Samarqandda “Hotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha O'zbekiston va Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ga a'zo mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro forum bo'lib o'tmoqda.
Anjumanda 20 dan ortiq davlatdan 40 ga yaqin xorijiy mehmonlar – Islom hamkorlik tashkiloti vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi va tuzilmalari xodimlari, hukumat, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.
Tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining gumanitar, madaniy va ijtimoiy masalalar bo'yicha o'rinbosari doktor Tarig Ali Baxit, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Zulayho Mahkamova so'zga chiqdi.
Forum oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarining o'zaro hamkorligini yanada rivojlantirish va tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Pokistonning “The Diplomatic insight” portalida Pokiston tinchlik va diplomatik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Asif Nur qalamiga mansub O‘zbekistonning ma’rifatparvar merosi sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“O‘zbekistonning eng katta boyligi faqat Samarqand, Buxoro va Xivaning mahobatida emas. Bu qadim yurtning eng katta boyligi insoniyatga hisoblashni, davolashni, osmon jismlarini kuzatishni, e’tiqodni anglashni, adolat bilan boshqarishni va tilga tamadduniy ohang bag‘ishlashni o‘rgatgan buyuk tafakkur sohiblarining vorisligidadir”, –deb yozgan muallif.
Muhammad Asif Nurning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bugun O‘zbekistonda muzeylar, ilmiy markazlar, ixtisoslashtirilgan maktablar, kitobxonlik dasturlari va madaniy diplomatiya orqali Uchinchi Renessansning poydevoriga tamal toshi qo‘yilyapti.
“Bu maqsad 2026 yil 17 mart kuni Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan yanada aniq ifoda topdi. 1 iyunga qadar markazga yarim million kishi, jumladan, 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya tashrif buyurdi. Qariyb 2 000 nafar olim 810 ta tegishli loyihada ishtirok etdi, 1 000 dan ortiq madaniy ashyo esa xorijdan O‘zbekistonga qaytarildi. Rasmiy ma’lumotlar mamlakat xotirani ta’lim va milliy ishonchga aylantirayotganini ko‘rsatadi”, – deya qayd etilgan nashrda.
Shuningdek, maqolada 2026 yilda Samarqand yaqinidagi Imom Buxoriy majmuasi qayta qurilib, ziyoratchilar uchun ochilgani e’tiroq etilgan. Unda 10 ming kishilik masjid, muzey va ilmiy-tadqiqot muassasalari barpo etildi. Majmuaning kunlik tashrif buyuruvchilarni qabul qilish imkoniyati 65 ming kishiga yetdi va birinchi oyning o‘zida majmuaga bir milliondan ortiq odam tashrif buyurdi. Bu maskan ziyoratni bilim, tadqiqot va ma’naviy tarbiya bilan uyg‘unlashtiradi.
Muallif o‘z maqolasida Amir Temur va Temuriylar merosining O‘zbekiston tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratgan.
“Temuriylar davri nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tamaddunida ham muhim palla hisoblanadi. Amir Temur Samarqandni qudratli davlat markaziga aylantirdi va me’morchilik, ilm-fan hamda madaniyat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatladi. 2026 yilda O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi qayta rekonstruksiya qilindi va aprel – Amir Temur oyi deb e’lon qilindi”, – deyiladi manbada.
Asif Nurning e’tirof etishicha, O‘zbekistonda ma’rifatparvarlik g‘oyalari hech qachon faqat qo‘lyozmalar bilan cheklanib qolmagan. U mahallada, ustoz va keksalarga hurmatda, ustoz-shogird an’analarida va mehmondo‘stlikda yashaydi. U Shashmaqom ohanglarida yangraydi, Lazgi raqsida namoyon bo‘ladi, Askiya san’atida tilga kiradi, baxshilar ijrosida hikoya qilinadi, atlas va adras matolarida o‘z ifodasini topadi. YUNЕSKO tomonidan tan olinishi bu an’analarning jahon miqyosidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.
Muallif o‘z maqolasini “O‘zbekistonning ma’rifatparvar merosining ildizlari qadimiy – ammo uning haqiqiy manzili – kelajakdir”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati