Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Fitnalardan ogoh bo'laylik!

13.08.2021   394   15 min.
Fitnalardan ogoh bo'laylik!

Barchamiz Allohbergan behisob ne'matlarga shukr qilgan holda bir-birlarimizga o'zaro nasihat qilish, ilm va dinda taqvosi bilan mashhur ulamolarimiz aytgan pandunasihatlariga rag'bat ko'rsatib va ularga amal qilib borishimiz hayotimiz mezonidir. O'rtalarimizda amri ma'ruf, nahiy munkar, musibatlarga sabr qilish, ahli sunna va jamoa bilan bir safda bo'lish, bir-birimizga mehr-shafqat, mehribonlik va muruvvatparvarlik ruhida yashamog'imiz kerak. Dunyo va dindagi fitna, aldov, yolg'on, tuhmat, hasad kabi illat va gunohlardan saqlanishimiz esa o'ta zarurdir. Shunda barchalarimiz dunyo va oxirat yaxshiligiga erishib, muvaffaqiyat va najot topuvchilardan bo'lamiz, insha Alloh.

Alloh taolo bizni turli fitna va fitnachilardan doimo ehtiyot bo'lishga chorlab o'zining Kalomida shunday amr etadi:

وَاتَّقُوا فِتْنَةً لَا تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”.

“Fitna” deganda dinda fitnaga tushishni ko'zda tutishgan. Ya'ni fitnani iymon haqiqatlariga, islom xislatlari, sifatlari va farzlariga beparvo bo'lishdan saqlanish, deb talqin qilishgan. Ayrim ulamolar esa Alloh taoloning kitobi va Hazrati Rasul akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga xilof ishlarning vujudga kelishi eng katta fitna deb aytishadi. Shuning uchun ham barcha muhaqqiq ulamolar musulmonlarni fitnalardan saqlanish, Alloh taolo belgilab qo'ygan chegaralardan chiqmaslik haqida ogohlantiradi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَلَا تُطِيعُوا أَمْرَ الْمُسْرِفِينَ الَّذِينَ يُفْسِدُونَفِي الْأَرْضِ وَلَا يُصْلِحُونَ

“(Shirk va ma'siyatlar bilan) haddan oshuvchilarning amriga itoat etmangiz! Ular er yuzida buzg'unchilik qilurlar va (hech narsani) isloh qila olmaydilar”.

Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini Alloh taoloning nomi bilan fitnalardan ularning yomonligidan, adashtirishidan va gumrohligidan panoh tilashga yo'llaganlar. Ba'zi o'tgan solih ulamolarimiz shunday duo qilisharkan:

" اللهمَّ إنّا نَعُوذُ بِكَ اَنْ نَرْجِعَ عَلَى أَعْقَابِنا أوْ أنْ نُفتَنَ "

Ey Alloh! Dindan qaytishlik yoki fitnaga mubtalo bo'lib qolishimizda sendan panoh tilaymiz”.

Shunga muvofiq insonlarni to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi asossiz g'oya so'zlarni aytuvchi va tarqatuvchi kimsalarning hatti-harakatlaridan barcha musulmonlarni ehtiyot bo'lishlariga chorlaymiz. Zero, din dushmanlarining fitnalari va fitnaga sabab bo'luvchi mish-mishlari Alloh taoloning qo'yidagi oyati karimasi mazmuniga mutlaqo zid va xilofdir. Alloh taolo aytadi:

وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَشْتَرِي لَهْوَ الْحَدِيثِ لِيُضِلَّ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ بِغَيْرِ عِلْمٍ وَيَتَّخِذَهَا هُزُوًا أُولَئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ مُهِينٌ

“Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (o'zgalarni) Alloh yo'lidan ozdirish uchun va u (yo'lni) masxara qilish uchun behuda so'z(lar)ni sotib olurlar. Ana o'shalar uchun xor qiluvchi azob bordir”.

Har bir musulmon turli fitna, fasod ishlardan, buzg'unchilik, dinda fitnaga tushish, xususan bir jamiyatda yashovchi insonlar o'rtasida tafriqa solish, buzg'unchi fikr va botil g'oyalarni tarqatish kabi noshar'iy amallardan ehtiyot bo'lishi zarur. Mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi barcha xalqlar bilan tinch-totuv yashashga intilishimiz, oila, farzand tarbiyasida muhim bo'lgan odob-axloqqa rioya etishimiz kerak. Har birimiz Alloh taoloning quyidagi oyati karimasi mazmuniga amal qilib borishimiz kerak:

يَوْمَ تَجِدُ كُلُّ نَفْسٍ مَا عَمِلَتْ مِنْ خَيْرٍ مُحْضَرًا وَمَا عَمِلَتْ مِنْ سُوءٍ تَوَدُّ لَوْ أَنَّ بَيْنَهَا وَبَيْنَهُ أَمَدًا بَعِيدًا وَيُحَذِّرُكُمُ اللَّهُ نَفْسَهُ وَاللَّهُ رَءُوفٌ بِالْعِبَادِ

“Har bir jon o'zi qilgan yaxshi va yomon amallari (nomai a'molida) hozir qilingan Kunda (qiyomatda) ular (yomon amallari) bilan uning o'rtasi uzoq masofa bo'lishini orzu qiladi. Alloh sizlarni «O'zidan» ogohlantiradi. Alloh bandalarga mehribondir”.

Payg'ambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ummatlarini zamonlar o'tishi bilan boshlariga keladigan fitnalardan ogohlantirib, nimaga amal qilishlari haqida xabar berganlar:

«Fitna uxlab yotgan bir narsadir. Kimki uni uyg'otib yuborsa, unga Allohning la'nati bo'lsin».

Demak, Alloh taolo O'z habibi Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga ummatlarining qiyomat kuniga qadar duch kelishlari mumkin bo'lgan ko'plab fitnalar haqida xabar bergan va ulardan ogohlantirgan. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bomdod namozidan to shom namoziga qadar vaqt ichida bo'lib o'tgan va bo'ladigan barcha fitnalardan ogohlantirgan ekanlar. Ma'lumki, fitnaga ko'plab sabablar mavjud, shulardan ayrimlarini shu o'rinda zikr etish lozim.

Islom ulamolari ummatni turli fitnalardan saqlanish haqidagi chora va tadbirlar haqida to'xtalib shunday deyilgan: Ummat ichidagi nasihat qiluvchilarga, ulug'larga va mas'ullarga yaqin bo'lib, ular atrofida jipslashish, ulardan aslo uzoqlashmaslik. Bu haqda Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasul akram (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar:“Baraka ulug'laringiz bilan birgadir”.

Inson ogoh bo'lsagina o'zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo'lishi mumkin bo'lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo'ladi. Aksincha, g'ofil, beparvo va loqayd bo'lgan kimsa esa atrofida nimalar bo'layotganiga ham e'tibor bermay, oxir-oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo'ladi.

Har bir musulmon turli fitna, fasod ishlardan, buzg'unchilik, dinda fitnaga tushish, xususan bir jamiyatda yashovchi insonlar o'rtasida tafriqa solish, buzg'unchi fikr va botil g'oyalarni tarqatish kabi noshar'iy amallardan ehtiyot bo'lishi zarur. Bu borada Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo'lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg'unchiliklar haqida xabar berib, ogoh etgan edilar:

“Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo'miniga ziyon tegishidan o'zini tiymasa, bergan va'dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”.

Hozirgi paytda yana bir fitna haqida gapirmaslik ham din va millatga xiyonat sanaladi. Bu ham bo'lsa, dunyodagi mustamlakachi kuchlarning ma'naviy bo'shliqdan foydalanib yurtimiz yoshlari ongiga ma'naviyatimiz va axloqimizga butunlay yot bo'lgan va eng xatarli illatlarni o'z ichiga olgan “ommaviy madaniyat”ni singdirishga katta fitnalarga sabab bo'lmoqda.

Yoshlarni xudbin va loqayd kimsalarga aylantirish, axloqiy buzuqlik va zo'ravonlikni targ'ib qilish, bir jinslar nikohi, zino, giyohvandlik, buzuqlik, nima qilib bo'lsa ham, qanday yo'l bilan bo'lsa ham faqat boylik orttirishga intilish, oilani tan olmaslik, ko'ngil istagan ishlarni qilish orqali “erkin bo'lish” kabi zararli illatlarni yoyishni asosiy maqsad qilib olgan bu “madaniyat” jamiyatdagi ma'naviy hayotni izdan chiqaradi, yoshlar axloqiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bundan bir asr muqaddam atoqli o'zbek ma'rifatparvari Abdurauf Fitrat: “Kimki badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo'ladi”, degan edi. Bunday fitnalardan mamlakatimiz musulmonlari ham nihoyatda ogoh bo'lishlari lozim.

Bugun insoniyat g'oyaviy urushlar, ma'naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo'ravon g'oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o'yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg'unchiliklar, axloqsizlik va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo'lishlari, do'st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g'animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo'lidan qo'g'irchoq bo'lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g'arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo'q.

Yoshlarimizga, farzandlarimizga ta'lim-tarbiya berganda, nasihat qilib, o'rgatganda Vatanga muhabbat ota-ona, oilasiga, ularni elu yurtga qo'shgan urf-odatlar, udumlar-milliy qadriyatlarga, ular yugurib o'sgan tuproq, otasi ekkan vau bilan birga ulg'aygan daraxt, onasi tebratgan beshikka bo'lgan muhabbat ekanligini uqtiraylik. Faqat buni his qila bilish kerak, xolos. Buni qalbdan sezmagan, eldan chiqish demakdir.

Alloh taolo barchalarimizni har bir ishda aql yuritib, fikrlab tafakkur qiladigan solih bandalaridan qilsin! Aql va fikr samaralaridan bahramand bo'lib yashashimizga muyassar aylab, ikki dunyoda saodat ahlidan bo'lishimizga nasib etsin! Alloh taolo barchalarimizni turli fitna-fasod va ixtiloflardan saqlasin! Yurtimizni va dinimizni turli xil g'arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo'htonlardan pok saqlab, O'zining hifzu himoyasiga olsin!

A.Jo'rayev,
Oltiariq tumani “Jahongirxon” masjidi imom-noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   6233   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari