Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Gunohlar sababidan hozirgi kunda turli azoblar sodir bo'lmoqda. Bir shaharni er yutgan, bir shaharda qattiq shamol, yana birida qahatchilik bo'lgan, ba'zi joylarda suv yo'q, boshqa joylarda esa suv haddan oshib ketgan, bir joy qahraton sovuq bo'lsa, boshqasida jazirama issiq. Ba'zi joylarda odamlar ko'p halok bo'lyapti, ba'zi joyda bo'ron bo'lmoqda, yana ba'zi joylarga o't ketyapti, ba'zi joylarda qattiq shamol hali pishib etilmagan mevalarni daraxtlardan to'kib yubormokda. Ba'zi joyda sulton zolimlik qilmokda, yana ba'zi joylarda vabo tarqamoqda. Bularning barchasiga bizning g'iybat singari gunohlarimiz sababdir. Odamlar bu ishlarning barchasidan tavba qilishlari lozim. Ularga hayronman, yomg'ir yog'may qolsa yoki shiddatli shamol kelsa, qo'rqib duoga qo'l ko'taradilar, biroq azobga sabab bo'ladigan ishlardan tiyilmaydilar. Ibodat va yaxshi ishlardan charchasalar ham, g'iybat qilishdan charchamaydilar. Shuning uchun qilgan duolari ham qabul bo'lmaydi. Gunox qilaverib, dillari kotib ketgani sababli hargiz nasihatni qabul qilmaydilar. Gohida jannat zikr qilinsa, jannat so'rab duo qilib qo'yaveradilar, lekin unga kirishga monelik qiladigan ishlardan parhezlari yo'q. Ma'ruza qiluvchining nasihatini eshitadilar-u, uning yonidan chiqqach, yana o'z yo'llarida (gunoh qilishda) davom etaveradilar.
«G'iybat o'zi nima?» kitobi asosida tayyorlandi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV