Tinchlik jamiki insoniyatning orzu – istagidir. U bor joyda xotirjamlik va osuda hayot bo'ladi. Bilingki, tinchlik inson o'z qo'li bilan hosil qiladigan oddiy narsa yoki u shug'ullanadigan biror yumush emas. Balki, u odamzodning istagi, insoniyatning eng oliy maqsadlaridandir.
Tarixga nazar solsak, odamzod baxtli va farovon hayoti, erkin va ozod yashashi, chinakam insondek umr kechirishi yo'lida qanday og'ir va mashaqqatli sinovlarni boshdan kechirganiga guvoh bo'lamiz. Har safar chinakam bardosh, kuchli e'tiqod va sog'lom tafakkur bilan insoniyat o'z boshiga tushgan turli qiyinchiliklarni engib o'tib, ertangi kun uchun, xato va kamchiliklarning takror sodir bo'lmasligi uchun zarur xulosalarni chiqara olgan.
Zamon o'zgarishi bilan insoniyat oldida turgan muammolar kamayib qolgani yo'q. Aksincha, ular avvalgi shakli va xususiyatini biroz o'zgartirib, yangicha ma'no – mazmun kasb etgan holda qarshimizda qayta namoyon bo'lmoqda. Bugun butun insoniyatni tashvish va xavotirga solayotgan terrorizm va ekstremizm haqida ayni shunday xulosa qilish mumkin. Binobarin, musaffo islom ta'limotini o'z manfaatlari yo'lida talqin qiladigan, xunrezlik, qotillik va noinsoniylikni o'zining xato ta'biri, tor dunyoqarashi bilan yoqlaydigan toifalarni islom tarixining har bir davrida uchratish mumkin.
So'nggi yillarda jahon miqyosida din omilidan jirkanch va razil maqsadlarda foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bunday holat, muqaddas dinimizni g'arazli xuruj va ta'sirlardan himoya qilish, insonlarga uning asl mohiyatini to'g'ri tushuntirish masalasining dolzarb ekanini anglatadi. Zero, ekstremistik oqimlar g'o'r yoshlar, fikri zaif, ta'sirga beriluvchi kishilarni o'z tuzog'iga ilintirib, mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikka rahna solish uchun harakat qilish holatlari ham kuzatilib turibdi.
Islom dini asosi ezgulik va yaxshilikka qurilgan. Islom dinining bosh g'oyasi va maqsadi insoniyatni yakkaxudolikka chorlash orqali ezgulikka, yaxshilikka chaqirishdan iboratdir. Agar muqaddas kitobimiz Qur'oni karimga murojaat qilsak, buning yaqqol guvohi bo'lamiz: “Bas, (ey Muhammad), mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, uning eng go'zaliga ergashadilar. Aynan o'shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o'shalargina aql egalaridir”, (Zumar surasi, 17-18 oyatlar).
“Alloh huzuriga faqat sog'lom dil bilan kelgan kishilargina (foyda topur)”, (Shuaro surasi, 89 oyat) .
“Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz”, (Moida surasi, 2 oyat).
Hadisi shariflarda ham faqat va faqat ezgulik g'oyasi mujassam ekanini ko'ramiz: “Qo'li va tilidan musulmonlar ziyon ko'rmagan kishi musulmondir”, “Faqat xayrli va savobli ishlarga buyurilganda itoat qilingiz”, “Ummatim hech qachon zalolatli ishlarga birlashmaydilar”.
“Hech bir kishiga biror bir musulmonni qo'rqitish halol emas”, “Kimki musulmonga nohaq tarzda qo'rquvga soladigan yomon nazar qilsa, Alloh uni qiyomatda qo'rqitadi”.
Yuqoridagi muborak hadislar mazmuniga qaraydigan bo'lsak ham, islom dinida birovni qo'rqitish, unga tajovuz qilib, ozor etkazish butkul ta'qiqlanganligini ko'ramiz. Dinimizda bu kabi zo'ravonliklarning barcha tur va shakllaridan har qanday yo'lda foydalanish qat'iyan man etilgan.
Agar biror kimsa din nomidan gapirib, yovuzlik, zulm va qabih ishlarni amalga oshirsa yoki ko'zlasa, demakki, u din ta'limotini noto'g'ri tushunmoqda. Bu bilan uning o'zi ham, unga ergashganlar ham gunohlarga sho'ng'imoqdalar.
Yana bir jihati, din, e'tiqod har kim ko'ngliga kelganini aytib, o'zicha ma'no chiqarib ketaveradigan narsa emas. Ayniqsa, imon masalasi o'ta nozik va muhim bo'lgani uchun bu borada doimo islomga katta xizmati singan, barchaning e'tirofiga erishgan mo''tabar ulamolarning tavsiyalariga quloq tutish, o'tgan alloma ajdodlarning ibratli hayotiga nazar solib, mo''tabar asarlariga murojaat qilish o'ta muhimdir. Bilib – bilmay, shoshma – shosharlik bilan o'zicha hukm chiqarishga aslo yo'l qo'yib bo'lmaydi.
Adashgan guruhlar ta'siriga ko'pincha sodda, ishonuvchan kishilar, ayniqsa, yoshlar tushib qoladi. Din nomidan gapirgan, u yoki bu hatti – harakatga chaqirgan, hiyla ishlatib o'ziga yaqinlashtirishga urinayotgan kimsalardan ehtiyot bo'lish zarur. Shuni ham unutmaslik kerakki, buzg'unchi kuchlar ishni avvalo dunyo miqyosida tanilgan ulamo va mutaxassislarga hurmat va ishonchni yo'qotishdan boshlaydi. Ya'ni, g'arazli kuchlarning faoliyati aldov va hiyla asosiga qurilgan.
Qur'on mazmun – mohiyatiga ko'ra, insonlarni birlashtiradigan, tinchlikka etaklaydigan ilohiy kitob hisoblanadi. Lekin shunga qaramay, uni turlicha talqin etib, odamlarni ixtilof va firqalanishga olib boruvchilarning mavjudligi afsuslanarli holdir. Hazrati Umar (r. a) shunday deydilar: “Islomni buzuvchi narsa odamlarning din nomidan yanglish gapirishi, munofiqlarning buzuq g'oyalarni oyat yoki hadis bilan isbotlashga urinishlaridir”.
Shu sabab ixtilof tug'dirish, firqalarga bo'linish dindorlarning, butun bir jamiyatning birdamligiga katta putur etkazadi. Qur'on oyatlari bu holatni qattiq qoralaydi: “Hammangiz Allohning “arqoni” (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting”, (Oli Imron surasi, 103 oyat).
“Allohga va rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'yingiz) ketib qolur. Sabr qilinglar, albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, (Anfol surasi, 46 oyat).
Shu ma'noga dalolat qiluvchi ko'plab hadislar bo'lsa ham biz shulardan bittasini keltirish bilan kifoyalanamiz: “Mening ummatim yoppasiga adashib, zalolatga tushib qolmaydi. Qachonki, ular orasida qarama – qarshilikni ko'rsangiz, sizlar ko'pchilik tomonda bo'lingiz!”.
Ko'rinib turibdiki, muqaddas islom dini insoniyatni hech qachon bo'linib yashashga, o'zaro ixtilof qilib, adovatda bo'lishga hamda razil va yovuz bo'lishga chaqirmas ekan. Balki bashariyatni birdamlik va ahillikka, o'zaro hurmat asosida hayot kechirishga chaqirib, oldingi o'tganlardan ibrat olishga, ularning qilgan xatolarini qaytarmaslikka targ'ib qiladi.
Hoja Buxoriy o'rta maxsus islom
bilim yurti mudiri
O'tkir G'uzarov
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz