Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Aqidada adashmaylik

26.07.2021   1780   7 min.
Aqidada adashmaylik

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa, eldur.

Sufi Ollohyor.

Har bir musulmonning aqidasi to'g'ri bo'lishi shart, aqidasi noto'g'ri bo'lgan kishining qilgan amallari  zarracha foydasi bo'lmaydi. Aqida bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, sof Aqidani bilmagani sababli, qilgan ibodatlari unga hech qanday foyda bermaydi. Chunki dinda ixlosning o'zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz, yolg'iz ixlosning o'zi bilan najot topaman degan kishilar adashadilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo'lni bilmasdan yo'lga chiqqan yo'lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko'ra fasodi ko'proq bo'ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo'ldi va ilmni tark qildilar. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko'tarib chiqdilar. Agar ularda ilm bo'lganida, ular bu ishni qilmagan bo'lar edi”, deganlar.

U zotning ushbu so'zlari xavorijlarga nisbatan aytilgandir. Ma'lumki, xavorij firqasi o'zlariga qarshi bo'lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to'kishni halol sanaganlar. O'zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” deb nomlashgan. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (Muoviya roziyallohu anhu bilan qilingan bitimni) qabul qilishini kufr deb hisoblagan. Bu bilan xavorij firqasi o'sha davrda adashgani va Allohga qarshi chiqgani ma'lum bo'lgan. Chunki ular (xavorij firqasi) Alloh taolo Rasuli orqali unga jannat bashoratini bergan Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqarishgan. Ali roziyallohu anhu ularning da'volariga javob berish hamda ularni to'g'ri yo'lga boshlash uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va adashgan xavorij  firqasining etakchilari o'rtasida keng bahs-munozara bo'lib o'tgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ularning xatolarini ilmiy isbotlab berganlaridan so'ng ulardan ikki mingdan ziyodi xavorijlikdan qaytgan edi.

Ming afsuski, bugungi kunda ham xuddi shu xavorijlar kabi “takfirchi” oqimlar Arab o'lkalarida, ayniqsa, Suriyada paydo bo'lib, musulmonlar ommasini kufrda ayblab, do'zaxga hukm qilayotgani achinarli holatdir. Aslida, musulmon kishi qachon dindan chiqadi? Gunohlar sababli musulmon kishini kofir deyish joizmi? Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarida musulmonlarni kufrga chiqarishdan qattiq qaytarganlar.  Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir kishi o'zining birodariga “Ey kofir”, desa, (kufr hukmi) ikkisidan biriga qaytadi dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisda musulmon kishini kofirga chiqaruvchilar uchun katta tahdid bordir. Agar u kishining gapi rost bo'lsa, mazkur birodarining kofir ekani tabiiydir. Ammo uning gapi yolg'on bo'lib chiqsa, shu gapni aytgan kishining o'zi kofir bo'ladi. Chunki u kishi bu so'zi bilan mo'min kishiga kofirlik hukmini bergan bo'ladi yoki imonni kufr degan bo'ladi. Aslida, birovni kofir deyish yoki kufrga chiqarish bilan kishi biror savobga erishib qolmaydi. Lekin gapi noto'g'ri bo'lib chiqsa, o'zi kofir  bo'ladi.

Dinimiz ta'limotida musulmon kishi o'zini imonga kiritgan narsani inkor qilgani aniq bo'lmaguncha, garchi katta gunoh sodir qilgan bo'lsa-da, modomiki, gunohni halol sanamagan bo'lsa, uni kufrga hukm qilish aslo mumkin emasdir. U banda gunohi kabira qilishi bilan fosiq bo'ladi, lekin kofir bo'lmaydi.  Buni bilish uchun ilm kerak. Inson to'g'ri yo'ldan ketayotganini bilishi uchun avval to'g'ri yo'l qaysi ekanini bilib olishi lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.

  Bugungi kunda yoshlarning aqidasi to'g'ri bo'lishi uchun ota-ona, ustoz va murabbiylardan katta mas'uliyat talab qilinadi. Ilmni, ayniqsa, diniy bilimni yoshlarimiz turli internet yoki shu kabi axborat vositalar orqali o'rganib, o'zlari bilmagan holda noto'g'ri e'tiqodga kirib qolishmoqda. Ilm internetdan olinmaydi. Ko'pgina aqidaviy va fiqhiy masalalarda nafaqat internet, hatto kitobning o'zi ham kifoya qilmaydi. Internet ham, kitob ham hech qachon jonli ustozning o'rnini bosa olmaydi. Diyorimizda diniy bilimlardan ta'lim beradigan ko'plab o'quv dargoxlari faoliyat yuritmoqda. Bolalarimizning aqidasi to'g'ri shakllanishi uchun ular madrasa ko'rgan, intizomiy dars o'qigan jonli ustozlardan ta'lim olishlari zarurdir.

Hakimlardan biri aytgan ekan: “Insonning hidoyat topishida kitobning o'zi kifoya qilmaydi. Chunki kitob ustoz bo'la olmaydi. Balki jonli, ya'ni, insonlardan bo'lgan ustozning o'rni o'ta muhimdir. Agar kitobning o'zi ustozlikka kifoya qilganida, Alloh taolo minglab payg'ambarlarni yubormagan bo'lar edi. E'tibor bering, qancha kitob berilganu, qancha payg'ambarlar yuborilgan. To'rtta kitob berilgan bo'lsa, yuz mingdan ziyod (ba'zi rivoyatlarda bir yuz yigirma turt ming deyilgan) payg'ambarlar yuborilgan. Payg'ambarlarning hammasi ham kitob olib kelishmagan. Lekin ularning barchasi ustoz bo'lib kelganlar”.

Afsuski, bugungi kunda Suriya, Afg'oniston kabi mamlakatlarda din niqobi ostida begunoh odamlarning qonini to'kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etmoqda. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda bu urushlarga diniy tus berilyapti. Jangarilar o'zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl qilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz.

Musulmon kishi ogoh bo'lib, tinchlikka rahna soladigan ishni ko'rsa, biror bir buzg'unchilikka guvoh bo'lsa, darhol oldini olishi lozim. Tinchlikning buzilishi esa — ilm va ma'rifat yo'lining to'silishi, o'zaro yaxshilikning uzilishi, kasb qilishning qiyinlashishi, yashash og'irlashi, noto'g'ri xabarlarning tarqalib yurishi, odamlarning eshitganiga ishonib ketaverishi, xalq o'rtasida vahimaning tarqalishi, rost xabarlarning inkor qilinishi, odamlarning begunoh qonlari to'kilishi, ayollarning beva qolishi, yosh bolalarning etim bo'lishi kabi musibatlarga sabab bo'ladi. Tinchlik yo'qolsa jaholat kuchayadi, har xil jinoyatlar ko'payadi va zulm tarqaladi.

Bizlar shu zaminda yashar ekanmiz barchamiz birlashib bu mustaqil yurtimizni turli yot g'oya va kuchlardan ko'z qorachig'imizdek asrashimiz lozim bo'ladi.

Alloh taolo jannatmakon yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O'zi asrasin! Halqimizni ajdodlariga munosib to'g'ri aqidada sobit turadigan xalqlardan qilsin!

 

Aminjon Ismoilov,

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi

(Juma mav'izalari asosida tayyorladi)

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

20.08.2026   22760   7 min.
NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.

Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:

“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.

“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.

Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.

Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.

Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.

Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.

Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.

To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.

Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.

 

Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari

Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:

الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ

1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.

جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ

2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.

عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ

3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.

Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ

1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ

2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.

Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.

Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.

Bid’atning turlari.

“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).

Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.

Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ

“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA