Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, eldur.
Sufi Ollohyor.
Har bir musulmonning aqidasi to'g'ri bo'lishi shart, aqidasi noto'g'ri bo'lgan kishining qilgan amallari zarracha foydasi bo'lmaydi. Aqida bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, sof Aqidani bilmagani sababli, qilgan ibodatlari unga hech qanday foyda bermaydi. Chunki dinda ixlosning o'zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz, yolg'iz ixlosning o'zi bilan najot topaman degan kishilar adashadilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo'lni bilmasdan yo'lga chiqqan yo'lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko'ra fasodi ko'proq bo'ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo'ldi va ilmni tark qildilar. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko'tarib chiqdilar. Agar ularda ilm bo'lganida, ular bu ishni qilmagan bo'lar edi”, deganlar.
U zotning ushbu so'zlari xavorijlarga nisbatan aytilgandir. Ma'lumki, xavorij firqasi o'zlariga qarshi bo'lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to'kishni halol sanaganlar. O'zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” deb nomlashgan. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (Muoviya roziyallohu anhu bilan qilingan bitimni) qabul qilishini kufr deb hisoblagan. Bu bilan xavorij firqasi o'sha davrda adashgani va Allohga qarshi chiqgani ma'lum bo'lgan. Chunki ular (xavorij firqasi) Alloh taolo Rasuli orqali unga jannat bashoratini bergan Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqarishgan. Ali roziyallohu anhu ularning da'volariga javob berish hamda ularni to'g'ri yo'lga boshlash uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va adashgan xavorij firqasining etakchilari o'rtasida keng bahs-munozara bo'lib o'tgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ularning xatolarini ilmiy isbotlab berganlaridan so'ng ulardan ikki mingdan ziyodi xavorijlikdan qaytgan edi.
Ming afsuski, bugungi kunda ham xuddi shu xavorijlar kabi “takfirchi” oqimlar Arab o'lkalarida, ayniqsa, Suriyada paydo bo'lib, musulmonlar ommasini kufrda ayblab, do'zaxga hukm qilayotgani achinarli holatdir. Aslida, musulmon kishi qachon dindan chiqadi? Gunohlar sababli musulmon kishini kofir deyish joizmi? Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarida musulmonlarni kufrga chiqarishdan qattiq qaytarganlar. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir kishi o'zining birodariga “Ey kofir”, desa, (kufr hukmi) ikkisidan biriga qaytadi dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisda musulmon kishini kofirga chiqaruvchilar uchun katta tahdid bordir. Agar u kishining gapi rost bo'lsa, mazkur birodarining kofir ekani tabiiydir. Ammo uning gapi yolg'on bo'lib chiqsa, shu gapni aytgan kishining o'zi kofir bo'ladi. Chunki u kishi bu so'zi bilan mo'min kishiga kofirlik hukmini bergan bo'ladi yoki imonni kufr degan bo'ladi. Aslida, birovni kofir deyish yoki kufrga chiqarish bilan kishi biror savobga erishib qolmaydi. Lekin gapi noto'g'ri bo'lib chiqsa, o'zi kofir bo'ladi.
Dinimiz ta'limotida musulmon kishi o'zini imonga kiritgan narsani inkor qilgani aniq bo'lmaguncha, garchi katta gunoh sodir qilgan bo'lsa-da, modomiki, gunohni halol sanamagan bo'lsa, uni kufrga hukm qilish aslo mumkin emasdir. U banda gunohi kabira qilishi bilan fosiq bo'ladi, lekin kofir bo'lmaydi. Buni bilish uchun ilm kerak. Inson to'g'ri yo'ldan ketayotganini bilishi uchun avval to'g'ri yo'l qaysi ekanini bilib olishi lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.
Bugungi kunda yoshlarning aqidasi to'g'ri bo'lishi uchun ota-ona, ustoz va murabbiylardan katta mas'uliyat talab qilinadi. Ilmni, ayniqsa, diniy bilimni yoshlarimiz turli internet yoki shu kabi axborat vositalar orqali o'rganib, o'zlari bilmagan holda noto'g'ri e'tiqodga kirib qolishmoqda. Ilm internetdan olinmaydi. Ko'pgina aqidaviy va fiqhiy masalalarda nafaqat internet, hatto kitobning o'zi ham kifoya qilmaydi. Internet ham, kitob ham hech qachon jonli ustozning o'rnini bosa olmaydi. Diyorimizda diniy bilimlardan ta'lim beradigan ko'plab o'quv dargoxlari faoliyat yuritmoqda. Bolalarimizning aqidasi to'g'ri shakllanishi uchun ular madrasa ko'rgan, intizomiy dars o'qigan jonli ustozlardan ta'lim olishlari zarurdir.
Hakimlardan biri aytgan ekan: “Insonning hidoyat topishida kitobning o'zi kifoya qilmaydi. Chunki kitob ustoz bo'la olmaydi. Balki jonli, ya'ni, insonlardan bo'lgan ustozning o'rni o'ta muhimdir. Agar kitobning o'zi ustozlikka kifoya qilganida, Alloh taolo minglab payg'ambarlarni yubormagan bo'lar edi. E'tibor bering, qancha kitob berilganu, qancha payg'ambarlar yuborilgan. To'rtta kitob berilgan bo'lsa, yuz mingdan ziyod (ba'zi rivoyatlarda bir yuz yigirma turt ming deyilgan) payg'ambarlar yuborilgan. Payg'ambarlarning hammasi ham kitob olib kelishmagan. Lekin ularning barchasi ustoz bo'lib kelganlar”.
Afsuski, bugungi kunda Suriya, Afg'oniston kabi mamlakatlarda din niqobi ostida begunoh odamlarning qonini to'kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etmoqda. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda bu urushlarga diniy tus berilyapti. Jangarilar o'zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl qilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz.
Musulmon kishi ogoh bo'lib, tinchlikka rahna soladigan ishni ko'rsa, biror bir buzg'unchilikka guvoh bo'lsa, darhol oldini olishi lozim. Tinchlikning buzilishi esa — ilm va ma'rifat yo'lining to'silishi, o'zaro yaxshilikning uzilishi, kasb qilishning qiyinlashishi, yashash og'irlashi, noto'g'ri xabarlarning tarqalib yurishi, odamlarning eshitganiga ishonib ketaverishi, xalq o'rtasida vahimaning tarqalishi, rost xabarlarning inkor qilinishi, odamlarning begunoh qonlari to'kilishi, ayollarning beva qolishi, yosh bolalarning etim bo'lishi kabi musibatlarga sabab bo'ladi. Tinchlik yo'qolsa jaholat kuchayadi, har xil jinoyatlar ko'payadi va zulm tarqaladi.
Bizlar shu zaminda yashar ekanmiz barchamiz birlashib bu mustaqil yurtimizni turli yot g'oya va kuchlardan ko'z qorachig'imizdek asrashimiz lozim bo'ladi.
Alloh taolo jannatmakon yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O'zi asrasin! Halqimizni ajdodlariga munosib to'g'ri aqidada sobit turadigan xalqlardan qilsin!
Aminjon Ismoilov,
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi
(Juma mav'izalari asosida tayyorladi)
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi