Bugungi kunda turli mutaassib kuchlar tomonidan diniylik va dunyoviylik nisbati buzib talqin qilinib, davlatga oid dunyoviy ishlardan dinni ajratish axloqsiz jamiyat qurishga olib kelishi haqidagi noxolis da'volar tobora ko'proq yangramoqda.
Musulmonlarning dunyoviy davlatda yashashi ilmiy isbot talab qilmaydi. Nafaqat G'arbiy Yevropa, Amerika yoki Avstraliyadagi aholining ozchiligini tashkil qiluvchi musulmonlar, aholisining mutlaq ko'pchiligi musulmonlardan iborat Turkiya, O'zbekiston tajribasi ham shundan dalolat beradi. Vijdon erkinligi xalqaro miqyosda barcha demokratik tizimlarda kafolatlangan va inson huquqlariga oid xalqaro deklaratsiyada belgilab qo'yilgan muhim huquq hisoblanadi. Demokratik nazariya, bir tomondan, dinni undan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlardan saqlaydi, boshqa tomondan esa, uni mutaassiblik va jaholatda ayblashlardan himoya qiladi.
Dunyoviylik tushunchasini diniylik bilan mutlaq qarama-qarshi qo'yish to'g'ri emas. Ular dunyo va inson hayotining mohiyatiga turlicha qarash usullaridir. Dunyoviylik tushunchasida diniy tashkilotlarni siyosiy tashkilotlardan ajratish va diniylikni barcha uchun asos qilib olmaslik tamoyili turadi. Dindorlik esa, qalbga bog'liq hissiyot. Uni barchaga majburiy singdirish hech qaysi diniy tamoyilga to'g'ri kelmaydi. Dunyoviy taraqqiyot yo'lini tutgan davlatlarda garchi din davlatdan ajratilgan bo'lsa-da, jamiyatdan ajralmagan. Bugungi kun voqeligi shuni ko'rsatyaptiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar muvozanati buzilgan jamiyatlarda ijtimoiy taraqqiyot masalasida jiddiy muammolar kelib chiqmoqda.
Islom dinida dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmaydi. Islom dinining muqaddas manbalari — Qur'oni karim va Sunnada ham dunyoviylik tamoyillari asosini ko'rishimiz mumkin. Qur'oni karimdagi “Dinda (dinga) zo'rlash yo'q” (Baqara, 256) oyatida dunyoviylikning eng muhim asoslaridan biri mujassam bo'lgan. Unga ko'ra, diniy hayot tarzini majburlab singdirish mumkin emas. Ushbu oyatning so'nggi nozil bo'lgan oyatlardan ekani ham alohida e'tiborga molik.
Diniylik va dunyoviylik haqida so'z borganda, davlatchilik mavzusini ham nazardan chetda qoldirish mumkin emas. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom Madinaga ko'chib o'tganlarida tuzilgan tarixiy hujjat — Madina sahifasida (zamonaviy tilda Madina konstitutsiyasi) dunyoviy davlatchilikning muhim jihatlarini ko'rish mumkin. Ushbu sahifa Madinadagi turli ijtimoiy guruhlarning o'zaro tinch-totuv yashashini ta'minlashga qaratilgan edi. Sahifada eski urf-odat va an'analar e'tirof etildi, barcha toifalarning dini, kelib chiqishidan qat'i nazar, tengligi ko'rsatib o'tildi, ichki va tashqi xavfsizlik hamda hamkorlik masalalari qayd etildi. Shu bilan birga, siyosiy tashkilotning tamomila yangi ko'rinishdagi tamoyillari ishlab chiqildi: tashqi dushmanga qarshi birdamlikda harakatlanish va jamoaning (shahar aholisining) barcha vakillarini birdek himoya qilish, har qanday jinoyatchini yakkalab qo'yish, ya'ni uning urug' va qabilasi himoyasidan ajratilishi tufayli qabilalararo nizolarga barham berilishi, barcha aholi yagona xalq (ummat) deb qaralishi va hokazo.
Sahifada fuqarolik, ya'ni bir davlatning teng huquqli va to'laqonli a'zosi bo'lish imkoniyati ham yoritilgan edi. Ya'ni dini, qabilasi, urug'idan qat'i nazar, bir davlat hokimiyati ostida fuqarolik ta'minlanishi, ularning barchasi o'z dinini saqlagan holda bir jamiyatga birlashishi Sahifaning 1, 2, 25-35 va boshqa bandlarida qayd etildi. Mazkur hujjatda musulmonlar va boshqa din vakillari o'rtasidagi munosabat fuqarolik tamoyili asosida barpo etilishi ko'zda tutilgan. Natijada turli diniy, siyosiy qarashlarga ega insonlarning bir davlat hokimiyati ostida teng huquqli bo'lib yashashi Madina sahifasida kafolatlandi.
Islom dini ta'limotida davlat siyosiy tuzilmasining muayyan shakli ko'rsatilmagan bo'lib, faqatgina umumiy tamoyillar belgilangan. Ulamolar bu tamoyillar 4 ta ekanini aytadi: tenglik, erkinlik, adolat va mashvarat. Ushbu tamoyillar o'rnatilsa, davlat qanday shaklga ega ekanidan qat'i nazar, u islom diniga muvofiq keladi. Davlat boshqaruvi tizimi o'z diniy qiyofasidan dunyoviylikka yuz tutishi 4 xalifa davrida namoyon bo'la boshlagan edi. Ana shu davrning o'zidayoq davlat axloqiy-diniy darchali dunyoviy tus kasb eta boshladi. Fors va rumliklardan o'zlashtirilgan tajriba sifatida devonlar tuzildi, davlatda vazifalar taqsimoti amalga oshirildi. Bu devonlar, asosan, dunyoviy maqsadlar yuzasidan barpo etilgan edi: pochta, qo'shin, muhrdorlik, ishchilar devonlari…
Bugungi kunda ayrim buzg'unchi kuchlar tomonidan zamonaviy dunyoviy qonunchilik asosida hayot kechirish musulmonlar uchun maqbul emasligi haqida soxta da'volar tarqatilmoqda. Vaholanki, dunyoviy qonunlar haqida etuk islom ulamolarining fikrlarini quyidagicha umumlashtirish mumkin: zamonaviy jamiyatlarning o'z manfaatlarini ko'zlab chiqargan qoidalari garchi shariatdan olinmagan bo'lsa-da, lekin shariatga zid kelmasa, ular ham shariatga muvofiq hisoblanaveradi. Inson tabiatiga xos bo'lgan ayrim tamoyillar borki, ular faqat bir holatdagina o'zgarishi mumkin, qachonki fitrat buzilsa. Erkinlik, adolat, tenglik, rahmdillik, zo'ravonlikni yomon ko'rish, zulmni rad etish zamon va makon o'zgarishi bilan ham o'zgarmaydigan tamoyillardir. Mana shu tamoyillar asosida jamiyatda bir-biridan farqlanuvchi qonunlar ishlab chiqilgan. Har bir jamiyat muayyan bir davrda o'zining sharoiti va imkoniga qarab yuqoridagi tamoyillarga zid kelmaydigan qonunlarni ishlab chiqishi mumkin. Ammo hozirgi kunda diniy davlat qurishni da'vo qilayotganlar dindagi o'zgarmas tushunchalar va o'zgaruvchan tushunchalarni farqlamay aralashtirib yuborishi oqibatida odamlar nazarida islom dini taraqqiyotni ortga tortuvchi, o'tgan asrlarga qaytaruvchi qoloqlik dini sifatida gavdalanmoqda. Bu esa, islomning taraqqiyparvar mohiyatini tushunib etmaslikdandir.
Yuqoridagilardan ko'rinadiki, islom dinida dunyoviylikka dinsizlik sifatida baho berilmagan. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatini ko'zlar ekan, ular din ta'limotlarida doim qo'llab-quvvatlangan. Din dunyoviy ishlarning ma'naviy jihatlarini tartibga solib turgan. Umuman, demokratik tizimlarning konstitutsion normalarida davlat va din o'rtasidagi munosabatlar masalasidagi ikki jihat yaqqol ajralib turadi. Birinchi navbatda, din jamiyatda insonparvarlik ruhiyatining shakllanishida yuksak ma'naviyat bulog'i, beqiyos axloqiy tarbiya manbai, insonlarni halollik, poklik kabi fazilatlarga undovchi qadriyat sifatida e'tirof etiladi. Qolaversa, dindan g'arazli maqsadlarda foydalanish, dinni niqob qilib siyosatga aralashish, hokimiyatga intilish kabi holatlar man etiladi.
O'zbekiston tanlagan taraqqiyot yo'li — dunyoviy demokratik yo'l. Din axloqiy tarbiya sohasida muhim ahamiyatga ega. Halqimiz diniy e'tiqodni chuqur hurmat qilgan holda, dunyoviy taraqqiyot yo'lidan ildam bormoqda. Shu o'rinda siyosiy maqsadlar yo'lida dindan niqob sifatida foydalanish, diniy davlat barpo etishga bo'lgan har qanday ko'rinishdagi harakat dunyoviy qadriyatlarga asoslangan konstitutsiyamiz va amaldagi qonunlarimizga zid ekanini ta'kidlab o'tish lozim.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi