Shu yil 26-29 noyabr' kunlari Qozon shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) davlatlarining II Yoshlar ilmiy kongressi bo'lib o'tadi. Tatariston Respublikasi Yoshlar masalalari vaziri Rinat Sodiqov, Yoshlar diplomatiyasi akademiyasi raisi Dilbar Sodiqova, Qozon federal universiteti (KFU) tashqi aloqalar bo'yicha prorektori Timirxon Alishevlar matbuot anjumanida shu haqda so'z yuritdi. Bu haqda “Islam-today” sayti xabar berdi.
IHTga a'zo 20 dan ortiq davlatdan 100 nafar yosh olim va tadqiqotchi IHT davlatlarining II Yoshlar ilmiy kongressida qatnashadi.
Dilbar Sodiqovaning so'zlariga ko'ra, ishtirokchilarning aksariyati uchun bo'lajak Kongress ilk bor xorijga sayohat qilish va o'z ilmiy ishlanmalarini jahon hamjamiyatiga taqdim etish imkoniyatini beradi.
Kongress yo'nalishlari orasida biomeditsina va biotexnologiya, neft, gaz va ta'lim texnologiyalari, xalqaro munosabat va huquq, arxitektura, dizayn va san'at yo'nalishlari bor.
IHT mamlakatlari II Yoshlar ilmiy kongresi yakunida ishtirokchilarning ilmiy ishlari to'plami nashr etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati