Tinchlik — buyuk ne'mat, taraqqiyot va farovon hayotning birlamchi sharti. Ezgu maqsadlarning ro'yobi, eng avvalo, ushbu ne'matga bog'liq. Shu bois qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moliyu joni bilan kurashib kelgan.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi. Odamlarning o'zaro bir-birlariga ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo'lishi ham asosan xotirjamlik tufaylidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashishni zamon andozalariga mos holda olib borishga alohida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki globallashuv jarayonlari yuqori sur'atda kechayotgan bugungi davr inson ongu qalbiga qaratilgan tahdidlar, din niqobi ostidagi axborot xurujlari tobora kuchayib borayotgani bilan g'oyat murakkab va tahlikalidir.
Ba'zi yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar o'zlari bilib-bilmay turli diniy oqimlar, aqidaparast kuchlar ta'siriga tushib qolayotgani ham sir emas. Bunda ularga etarli diniy bilimlarga ega emasligi, g'o'rligi, muqaddas dinimizning asl mohiyatini to'la anglamasligi pand bermoqda.
Islom dinida tinchlik oliy ne'mat ekani haqida ko'p bor ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda tinchlikni saqlash va qadrlashni zimmamizga yuklab, bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” (Baqara surasi, 208-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydi. U — xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar ko'proq nimani duo qilib so'rashni savol qilishgan-da, Nabiy alayhissalom: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so'ranglar”, deb aytgan so'zlari bu ne'matlar nechog'lik muhim ekaniga dalolat qiladi. Yana bir hadisi sharifda Rasuli Akram alayhissalom shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, tani salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Tinchlik va xotirjamlik amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardan. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga burchdir. Yoshi ulug' nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug' ne'matning mustahkamligini so'rab, duo qilishi, yoshlar o'zlarining halol mehnatlari, jonkuyarligi, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog'lashlari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'lamiz.
Mamlakatimizda hukm surayotgan osuda hayotni asrash, uning barqarorligiga munosib hissa qo'shish — shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqaroning, qaysi millat va dinga mansubligimizdan, qanday kasb-kor bilan shug'ullanishimizdan qat'i nazar har birimizning eng asosiy vazifamizdir.
Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini faravon qilsin.
Homidjon IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari.
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati