“Mazhab” arabcha “yo'nalish” ma'nosini bildirib, istilohda esa, mujtahidning shar'iy dalillardan shariat hukmlarni chiqarib olishdagi o'ziga xos yo'lidir. Mazhablarning ijtihod yo'llari va qoidalarida bir-biridan farq qilishi ular orasida juz'iy ixtiloflarga sabab bo'lgan.
Ilk asrlarda mujtahidlar ko'p bo'lib, mazhablar ham ko'p bo'lgan. Lekin keyinchalik ko'pi amaldan chiqib ketgan va odamlar Imom Abu Hanifa rahimahulloh (vaf. 150/767), Imom Molik rahimahulloh (vaf. 179/795), Imom Shofe'iy rahimahulloh (vaf. 204/820) va Imom Ahmad rahimahulloh (vaf. 241/855)larning mazhablaridan biriga ergasha boshlagan.
Mazhabsizlik g'oyasini ilgari suruvchi kishilar o'zlarini bir qancha turli nomlar bilan ataydi: salafi solihlarga ergashish da'vosi bilan “salafiylar”, sahih hadisga ergashish da'vosi bilan “ahli hadislar”. Bu g'oyaning tarixi yaqin bir yarim asrga to'g'ri keladi.
Bu haqda HIH asrda yashab, ijod etgan mashhur hindistonlik olim Muhammad Siddiq Hasan al-Qanujiy shunday deydi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'lgan bo'lib, ular Qur'on va Hadisni bilish va unga amal qilishni da'vo qilmoqda… Ajablanarlisi shundaki, ular o'zlarini muxlis (Allohga xolis ibodat qiluvchi kishi) va muvahhidlar (Allohni yakka-yu yagona deb bilib, unga hech narsani shirk keltirmaydigan), deb boshqalarni mushriklar deb nomlamoqda. Ular eng mutaassib va dinda g'uluvga ketgan kishilardir. Bu dindan emas, balki Yer yuzida tarqalgan fitna va katta fasoddir”. Ushbu fikr ham bu qarash HIH asr oxirlarida paydo bo'lganligini ko'rsatadi.
Mazhabsizlik g'oyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qur'on va Sunnatni o'zlaricha mahkam tutish va mazhablarni yo'q qilib, ularni ildizi bilan qo'porib tashlashdan iborat. Ularning da'vosiga ko'ra, go'yo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qur'on va Hadisni qattiq ushlash bilan bo'ladi, mazhablar, guruhlar va firqalar mavjud bo'lar ekan, Qur'on va Hadisni mahkam ushlash amri mahol, chunki ixtiloflarning asl manbai mana shu mazhab va firqalardir.
Bir tarafdan, bu qarash vakillari mazhablar va guruhlarni zalolat deb biladilar-u, lekin o'zlari ham sezmagan holda shunday holatga tushib qolgan. Zero ular o'zlari bir yo'nalish bo'lib, o'zlaridan boshqalarni noto'g'ri yo'lda deb biladi. Jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh o'zining “Ixtiloflar, sabablar, echimlar” kitobida: “Ular Islom ummati qadimdan aqida va fiqh masalalarida ergashib kelayotgan mazhablarni inkor qilish bilan birga, o'zlari yangi mazhab paydo qilishga o'tganlar”,- deb ta'kidlaydi.
Boshqa tarafdan esa, ular mazhablar orasidagi ixtiloflarni qoralagan holda, hammani mazhablarni tashlashga hamda Qur'on va Hadislarni o'rganib, tushunganicha ularga amal qilishga, boshqacha qilib aytganda, hammani o'zi ijtihod qilishga chaqiradi. Bu esa, shubhasiz, yanada ixtiloflar va qarama-qarshi fikrlarning ko'payishiga olib keladi. Agar mazhablar orasidagi ixtiloflar ma'lum chegara bilan cheklangan bo'lsa, mazhabsizlikning bu da'vati esa cheksiz ixtiloflarga sabab bo'ladi va musulmonlar hayotida dahshatli falokatlarni keltirib chiqaradi.
Mazhabsizlik tarafdorlari mazhablarga tosh otishda davom etib, yana shunday deydi: “Qur'on bitta va Payg'ambar bitta bo'lsa, to'rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” Buning javobi shuki, mazhablar orasidagi bunday (fiqhiy) ixtiloflar salafi solihlar – sahobiy, tobeiy va taba'a tobeiylar orasida ham bo'lgan. Shoh Valiyulloh laqabi bilan mashhur Ahmad ibn Abdurahim ad-Dehlaviy aytadi: “Ba'zi sahobiy, tobeiy va ulardan keyingilar basmalani o'qir edi, ba'zilari esa o'qimas edi, ba'zilari jahriy o'qisa, ba'zilari ichida o'qir edi, ba'zilari bomdodda vitr o'qisa, ba'zilari bomdodda vitr o'qimas edi, ba'zilari qon oldirish, burundan qon ketishi va qayt qilishdan tahorat qilsa, boshqalari tahorat olmas edi… ba'zilari olov tekkan narsani eganda tahorat olsa, boshqalari tahorat olmas edi, ba'zilari tuya go'shtini eganda tahorat olsa, boshqalari tahorat olmas edi”.
Mazhabsizlik tarafdorlari qanday qilib ushbu to'rtala mazhab ham haq va to'g'ri bo'lishi mumkin degan savolni qo'yishadi. Bunga javob shuki, bu mazhablar huddi Ka'baga o'xshaydi, Ka'ba bitta, uning to'rtta tomoni bor: sharq, g'arb, shimol va janub. Odamlar xoh sharqda bo'lsin yoki g'arbda, xoh shimolda bo'lsin yoki janubda, o'z namozlarini unga qarab o'qiydi. Ular faqat turgan joyi va vaziyat sababli zohirda qarama-qarshi turgan bo'lsada, hammasining namozi sahih – to'g'ri hisoblanadi, chunki ularning hammasi bir narsaga, ya'ni Ka'baga yuzlanadi. Bu mazhablar ham shunday, ular bir manba – Qur'on va Sunnatga asoslanadi, bu mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur'on va Hadisga ergashgan bo'ladi.
Mazhabsizlik tarafdorlari o'z g'oyalarini to'g'riligini isbotlash maqsadida mazhab imomlarining “agar hadis sahih bo'lsa, u mening mazhabimdir”, degan so'zlarini keltirib, uni noto'g'ri tushuntiradi. Buning ma'nosi Imom Buxoriy va Muslimning sahih to'plamlarida mazhabga to'g'ri kelmaydigan hadislar kelib qolganda mazhabni tashlab, hadisga ergashish kerak degani emas, bu gaplar faqat mazhab ichidaga mutlaq mujtahidlarga qaratilgan. Hammaga ma'lumki, bunday kishilar hozirgi kunda yo'q.
Mazhabsizlikka chorlovchi ushbu da'vat asrlar davomida o'tgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini yo'qqa chiqaradi. Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an'ana noto'g'ri, shuncha musulmon adashgan ekan, degan xulosa kelib chiqadi. Bunday bo'lishi mumkin emas, buni tilga olishning o'zi qiyin. Bu Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning sunnatiga ham to'g'ri kelmaydi, zero u kishi shunday marhamat qiladilar: “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Boshqa bir hadisda “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” — deyilgan.
Shuningdek, bu g'oya asrlar davomida ota-bobolari amal qilib kelgan va o'zlari ham butun hayoti davomida amal qilib kelayotgan biror mazhabni tutgan omma musulmonlarning e'tirozlariga sabab bo'ladi. Natijada jamiyat hayotida turli ixtiloflar kelib chiqadi. Turli xil ixtilof va kelishmovchilik ta'sirida o'z yaqinlaridan, xalqidan va yurtidan norozi kayfiyatda bo'lgan diniy ekstrimizmga moyil kimsalar etishib chiqadi. Bundan esa, turli radikal guruhlar o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida unumli foydalanadi.
Ushbu g'oyaning salbiy oqibatlari yurtimizning yaqin tarixida ham yaqqol namoyon bo'ldi. Halqimiz o'z mustaqiligini qo'lga kiritganidan so'ng dinimizga keng yo'llar ochib berildi. Diniy-ma'rifiy sohalarda turli davlatlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi. Ammo shu bilan birga chetdan mazhabsizlik g'oyasi ham kirib keldi. Ular o'zlarining noto'g'ri, ammo zohirda go'zal da'vatlariga bir qancha yurtdoshlarimizni ishontirishga ulgurdi. Ular xalqimizning azaldan amal qilib kelayotgan hanafiylik mazhabini noto'g'riga chiqardi. Bu esa hanafiy mazhabiga amal qiluvchilarning e'tiroziga sabab bo'ldi. O'rtada nizo, tortishuv yuz berdi.
Ramazon al-Butiy “Mazhabsizlik — islom diniga tahdid solib turgan eng katta bid'atdir” deb aytgani bejiz emas. Hozirgi kunimizda hali ham yurtdoshlarimiz ichida bilib-bilmay ushbu g'oyaning ta'sirida yurgan kishilarning mavjud ekanligi bu g'oyaning ildizlarini o'rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to'g'ri tushuntirib berish va shu yo'l bilan mazhabsizlikka chek qo'yish bugungi kundagi muhim va dolzarb vazifalardan bo'lib qolmoqda. Shu bilan birga islom dunyosida tan olingan mazhablarning asl mohiyati, ularning bebaho qiymati, xususan, xalqimiz azaldan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabini xalqimizga, yoshlarimizga tushuntirish zarur.
T.Vayisov
Horazm viloyati Urganch tumani “Qambar bobo” masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi