Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Hatarlardan uzoq bo'laylik!

08.08.2021   2383   8 min.
Hatarlardan uzoq bo'laylik!

E'tirof etilgan mazhablarni inkor etish (mazhabsizlik) oqibatida Qur'oni karim va hadisi shariflardan xohishga ko'ra hukm olish kelib chiqadi. Bu bilan mazhabni inkor qiluvchilar o'ziga xos hukm olish yo'lini “ixtiro” qilgan bo'lishadi. Bu hol, o'z navbatida, yangi mazhabni da'vo qilishdir. Bu haqda suriyalik mashhur olim Muhammad Sayyid Ramazon Butiy rahimahulloh: “Mazhabsizlik dindan chiqishga olib boradigan ko'prikdir”, deganlar.

Qur'oni karim va hadisi shariflardan o'zboshimchalik bilan yangi hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, musulmonlar qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik (ya'ni, hukumatga qarshi chiqish), dahshatga solish, obod joylarni vayron qilish, fitna qo'zg'ash kabi dinimizda man qilingan ishlarga olib bormoqda.

Mazhablarni inkor etuvchi buzg'unchi oqimlarda kuzatilayotgan fojealardan, e'tirof etilgan fiqhiy mazhablar va aqidaviy ta'limotlarni tan olmaslik oqibatida kelib chiqadigan xatarlardan ommani ogoh etib turish burchimizdir.

1-xatar.Musulmonni kofir deyish.

Ahli sunna va jamoa ulamolari nazdida biror musulmonni kofirga chiqarish mumkin emas. Bu (takfir) juda og'ir oqibatlarga olib keladi. Halifalik zamonlarida paydo bo'lgan xavorijlar birinchi bo'lib musulmonlarni kufrda ayblashi natijasida bir qancha musulmonlar, jumladan, Hazrat Ali roziyallohu anhu qatl etildilar.

  1. Movarounnahrdan etishib chiqqan ulug' ulamolarimiz bunday buzg'unchi g'oyalarning diyorimizga kirib kelishiga yo'l qo'yishmagan. To'g'ri yo'ldagi musulmonning aqidasi qanday bo'lishi lozimligi haqida aqida kitoblarini yozib ketishgan. “Qibla ahllaridan birortasini gunoh tufayli kofir sanamaymiz. Modomiki, o'shani halol hisoblamasa. Imon bo'lsa, gunoh uni qilgan odamga zarar qilmaydi, demaymiz” (“Aqidatut Tahoviy” matni).

“Qibla ahllaridan birortasini gunoh tufayli kofir sanamaymiz” degani Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keltirgan barcha narsaga imon keltirib, dinning asosiy ruknlaridan biror narsani inkor qilmagan odamni katta yo kichik gunoh tufayli kofir deb hukm chiqarmaymiz, deganidir.

Alloh taolo katta gunoh qilgan odamni mo'minlardan hisoblab: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsa, darhol ularni yarashtiring”(Hujurot surasi, 9-oyat), deya, oxirida: “...mo'minlar og'a-inilardir. Og'a-inilaringizni kelishtirib qo'yinglar...(Hujurot surasi, 10-oyat) deb marhamat qilgan.

Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadi: “Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi”(Niso surasi, 114-oyat). Bu mo'min kishi yaxshilik qilsa, yomonliklari o'chiriladi, deganidir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu xususda quyidagi hadis sobit bo'lgan: “Kim bizning namozimizni o'qisa, qiblamizga yuzlansa, qurbonligimizni esa, u musulmondir. Bizning foydamiz u uchun ham foydadir va bizga ziyon narsa unga ham ziyondir”(Imom Buxoriy rivoyati).

Har qanday so'z yoki buzuq ish kufrga dalolat qilavermaydi. Musulmon kishini kofir deb hukm qilish uchun katta ilm bilan birga nihoyat darajada daqiq taftish qilish kerak bo'ladi. Shu bois, takfir masalasi faqat muftiy va qozilar hal qiladigan masalalardan hisoblanadi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar bir kishi birodarini “Ey kofir!” desa, batahqiq bu so'zi ikkisidan biriga qaytadi. Agar aytganidek bo'lmasa, uning o'zi kofir bo'ladi”(Imom Buxoriy rivoyati).

2-xatar. Musulmonlar rahbarlariga qarshi chiqish.

Musulmonlar rahbarlariga qarshi chiqish bog'iylikdir. Agar bog'iylar haq ustidagi rahbarga qarshi chiqqan paytda o'ldirilsa, ularga janoza o'qimaslik haqida fuqaholar fatvo berishgan.

Tahoviyning aqida kitobida quyidagilarni o'qiymiz: “Podsholarimiz va rahbarlarimizga qarshi, garchi zulm qilsalar ham, xuruj qilmaymiz, ularni duoibad ham qilmaymiz. Ularga itoat etishni Allohga itoat etish jumlasidan, ya'ni, farz deb bilamiz. Gunoh ishlarga buyursagina itoat etmaymiz. Ularning haqqiga yaxshi duolar qilib turamiz” (“Aqoid” matnlari. Shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi).

Dalil: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etinglar. Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etinglar!”(Niso surasi, 59-oyat).

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat qilsa, batahqiq, Allohga itoat qilibdi. Kim menga isyon qilsa, batahqiq, Allohga isyon qilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

3-xatar.Nohaq qon to'kish.

“Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g'azabi va la'nati yog'ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir”(Niso surasi, 93-oyat).

Mo'min kishini qasddan o'ldirish qul ozod qilish yo xun to'lash bilan ham yuvib bo'lmaydigan katta jinoyat va gunohdir. Mo'min mo'minni qasddan o'ldirish bir aybsiz jonga qo'shib, imondek ulug' ne'mat tufayli vujudga kelgan din qardoshini ham o'ldirishdir. Shu bois ham qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar – jahannamda abadiy qolish, Allohning g'azabiga va la'natiga duchor bo'lish va u  Zot tayyorlab qo'ygan ulkan azob va'da qilinmoqda.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmonning o'ldirilishi Allohning huzurida dunyoning tugashidan ham og'irroqdir”, deganlar.

“Ana o'sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo'ydik: “Biror jonni o'ldirmagan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaymiz; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz, amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Alloh taolo barchamizni O'zi rozi bo'ladigan amallarda, to'g'ri e'tiqodda sobitqadam qilsin!

Farrux HUDOYBYeRDIYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi mutaxassisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   11525   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari