Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

MAZHABGA ERGAShISh SALAFLARGA ERGAShIShDIR

29.06.2021   2536   8 min.
MAZHABGA ERGAShISh SALAFLARGA ERGAShIShDIR

Mazhabga unamaydigan toifalardan biri bu Ma'rifatchilar degan toifa ekan. Buni men o'tgan bir yillik faoliyatim davomida kuzatdim. Asl ma'rifatdan juda uzoqlar. Halk ichida ular o'zbekcha namoz o'qiydiganlar deb ham nomlanadi. Yuqoridagi mavzudan tashqari yana 15 dan ortiq masalalarda Ahli Sunnaga xilof qilar ekanlar. Shular haqida bir kichik risola tayorlagan edim.

Shundan biri mazhabsizlik haqida edi.

Quyida shu kitobdan bir mavzuni sizlarga taqdim etaman.

Ma'rifatchilar” to'rt fiqhiy mazhabdan biriga ergashish mumkin emas. Mazhab yo'q narsa, unga ergashmaslik kerak, deb da'vo qiladilar. Ma'lumki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hayotlik paytlarida shariatga bog'liq barcha masalalarning echimini u zotning o'zlari bayon qilar edilar.

U zot vafotlaridan so'ng odamlar bilmagan narsalarini sahobalarning olim va faqihlaridan so'rar edilar. Hatto ba'zi faqih sahobalar u zot tirikliklarida ham shar'iy fatvo berar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni echish uchun eng bilimdon sahobalar yig'ilib, maslahat qilar va fatvo berar edilar.

Keyinchalik sahobalar din xizmati yo'lida boshqa yurtlarga ko'chib bordilar. Odamlar o'zlari suhbatiga etishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. Rasulullohga imon keltirgan sahobalarning adadlari saodat asrida 120 mingdan ziyod edi. Tabiiyki, 120 ming sahobaning hammalari olim yoki faqih emas edi. Ularning orasida, yuqorida aytganimizdek, fatvo berishga loyiq bo'lganlari, to'rt xalifa, Abdulloh ibn Mas'ud, Abu Muso Ash'ariy, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom, Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhum va Oysha roziyallohu anho edi.

Yuz mingdan ortiq sahobalar mana shu 14 sahobaning mazhabida edilar. Demak, “Ma'rifatchilar” da'vo qilayotganlaridek, dinda mazhabga ergashish yo'q, sahobalar davrida mazhablar bo'lmagan kabi puch da'volarida mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Bu saodat asrini to'g'ri anglay olmaslikdir.

O'sha davrning markaziy shaharlari Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumning fatvolariga odamlar  amal qilar edilar.

Shundan so'ng bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy kesimida ular o'z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo'llab-quvvatladilar. Zamonlar o'tishi bilan yigirmaga yaqin mazhab ichidan faqat mashhur to'rttasi qoldi. Qolganlari rivoj topmay, ularning fatvolari ba'zi fiqhiy kitoblarda qoldi, xolos.

Bugun yoshlarimiz shuni yaxshilab anglamoqlari kerakki, mazhabga ergashish degani Qur'on va sunnatni qo'yib, shaxsga ergashish degani emas. Balki bu aynan Qur'on va sunnatga ergashish sanaladi!  Misol tariqasida sizning bel qismingizda qattiq og'riq turdi. Shu darajada og'riyaptiki, jasadingiz bukilib qoldi. Shu mahal siz dorixonaga borasizmi yoki mutaxassisga uchraysizmi? Yoki o'zingiz belingizni nimaga og'riyotganligini bilmagan holingizda dorixonaga borib, menga anavi dorini bering, deb iste'mol qilaverasizmi?

Holbuki, siz qaysi dori qanday kasalga shifo ekanini bilmaysiz-ku! Bunday paytda mutaxassis shifokorga borib, uning ko'rigidan o'tiladi. Shifokor sizning shikoyatingizni eshitib, so'ng qo'lingizga sizga zarur dorining nomini yozib beradi. Shundan so'ng dorixonaga borib, tavsiya etilgan dorini olasiz. Ammo na siz, na dori sotuvchi u dorining tarkibini va nimadan tayyorlanganini bilmaydi.

Mazhab ulamolari biz uchun go'yo tabibdir. Bizga qaysi oyat yoki qanday hadis shifo bo'lishini ular biladi. Bu bir aqliy dalil edi.

Endi omi odam bir faqih ulamoga ergashib, muayyan bir mazhabda turmoqligi to'g'risidagi oyatlar bilan tanishamiz. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

«Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangiz, ahli zikrlardan  so'rangiz!» .

Barcha ummat ulamolarining ijmosiga ko'ra, Alloh taolo shu oyatda bir narsaning hukmini va uning dalilini bilmaydigan odamni yaxshi biladigan odamdan so'rashga buyurmoqda. Demak, oddiy odam bilmagan narsasini biluvchi kishidan so'rashi, u shaxsga nisbatan taqlid qilishini anglatadi. So'rash ergashishni taqozo qiladi, ergashish esa – taqlidni.

Inson bilmasa, biladigan odamdan so'raydi. Demak, har bir so'raluvchi  ergashiluvchidir.

Alloh taolo Kalomida bunday marhamat qiladi:

وَإِذَا جَاءَهُمْ أَمْرٌ مِنَ الْأَمْنِ أَوِ الْخَوْفِ أَذَاعُوا بِهِ وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وَإِلَى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ وَلَوْلَا فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَتُهُ لَاتَّبَعْتُمُ الشَّيْطَانَ إِلَّا قَلِيلًا

«Ularga (jang maydonidan) omonlik yoki xavfli ish (xabari) kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar uni Payg'ambarga yoki o'zlaridan bo'lgan amirlarga etkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o'shalardan (so'rab) bilaverar edilar. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmasa edi, ozchilikni hisobga olmaganda, (ko'plaringiz) shaytonga ergashib ketgan bo'lar edingiz» .

Imom Tabaroniy va Imom Qurtubiy, yana bir qancha mufassirlar mazkur oyatdagi “Ish egalari” jumlasini faqihlar va ahli ilmlar, deb tafsir qilganlar. Yuqoridagi har ikki oyati karimada Alloh taolo bandalariga o'zlari bilmagan masalalarning javoblarini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so'rashga buyurmoqda.

Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo'ysunib, Payg'ambarimiz zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelmoqdalar.

Alloh taolo kalomida bunday deb marhamat qiladi:

وَمَا كَانَ الْمُؤْمِنُونَ لِيَنْفِرُوا كَافَّةً فَلَوْلَا نَفَرَ مِنْ كُلِّ فِرْقَةٍ مِنْهُمْ طَائِفَةٌ لِيَتَفَقَّهُوا فِي الدِّينِ وَلِيُنْذِرُوا قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوا إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ

«Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg'ambardan) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» .

Ushbu oyatda Alloh taolo barchani yoppasiga jihodga ketishdan qaytarib, bir toifa ilm egalarini diniy masalalarni chuqur o'rganishlari uchun qolishlariga buyurdi. Toki urushdan mo'minlar qaytib kelib, halol-harom haqida yoki e'tiqod masalalari to'g'risida ularga fatvo berishlari uchun deb qaydlab qo'ydi. Demak, inson bir masalani bilmasa, etuk ilm ahlidan so'rashga buyurilmoqda.

Hozirda boshqa firqalar qatori “Ma'rifatchilar” mazhabga ergashish yo'q, deb da'vo qilmoqdalar. Yuqoridagi oyatlar esa buning aksiga dalolat qilmoqda. Hulosa qilib aytganda, mazhabga ergashish shariat ko'rsatmasiga ergashishdir. Uni inkor qilish esa shar'iy ko'rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. O'ylab ko'rilsa, taqlid hamma narsada bor. Hatto hayvonlarda ham. Hayvon qanday eb-ichishni, hatto qanday hojat qilishni ota-onasiga qarab o'rganadi.

Qanday qilib bir musulmon dunyo va oxiratni belgilab beradigan dinida yo'lboshchisiz, ustozsiz ketishi mumkin? Islom tarixida biror-bir mufassir yoki muhaddis yoxud faqih olimlarni bemazhab bo'lgani ma'lum emas. Faqat mujtahid bo'lsagina bundan mustasno.

Qur'on va sunnatdan har kim o'zboshimchalik bilan hukm chiqarishining oxiri halokatdir. Zero, biz yuqorida aytganimizdek, bemor tabibga uchramasdan dorixonadan o'zboshimchalik bilan dori olib, iste'mol qilib, so'ng halok bo'lganidek, bemazhablik ham xalokatdir.

Shu o'rinda  marhum shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aytganidek: “Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soladigan eng xatarli bid'atdir”.

 

Maqola. (Yunusxon Mamarasulov, Feysbuk sahifasida e'lon qilingan).

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   35847   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari