Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Aldov va hiylaga ishonib qolmang

12.08.2021   1785   7 min.
Aldov va hiylaga ishonib qolmang

Tinchlik jamiki insoniyatning orzu – istagidir. U bor joyda xotirjamlik va osuda hayot bo'ladi. Bilingki, tinchlik inson o'z qo'li bilan hosil qiladigan oddiy narsa yoki u shug'ullanadigan biror yumush emas. Balki, u odamzodning istagi, insoniyatning eng oliy maqsadlaridandir.

Tarixga nazar solsak, odamzod baxtli va farovon hayoti, erkin va ozod yashashi, chinakam insondek umr kechirishi yo'lida qanday og'ir va mashaqqatli sinovlarni boshdan kechirganiga guvoh bo'lamiz. Har safar chinakam bardosh, kuchli e'tiqod va sog'lom tafakkur bilan insoniyat o'z boshiga tushgan turli qiyinchiliklarni engib o'tib, ertangi kun uchun, xato va kamchiliklarning takror sodir bo'lmasligi uchun zarur xulosalarni chiqara olgan.

Zamon o'zgarishi bilan insoniyat oldida turgan muammolar kamayib qolgani yo'q.  Aksincha, ular avvalgi shakli va xususiyatini biroz o'zgartirib, yangicha ma'no – mazmun kasb etgan holda qarshimizda qayta namoyon bo'lmoqda. Bugun butun insoniyatni tashvish va xavotirga solayotgan terrorizm va ekstremizm haqida ayni shunday xulosa qilish mumkin. Binobarin, musaffo islom ta'limotini o'z manfaatlari yo'lida talqin qiladigan,  xunrezlik, qotillik va noinsoniylikni o'zining xato ta'biri, tor dunyoqarashi bilan yoqlaydigan toifalarni islom tarixining har bir davrida uchratish mumkin.

So'nggi yillarda jahon miqyosida din omilidan jirkanch va razil maqsadlarda foydalanish holatlari uchrab turibdi.  Bunday holat, muqaddas dinimizni g'arazli xuruj va ta'sirlardan himoya qilish, insonlarga uning asl mohiyatini to'g'ri tushuntirish masalasining dolzarb ekanini anglatadi. Zero, ekstremistik oqimlar g'o'r yoshlar, fikri zaif, ta'sirga beriluvchi kishilarni o'z tuzog'iga ilintirib, mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikka rahna solish uchun harakat qilish holatlari ham kuzatilib turibdi.

Islom dini asosi ezgulik va yaxshilikka qurilgan. Islom dinining  bosh g'oyasi va maqsadi insoniyatni yakkaxudolikka chorlash orqali ezgulikka, yaxshilikka chaqirishdan iboratdir. Agar muqaddas kitobimiz Qur'oni karimga murojaat qilsak, buning yaqqol guvohi bo'lamiz: “Bas, (ey Muhammad), mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, uning eng go'zaliga ergashadilar. Aynan o'shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o'shalargina aql egalaridir”, (Zumar surasi, 17-18 oyatlar).

“Alloh huzuriga faqat sog'lom dil bilan kelgan kishilargina (foyda topur)”, (Shuaro surasi, 89 oyat) .

“Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz”, (Moida surasi, 2 oyat).

Hadisi shariflarda ham faqat va faqat ezgulik g'oyasi mujassam ekanini ko'ramiz: “Qo'li va tilidan musulmonlar ziyon ko'rmagan kishi musulmondir”, “Faqat xayrli va savobli ishlarga buyurilganda itoat qilingiz”, “Ummatim hech qachon zalolatli ishlarga birlashmaydilar”.

“Hech bir kishiga biror bir musulmonni qo'rqitish halol emas”, “Kimki musulmonga nohaq tarzda qo'rquvga soladigan yomon nazar qilsa, Alloh uni qiyomatda qo'rqitadi”.

Yuqoridagi muborak hadislar mazmuniga qaraydigan bo'lsak ham, islom dinida birovni qo'rqitish, unga tajovuz qilib, ozor etkazish  butkul ta'qiqlanganligini ko'ramiz. Dinimizda bu kabi zo'ravonliklarning barcha tur va shakllaridan har qanday yo'lda foydalanish qat'iyan man etilgan.

Agar biror kimsa din nomidan gapirib, yovuzlik, zulm va qabih ishlarni amalga oshirsa yoki ko'zlasa, demakki, u din ta'limotini noto'g'ri tushunmoqda. Bu bilan uning o'zi ham, unga ergashganlar ham gunohlarga sho'ng'imoqdalar.

Yana bir jihati, din, e'tiqod har kim ko'ngliga kelganini aytib, o'zicha ma'no chiqarib ketaveradigan narsa emas. Ayniqsa, imon masalasi o'ta nozik va muhim bo'lgani uchun bu borada doimo islomga katta xizmati singan, barchaning e'tirofiga erishgan mo''tabar ulamolarning tavsiyalariga quloq tutish, o'tgan alloma ajdodlarning ibratli hayotiga nazar solib, mo''tabar asarlariga murojaat qilish o'ta muhimdir. Bilib – bilmay, shoshma – shosharlik bilan o'zicha hukm chiqarishga aslo yo'l qo'yib bo'lmaydi.

Adashgan guruhlar ta'siriga ko'pincha sodda, ishonuvchan kishilar, ayniqsa, yoshlar tushib qoladi. Din nomidan gapirgan, u yoki bu hatti – harakatga chaqirgan, hiyla ishlatib o'ziga yaqinlashtirishga urinayotgan kimsalardan ehtiyot bo'lish zarur. Shuni ham unutmaslik kerakki, buzg'unchi kuchlar ishni avvalo dunyo miqyosida tanilgan ulamo va mutaxassislarga hurmat va ishonchni yo'qotishdan boshlaydi. Ya'ni, g'arazli kuchlarning faoliyati aldov va hiyla asosiga qurilgan.

Qur'on mazmun – mohiyatiga ko'ra, insonlarni birlashtiradigan, tinchlikka etaklaydigan ilohiy kitob hisoblanadi. Lekin shunga qaramay, uni turlicha talqin etib, odamlarni ixtilof va firqalanishga olib boruvchilarning mavjudligi afsuslanarli holdir. Hazrati Umar (r. a) shunday deydilar: “Islomni buzuvchi narsa odamlarning din nomidan yanglish gapirishi, munofiqlarning buzuq g'oyalarni oyat yoki hadis bilan isbotlashga urinishlaridir”.

Shu sabab ixtilof tug'dirish, firqalarga bo'linish dindorlarning, butun bir jamiyatning birdamligiga katta putur etkazadi. Qur'on oyatlari bu holatni qattiq qoralaydi: “Hammangiz Allohning “arqoni” (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting”, (Oli Imron surasi, 103 oyat). 

“Allohga va rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'yingiz) ketib qolur. Sabr qilinglar, albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, (Anfol surasi, 46 oyat).

Shu ma'noga dalolat qiluvchi ko'plab hadislar bo'lsa ham biz shulardan bittasini keltirish bilan kifoyalanamiz: “Mening ummatim yoppasiga adashib, zalolatga tushib qolmaydi. Qachonki, ular orasida qarama – qarshilikni ko'rsangiz, sizlar ko'pchilik tomonda bo'lingiz!”.

Ko'rinib turibdiki, muqaddas islom dini insoniyatni hech qachon bo'linib yashashga, o'zaro ixtilof qilib, adovatda bo'lishga hamda razil va yovuz bo'lishga chaqirmas ekan. Balki bashariyatni birdamlik va ahillikka, o'zaro hurmat asosida hayot kechirishga chaqirib, oldingi o'tganlardan ibrat olishga, ularning qilgan xatolarini qaytarmaslikka targ'ib qiladi.

 

 

Hoja    Buxoriy    o'rta   maxsus   islom

bilim  yurti  mudiri

O'tkir G'uzarov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   23509   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari