2025 yili Checheniston poytaxti Grozniyda Muso payg'ambar nomidagi ilmiy-ma'rifiy islom markazini ochish rejalashtirilgan. Bu haqda Checheniston madaniyat vaziri o'rinbosari Mamed Madayev “IslamNews”ga ma'lum qildi.
“Grozniy shahrida ko'plab islomiy majmualar, masjidlar, hofizlik maktablari qurilgan va hozirda ham qurilmoqda. 2025 yilda Rossiyadagi eng yirik ilmiy-ma'rifiy islom markazi ochiladi”, dedi u Grozniyning madaniyat poytaxti taqdimoti chog'ida.
Mazkur islom markazi hududida Rossiyaning eng yirik ilmiy-ma'rifiy majmuasi va masjidi quriladi. Shuningdek, uning tarkibida kutubxona va sinfxonalar, qadimiy qo'lyozmalarini tiklash uchun tadqiqot bo'limlari tashkil etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat, deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov.
Uning aytishicha, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi.
“Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi”, - Bo‘ronov so‘zidan iqtibos keltiradi “Zarafshon” nashri.
Uning fikriga ko‘ra, Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. “Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, - o‘z so‘zini yakunladi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati