Soxta salafiylar “To'rt mazhab imomlari shariat masalalarida musulmonlar o'rtasini bo'lib tashlaganlar”, deya da'vo qilishadi. Chindan ham shundaymi?
To'rt mazhab imomlari va faqihlarining ixtilofi shariatning furu'iy masalalarida bo'lgan, xolos. Ammo aqida va usulud dinda esa ularning o'rtasida hech qanday ziddiyat yo'q. Furu'iy masalalardagi ayrim kichik bahslar sahobalar zamonidan beri mavjud.
Misol uchun, Ibn Abbos roziyallohu anhumo “avl”1 – ilmi faroizga tegishli masala haqida Umar roziyallohu anhuga xilof qilgan. Umar roziyallohu anhu fikriga esa jumhur sahobalar bir ovozdan qo'shilishgan. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumo biror narsa demagan. Lekin ijmo, keyin Umar va sahobalar roziyallohu anhumning “avl” haqidagi fikrlarini haq deb topgan.
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Me'roj kechasida Rabbilarini ko'rganlari haqida ham ixtilof qilishgan. Ibn Abbos, Abu Hurayra va ulardan boshqa sahobalar: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z Rabbilarini ko'rganlar”, degan. Oysha, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Rabbilarini ko'rmaganlar, balki Jabroil alayhissalomni ko'rganlar”, deyishgan.
Tobeinlar zamonida furu'2 masalalarida mujtahidlarning ixtiloflari ham ko'zga tashlanadi. Har bir Islom o'lkasining o'z mujtahidlari bo'lgan. Masalan, Iroq va Hijozning ushbu mujtahidlari mashhur bo'lishgan: Urva ibn Zubayr, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Alqama ibn Musayyib, Nofe', Sulaymon ibn Yasor va boshqalar. Shuningdek, boshqa islomiy o'lkalarning mujtahidlari ham ilmda dong taratishgan.
Tabaa tobeinlar va mujtahid imomlar zamonida ijtihodiy furu' masalalarida ixtilof davom etdi. Ushbu zamonlarning yaxshiligi haqida esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam guvohlik berganlar.
Mujtahidlarning furu' masalalaridagi ixtiloflari musulmonlarni bo'lib, ularni firqa-firqa qilib tashlamagan. Ashobi havolar3 esa – mu'tazilalar va xavorijlar4 Islom ummatini parokanda qiladigan firqalardan hisoblanadi.
Furu' masalalarida faqihlarning ixtiloflaridan zarar ko'rilmagan. Bu ixtiloflar musulmonlarni ajratib tashlashga olib borishi mutlaqo mumkin emas.
“Bir masalada ijtihodlar ko'p bo'lishining sababi nima? Axir, Qur'on ham, arab tili ham bir-ku! Faqihlar furu' masalalaridagi ixtilofni qo'yib, barcha ijtihodlarini bitta qilishsa bo'lmasmidi?” degan savol tug'ilishi tabiiy.
Men bu savolga bunday javob beraman: “Bu mushkul ishdir. Chunki Kitob va sunnatning nass5-dalillari tarkiblar hamda xilma-xil uslublarga ega, arabiy lafzlardan tashkil topgan bo'lsa-da, lekin ular bir-biriga zid emas. Bular o'z atrofidagi fikrlarning sanog'ida va ulardan olinadigan hukmlarning navlarida bir xil.
Imom Shotibiy bu masalalarni jamlagan. Ibn Sayyid uni “Mujtahidlar o'rtasida xilofga olib boradigan sabablar” deb sarlavha qo'yib, quyidagicha bayon etgan:
a) yolg'iz bir lafzning o'rnidagi mushtaraklik bo'lib, “quru'” so'zi kabidir. Bu so'z hayzga dalolat qilganidek, poklikka ham dalildir.
b) so'zning tuslanishidagi mushtaraklik. Alloh taoloning: وَلَا يُضَارَّ كَاتِبٌ وَلَا شَهِيدٌ
“Kotib ham, guvoh ham zararlanmaydi” (Baqara surasi, 282-) oyatida “Va la yuzoorra” so'zi kotib yoki guvoh tomonidan o'z ishida ziyoda va kamchilik bilan zarar kelishi joiz emas, degan ma'noga ehtimol qilinadi. Shuningdek, u kotib yoki guvohga o'z majburiyatlarini bajarayotgan paytda zarar berish joiz emas, degan ma'noga ham ehtimol qiladi.
v) tarkib jihatidan mushtaraklik. Alloh taoloning: إِلَيْهِ يَصْعَدُ الْكَلِمُ الطَّيِّبُ وَالْعَمَلُ الصَّالِحُ يَرْفَعُهُ
“Hush so'z Unga yuksalur va yaxshi amalni ham (Alloh O'z dargohiga) ko'tarur” (Fotir surasi, 10-) oyatida “ho” lafzi yaxshi amalga qaytishi ehtimol qilinadi. Shuningdek, xush so'zga ham.
a) yolg'iz lafzga qaytuvchi narsa. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ushbu so'zlariga o'xshash: “Rabbimiz dunyo osmoniga tushadi”. “Tushadi” degan lafz haqiqatan tushishga va majoziy tushishga ehtimol qilinadi. Lekin Allohning komilligi va ulug'ligiga munosib bo'lgan narsa uni o'z haqiqatidan burib yuboradi. Ahli sunna val jamoa nazdida esa uning majozga haml qilinishi vojib bo'ladi. Ammo mujassimalar6 esa uni aslicha qoldirishgan.
b) lafzning ahvoliga qaytadigan narsa. Alloh taoloning quyidagi so'ziga o'xshash:
بَلْ مَكْرُ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ
“Balki kecha va kunduzning makri” (Saba' surasi, 33-) oyatida makr kofirlardan bo'lganiga ehtimol qilinadi. Bu esa haqiqatdir. Makr kecha va kunduzdan bo'lganiga ham ehtimol qilinadi, bu esa majoziydir.
v) tarkib jihatiga qaytadigan narsa imkonsiz narsani mumkin bo'lgan narsa shaklida keltirish, buyruq fe'lini xabar suratida keltirish, madhni ayblov siyg'asi bilan keltirish va hokazo.
Dalilni umumiy va xos ma'nolarga burish. Alloh taoloning:
لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ
“Dinga majburlab kiritish yo'q” (Baqara surasi, 256-) oyati odamlarning hammasini Islom dinini qabul qilishlariga zo'rlashni bekor qiladigan umumiy holatmi? Yoki ahli kitoblarning jizyani7 qabul qilishlari bilan ularga umumiy aytganmi? Yoxud oyat ular tufayli nozil bo'lgan kishilarga tegishlimi?
Bu hadislarning barchasi ham sahih bo'lib, ularning ba'zilarini mujtahidlar hujjat qilib olishgan bo'lsa, ba'zilarini esa yo'q.
Muxtasar aytganda, soxta salafiylar aytayotganidek, ahli sunna val jamoa mazhablari musulmonlarni bo'lib tashlamagan, balki mujtahidlarni biror furu'iy masalada dalil-hujjatlar asosida bahslashib, haqiqatni ongli ravishda anglab etishga chorlagan. Zotan, adolatli va asosli bahs taraqqiyotga xizmat qiladi.
Doktor Abdulqodir Iso Diyabning
“Al-Miyzan al-odil litamyizal haqqi
minal botil” kitobidan
Toshkent shahar
“Al-Badr” jome
masjidi imom noibi
Murodulloh MAJIDOV
tarjimasi
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.
Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.
“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.
Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.
Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.
Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.
Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.
“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.
Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati