Mazhabga unamaydigan toifalardan biri bu Ma'rifatchilar degan toifa ekan. Buni men o'tgan bir yillik faoliyatim davomida kuzatdim. Asl ma'rifatdan juda uzoqlar. Halk ichida ular o'zbekcha namoz o'qiydiganlar deb ham nomlanadi. Yuqoridagi mavzudan tashqari yana 15 dan ortiq masalalarda Ahli Sunnaga xilof qilar ekanlar. Shular haqida bir kichik risola tayorlagan edim.
Shundan biri mazhabsizlik haqida edi.
Quyida shu kitobdan bir mavzuni sizlarga taqdim etaman.
Ma'rifatchilar” to'rt fiqhiy mazhabdan biriga ergashish mumkin emas. Mazhab yo'q narsa, unga ergashmaslik kerak, deb da'vo qiladilar. Ma'lumki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hayotlik paytlarida shariatga bog'liq barcha masalalarning echimini u zotning o'zlari bayon qilar edilar.
U zot vafotlaridan so'ng odamlar bilmagan narsalarini sahobalarning olim va faqihlaridan so'rar edilar. Hatto ba'zi faqih sahobalar u zot tirikliklarida ham shar'iy fatvo berar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni echish uchun eng bilimdon sahobalar yig'ilib, maslahat qilar va fatvo berar edilar.
Keyinchalik sahobalar din xizmati yo'lida boshqa yurtlarga ko'chib bordilar. Odamlar o'zlari suhbatiga etishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. Rasulullohga imon keltirgan sahobalarning adadlari saodat asrida 120 mingdan ziyod edi. Tabiiyki, 120 ming sahobaning hammalari olim yoki faqih emas edi. Ularning orasida, yuqorida aytganimizdek, fatvo berishga loyiq bo'lganlari, to'rt xalifa, Abdulloh ibn Mas'ud, Abu Muso Ash'ariy, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom, Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhum va Oysha roziyallohu anho edi.
Yuz mingdan ortiq sahobalar mana shu 14 sahobaning mazhabida edilar. Demak, “Ma'rifatchilar” da'vo qilayotganlaridek, dinda mazhabga ergashish yo'q, sahobalar davrida mazhablar bo'lmagan kabi puch da'volarida mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Bu saodat asrini to'g'ri anglay olmaslikdir.
O'sha davrning markaziy shaharlari Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumning fatvolariga odamlar amal qilar edilar.
Shundan so'ng bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy kesimida ular o'z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo'llab-quvvatladilar. Zamonlar o'tishi bilan yigirmaga yaqin mazhab ichidan faqat mashhur to'rttasi qoldi. Qolganlari rivoj topmay, ularning fatvolari ba'zi fiqhiy kitoblarda qoldi, xolos.
Bugun yoshlarimiz shuni yaxshilab anglamoqlari kerakki, mazhabga ergashish degani Qur'on va sunnatni qo'yib, shaxsga ergashish degani emas. Balki bu aynan Qur'on va sunnatga ergashish sanaladi! Misol tariqasida sizning bel qismingizda qattiq og'riq turdi. Shu darajada og'riyaptiki, jasadingiz bukilib qoldi. Shu mahal siz dorixonaga borasizmi yoki mutaxassisga uchraysizmi? Yoki o'zingiz belingizni nimaga og'riyotganligini bilmagan holingizda dorixonaga borib, menga anavi dorini bering, deb iste'mol qilaverasizmi?
Holbuki, siz qaysi dori qanday kasalga shifo ekanini bilmaysiz-ku! Bunday paytda mutaxassis shifokorga borib, uning ko'rigidan o'tiladi. Shifokor sizning shikoyatingizni eshitib, so'ng qo'lingizga sizga zarur dorining nomini yozib beradi. Shundan so'ng dorixonaga borib, tavsiya etilgan dorini olasiz. Ammo na siz, na dori sotuvchi u dorining tarkibini va nimadan tayyorlanganini bilmaydi.
Mazhab ulamolari biz uchun go'yo tabibdir. Bizga qaysi oyat yoki qanday hadis shifo bo'lishini ular biladi. Bu bir aqliy dalil edi.
Endi omi odam bir faqih ulamoga ergashib, muayyan bir mazhabda turmoqligi to'g'risidagi oyatlar bilan tanishamiz. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
«Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangiz, ahli zikrlardan so'rangiz!» .
Barcha ummat ulamolarining ijmosiga ko'ra, Alloh taolo shu oyatda bir narsaning hukmini va uning dalilini bilmaydigan odamni yaxshi biladigan odamdan so'rashga buyurmoqda. Demak, oddiy odam bilmagan narsasini biluvchi kishidan so'rashi, u shaxsga nisbatan taqlid qilishini anglatadi. So'rash ergashishni taqozo qiladi, ergashish esa – taqlidni.
Inson bilmasa, biladigan odamdan so'raydi. Demak, har bir so'raluvchi ergashiluvchidir.
Alloh taolo Kalomida bunday marhamat qiladi:
وَإِذَا جَاءَهُمْ أَمْرٌ مِنَ الْأَمْنِ أَوِ الْخَوْفِ أَذَاعُوا بِهِ وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وَإِلَى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ وَلَوْلَا فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَتُهُ لَاتَّبَعْتُمُ الشَّيْطَانَ إِلَّا قَلِيلًا
«Ularga (jang maydonidan) omonlik yoki xavfli ish (xabari) kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar uni Payg'ambarga yoki o'zlaridan bo'lgan amirlarga etkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o'shalardan (so'rab) bilaverar edilar. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmasa edi, ozchilikni hisobga olmaganda, (ko'plaringiz) shaytonga ergashib ketgan bo'lar edingiz» .
Imom Tabaroniy va Imom Qurtubiy, yana bir qancha mufassirlar mazkur oyatdagi “Ish egalari” jumlasini faqihlar va ahli ilmlar, deb tafsir qilganlar. Yuqoridagi har ikki oyati karimada Alloh taolo bandalariga o'zlari bilmagan masalalarning javoblarini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so'rashga buyurmoqda.
Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo'ysunib, Payg'ambarimiz zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelmoqdalar.
Alloh taolo kalomida bunday deb marhamat qiladi:
وَمَا كَانَ الْمُؤْمِنُونَ لِيَنْفِرُوا كَافَّةً فَلَوْلَا نَفَرَ مِنْ كُلِّ فِرْقَةٍ مِنْهُمْ طَائِفَةٌ لِيَتَفَقَّهُوا فِي الدِّينِ وَلِيُنْذِرُوا قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوا إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ
«Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg'ambardan) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» .
Ushbu oyatda Alloh taolo barchani yoppasiga jihodga ketishdan qaytarib, bir toifa ilm egalarini diniy masalalarni chuqur o'rganishlari uchun qolishlariga buyurdi. Toki urushdan mo'minlar qaytib kelib, halol-harom haqida yoki e'tiqod masalalari to'g'risida ularga fatvo berishlari uchun deb qaydlab qo'ydi. Demak, inson bir masalani bilmasa, etuk ilm ahlidan so'rashga buyurilmoqda.
Hozirda boshqa firqalar qatori “Ma'rifatchilar” mazhabga ergashish yo'q, deb da'vo qilmoqdalar. Yuqoridagi oyatlar esa buning aksiga dalolat qilmoqda. Hulosa qilib aytganda, mazhabga ergashish shariat ko'rsatmasiga ergashishdir. Uni inkor qilish esa shar'iy ko'rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. O'ylab ko'rilsa, taqlid hamma narsada bor. Hatto hayvonlarda ham. Hayvon qanday eb-ichishni, hatto qanday hojat qilishni ota-onasiga qarab o'rganadi.
Qanday qilib bir musulmon dunyo va oxiratni belgilab beradigan dinida yo'lboshchisiz, ustozsiz ketishi mumkin? Islom tarixida biror-bir mufassir yoki muhaddis yoxud faqih olimlarni bemazhab bo'lgani ma'lum emas. Faqat mujtahid bo'lsagina bundan mustasno.
Qur'on va sunnatdan har kim o'zboshimchalik bilan hukm chiqarishining oxiri halokatdir. Zero, biz yuqorida aytganimizdek, bemor tabibga uchramasdan dorixonadan o'zboshimchalik bilan dori olib, iste'mol qilib, so'ng halok bo'lganidek, bemazhablik ham xalokatdir.
Shu o'rinda marhum shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aytganidek: “Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soladigan eng xatarli bid'atdir”.
Maqola. (Yunusxon Mamarasulov, Feysbuk sahifasida e'lon qilingan).
Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan anjuman asosiy qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar. Shuningdek, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Misr Vaqflar vaziri Usoma Azhariy, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Al-Azhar shayxi vakili Shayx Ayman Abdulg‘aniy, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari doktor Abdurrahmon ibn Abdulloh az-Zayd va Abu-Dabi Islom ishlari raisi, doktor Umar Habtur ad-Dari’iy kabilar nutq qildilar.
Muftiy hazratlari muhokama qilinayotgan oila, ayollar huquqi va farzand tarbiyasi masalasi g‘oyat dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar. Xususan, turli mintaqalarda oila instituti inqirozga yuz tutayotgani, yoshlarning oila qurishga qiziqishi pasayib, ajrashishlar soni ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bu sinov butun insoniyat oldida turgan umumbashariy muammoga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan Muftiy hazratlari tomonidan bir qator dolzarb takliflar ilgari surildi:
– Qo‘shma fatvo ishlab chiqish: ilmiy asoslangan hamda ilg‘or tajribalarni o‘zida jamlagan qo‘shma fatvo ishlab chiqish zarurligi ma’lum qilindi. Ushbu hujjatni turli tillarga tarjima qilib, OAV, raqamli platformalar, ma’rifiy tadbirlar va juma xutbalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish ta’kidlandi.
– Yoshlarni oilaga tayyorlash dasturlari: turmush qurish ostonasida turgan yoshlarning diniy, milliy va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan maxsus kurslar va psixologik-ma’rifiy maslahat dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
– Fatvo markazlari va OAV hamkorligi: milliy qadriyatlar va islomiy ta’limotlarni yoshlarga zamonaviy, ta’sirchan usullarda yetkazish uchun fatvo markazlari bilan OAV o‘rtasidagi hamkorlik lozimligiga e’tibor qaratildi.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ham bayon qilindi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Muftiy hazratlari tomonidan ilgari surilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oila institutini mustahkamlash borasidagi ishlarga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati