Taraqqiyotimizning rivojlanayotgan bosqichida yangi O'zbekistonda diniy qadriyatlarni tiklash va asrab-avaylashga qaratilgan ko'plab hukumat qarorlari qabul qilinib, hayotga joriy qilinmoqda.
Buyuk allomalarimizning ziyoratgohlari tiklanib, ularning ilmiy meroslari o'rganishga keng e'tibor qaratilmoqda. So'nggi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Hakim Termiziy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshband, Suzuk ota kabi allomalarimiz nomlari bilan bog'liq qadamjolar obodonlashtirildi.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Sulton Uvays Qoraniy”, Mavlono Aliyyul qori va “G'oyibbuva” nomidagi masjid-majmualarining yangi binolarining oichlishi hamda Isoqxon to'ra Ibrat nomli muzey, ilmiy maktab va bog' barpo etilishi yurtdoshlarimizning yanada quvonchiga quvonch bag'ishladi.
Ayniqsa, “Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurtining jahon andozalariga to'la mos keladigan yangi o'quv binosi, anjumanlar zali va sport kompleksi binolarining foydalanishga topshirilishi viloyat ahlining qalbini surur bilan nurafshon etdi.
Yurtimiz va musulmon dunyosidan etishib chiqqan ulug' mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon tsivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo'shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targ'ib qilish imkoniyatlari yaratildi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi va Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi muassasalarning tashkil etilgani, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf maktablariga asos solingani, o'nlab yangi masjidlar ochilayotgani bu boradagi ishlar ko'lami nechog'li keng ekanidan dalolat beradi.
“Jaholatga qarshi ma'rifat” ulug'vor g'oyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma'rifiy faoliyatni jadal tashkil etish yo'lga qo'yildi.
Islom an'analariga xos mehr-shavqat, sahovat va xayriya ishlarini kuchaytirish, diniy soha xodimlarini rag'batlantirish kabi ezgu maqsadlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Sayt va ijtimoiy tarmoqlarda islom dini ma'rifati mavzularini keng yoritishda erkinlik ta'minlanishi barobarida salmoq va sifat ham sezilarli darajada oshdi.
Mo'min-musulmonlarning diniy savollariga o'z vaqtida tezkor javob berish maqsadida, koll-markaz, telegram bot va alohida fatvo.uz sayti ishga tushirildi.
Alloh taolo qur'oni karimda:
“Agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…”,- deb ta'kidlagan (Ibrohim surasi 7-oyat).
Inson o'zidagi ne'mat haqida mulohaza yuritishi, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rishi bilan uning qadrini anglaydi.
Bu esa yanada ko'proq Allohga shukr qilishga undaydi.Albatta, bu Alloh taologa xush keladi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo'lishiga sabab bo'ladi.
Alloh taolo barchamizga yuqoridagi kabi ne'matlarning qadriga etish, uning uchun shukrlar aytib, uni yanada mustahkam va bardavom bo'lish yo'lida savobli amallarni qilishimizni nasibu ro'zi aylasin!
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Istanbul shahrining Arnautko‘y tumanida joylashgan “Kolyon Xolding” qurilish kompaniyasida faoliyat yuritayotgan 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ishchi-xizmatchilar bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turgan Namangan viloyat bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov va Qarshi shahridagi “Aralovul” jome masjidi imom-xatibi Odiljon domla Jabborov yurtdoshlarimiz bilan «Islomda odob va axloq» hamda «Vatanga muhabbat» mavzularida samimiy suhbat qurdi.
Muloqot chog‘ida islom dinida go‘zal xulq, kattalarga hurmat, halol mehnat va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, musofir yurtda yurgan vatandoshlar uchun yurt sha’nini munosib saqlash, qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish hamda Vatan qadrini teran anglash lozimligi ta’kidlandi.
Samimiy ruhda kechgan tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati