga Ali rozilik bergani uchun uning qo'shinidan unga qarshi ajralib chiqqan guruhdir.

Horijiylarning dastlabki vakillari sahroviy arablar bo'lib, ilm-ma'rifatdan yiroq, lekin o'zlarini dindorlikning cho'qqisiga chiqqanlik da'vosini qiluvchi shaxslar edi. Ularning ilmi bo'lmaganligi sababli, o'zlariga yoqqan narsaga yopishib olib, boshqa narsalarni rad etar va boshqalarni nuqsonda ayblar edilar. Ular begunoh musulmonlarning qonini to'kib, yo'lto'sarlik qilib, Alloh harom qilgan narsalarni o'zlariga halol hisoblashgan edilar.

Horijiylardan biri Abdurahmon ibn Muljam 661 yilda xulafoi roshidiynlarning to'rtinchisi Hazrati Ali ibn Abu Tolibni yarador qilib o'ldirdi. Horijiylar umaviylar va abbosiylar xalifaligiga qarshi urush olib borib, juda ko'p musulmonlarning o'limiga sabab bo'ldi. Ular davlat uchun har doim katta muammolarni keltirib chiqarib, har doim mamlakatda fitna va beqarorlikni qo'zg'atib turardi.  Zamonlar o'tishi bilan ular barcha islom jamoasining qarshiligiga uchradi.

X asrda o'rta Sharqda Hamdon al-Ash'as Shia mazhabining Ismoiliya yo'nalishi doirasida «Al-Qaromita» (yana bir nomi “Qirmitiylar”) deb atalgan diniy-siyosiy harakatga asos soldi. Bu harakat vakillari boshqa mazhablar tarafdorlarini o'ldirish siyosatini olib bordi. 317 hijriy sanada qirmitiylar Islom dunyosida misli ko'rilmagan jinoyatga qo'l urishdi. Ularning boshlig'i Abu Tohir 600 otliq va 900 piyoda bilan Muqaddas Makka shahriga kirib qatl va talonchilik o'tkazdi. Hajarul asvad va Ka'badagi boshqa muqaddas narsalar, jumladan oltin tarnovni talashdi. Hoja Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asarida yozilishicha ushbu fojiada 30000 musulmon, jumladan 1900 kishi Haram ichida shahid qilingan.

XII asr boshida ismoiliylardan Hasan Sabboh (1124 y.v.e.) va uning tarafdorlari o'z diniy g'oyalari va siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun qurol ishlatish, qatl qilish, yo'lto'sarlik, terrorchilikdan foydalanib kelgan. Ular gashish (giyohvandlik moddasi)ni qo'llash yo'li bilan fidoyilarni tarbiyalab, o'z muxoliflarini o'ldirishga buyurgan. Unda fidoiyga ko'p miqdorda gashish ichirib uni bexush qilar, so'ngra uni behishtsimon bir joyga olib borib, bir muddat ayshu ishrat va maishatda o'tkazgandan keyin qaytarib avvalgi joyiga olib kelardi. Fidoiy o'ziga kelganda bu narsa uning hayolida mangu qolib, shu yo'lda jon fido xizmat qilishga undardi. Ular din va davlat arboblaridan 48 kishini terror qilganlar. Jumladan, Abbosiy xalifalardan Al-Musarshid, Ar-Rashidlarni, ularning ashaddiy dushmani Hoja Nizomulmulk va uning ikki o'g'li Ahmad va Faxrulmulklarni terror qilishgan.

Ularning asosiy qarorgohi va markazi Alamut qal'asi (Eron)da bo'lgan. Keyinroq Alamut qal'asi mo'g'il sarkardasi Ho'lagu tomonidan zabt etilib, ularning terrorchilik va siyosiy faoliyatiga barham berildi.

Shu bilan VII asrning II-yarmidan XIII asrning I-yarmigacha islom dunyosida davom etgan  diniy ekstremistik harakatlar inqirozga uchragan bo'lsa ham, oradan 5 asr o'tib, XVIII asr o'rtalarida Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1794) tomonidan Arabiston yarim orolida “Vahhobiylik” nomi bilan atalgan diniy-siyosiy ekstremistik harakat, 1928 yil Misrda Hasan al-Banno tomonidan “Ihvonul muslimin” harakati, 1952 yilda Falastinda Taqiyuddin Nabahoniy boshchiligida “Hizbut tahrir al islomiy”, «salafiylik», «IShID» va shu kabi ko'plab oqimlarga asos solindiki, bu ham bo'lsa, yovuzlikka xizmat qilgan eski ota-bobolarining izidan boruvchi, zamonga hamohang holatda ularning buzg'unchilik faoliyatlarini davom qildiruvchi, butun dunyo tinchligiga rahna soluvchi yangi bir yovuzlik jamoasini vujudga keltirdi.

Mazkur jamoalarning deyarli ko'pchilik qismi butun dunyoda Islom xalifaligini barpo etishni o'zlariga shior qilib, qilayotgan amaliyatlari bunyodkorlik o'rniga faqatgina buzg'unchilik va qirg'indan iboratligiga butun dunyo guvoh bo'lishmoqda. Hech bir zamon va makonda eshitilmaganki, mazkur jamoalar tomonidan insoniyat yoki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan biron bir inshoat, maktab, masjid yohud boshqa narsa bunyod qilinganligi haqida. Buning aksiga ular tomonidan buzib tashlangan maktablar, portlatilgan masjidlar, bosib olingan inshoatlar, o'ldirilgan begunoh insonlar haqidagi xabarlargagina dunyo ahli guvoh bo'lishgan.

Bu esa, Islom dini ta'limotining noto'g'ri talqin qilinishiga, ezgulikka chaqiruvchi muqaddas dinimiz sha'niga noo'rin ta'na toshlari otilishiga olib kelmoqda. Vaholanki, “islom” so'zining o'zagi “salom” so'zidan olingan. Ya'ni, tinchlik va salomatlik ma'nolarini anglatadi. Uchinchi ma'nosi – itoat. Ya'ni, Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam ko'rsatmalariga amal qilish harakatida bo'lishi lozim, degan xulosa chiqadi. Islom dini nafaqat insonning o'zi, balki o'zga odamlarga, hatto nabotot va hayvonotga, qo'yingki, barcha mavjudotga nisbatan rahm-shafqatli va mehribon bo'lishga chaqiradi. Zo'ravonlik, qo'poruvchilik va tajovuzkorlikni u hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Qur'oni karimning Moida surasi 32 — oyati mazmunida shunday deyiladi: “Kimki biron jonni o'ldirmagan va erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa, demak go'yo barcha odamlarni o'ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, go'yo barcha odamlarga hayot beribdi”.

Dinimizning tinchliksevar, mo''tadil ta'limot ekanligini, u hech qachon qon to'kish, urush olovini yoqishni yoqlamasligini butun jahon ahli yaxshi biladi. Shulardan kelib chiqqan holda to'la ishonch bilan aytishimiz mumkinki, terrorchi va ekstremistlar bu dunyodagi yovuzlik merosxo'rlaridir. 

 

M.Habibullayev

Gurlan tuman bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   31693   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari