Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Loqaydlik - tinchlikka  raxna  soluvchi illat

25.06.2021   1480   4 min.
Loqaydlik - tinchlikka  raxna  soluvchi illat

Erkin va farovon hayot barpo etish yo'lida ildamlab borayotgan O'zbekistonimiz tarixan juda qisqa davrda ulkan yutuqlarga erishmoqda. Milliy ma'naviyatimiz va qadriyatlarimiz tiklanib, o'zligimizga qaytdik. Tinchlik va barqarorlik qaror topdi.

Ayni paytda, osuda hayotimizni izdan chiqarishga urinayotgan yovuz kuchlarning mavjudligini ham unutmasligimiz lozim. Shu jihatdan, tinchlikni asrash bugungi kunning dolzarb va ahamiyatli vazifalaridan biri ekanligini unutmasligimiz lozim.

Yurtimizga nisbatan tahdidlar aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm va terrorchilik va internet orqali hujum  kabi ko'rinishlarda namoyon bo'lmoqda. Buni islom dinini niqob qilib, O'zbekistonni demokratik taraqqiyot yo'lidan og'dirishdek g'arazli maqsadni ko'zlab faoliyat olib borishga intilayotgan ekstremistik tashkilotlar harakati misolida yaqqol ko'rish mumkin. Ular o'zlarining buzg'unchi g'oyalarini tarqatishga irodasi bo'sh, din haqidagi bilimlari sayoz kishilarni ta'sir doirasiga tortishga harakat qilmoqdalar. Horijdagi terrorchi va ekstremistik kuchlar hamda markazlar qo'llab-quvvatlayotgan bunday oqimlar o'zlarining yovuz maqsadlarini amalga oshirish yo'lida juda katta kuch va mablag' sarf qilayotganini alohida qayd etish lozim.

Hushyorlikni ta'minlash masalasida mayda-chuyda degan narsalar bo'lmaydi. Zero, "Bir gugurt bir qishloqni yondiradi", deydilar... Shunday bo'lsa-da, afsuski, hali-hanuz beg'amlik, loqaydlik, sodir bo'layotgan hodisalarni ko'rib ko'rmaslikka olish kabi illatlar mavjudligini, oramizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashni faqat davlat ishi deb o'ylaydiganlar ham bor. Ammo jamiyatda loqayd kimsalar borligining o'ziyoq taraqqiyotga jiddiy xavf solishi hammaga ayon. Luqmoni Hakimdan "Odamlarning eng yaramasi, eng yomoni kim?" deb so'radilar. U kishi: "Odamlarning yomonlik qilayotganini ko'ra turib, ko'rmaslikka olgani, beparvo, loqayd bo'lganidir", deb javob berdilar.

Darhaqiqat, beparvolik va beg'amlik barcha davrlarda yuzaga kelgan kulfat va musibatlarning asosiy sababchisi bo'lgan. Donishmandlardan birining "Dushmanlardan qo'rqma – nari borsa, seni o'ldirishi mumkin. Do'stlardan qo'rqma – nari borsa, senga xiyonat qilishi mumkin. Biroq, befarq odamlardan qo'rq – ular seni o'ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi oqibatida Yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo'laveradi", degan fikri ham befarqlik keltirib chiqaradigan oqibatlarning dahshatini tasavvur qilish imkonini beradi.

Ba'zi odamlar "tinchlik-osoyishtalikni asrash" deganda qo'lda kurol bilan mamlakat chegarasini qo'riqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlashni tushunadi. Aslida tinchlikni asrash faqat harbiy mudofaa degani emas. Osuda hayotni himoya qilish faqat harbiylar, huquq-tartibot idoralarining zimmasidagi vazifa emas! Osoyishtalik jami ezgu niyatlar va tilaklarimiz amalga oshishining asosi va manbai ekan, uni asrab-avaylash har bir kishining muqaddas burchidir. Shuning uchun ham, bugungi kunda har bir inson "yurtim tinch – men tinch", degan haqiqat bilan yashashi, o'z uyi, mahallasi, Vatan xavfsizligi uchun qayg'urishi, bu ishni burchi deb bilishi zarur.

Farzandlarimizni fidoyilik, vatanparvarlik, tadbirkorlik, millatparvarlik, Vatanga sadoqatga o'rgatish ko'p jihatdan ota-onalarga bog'liq. «Bekordan Hudo bezor», deydi dono xalqimiz. Yoshlarimiz turli mutaassib guruhlar ta'siriga tushib qolmasligi uchun ularning bo'sh vaqtini unumli o'tkazishga, kasb-hunarga, foydali mehnatga o'rgatish, turli to'garaklarga sport klublariga jalb qilish g'oyat muhim.

Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro o'z kasbini sidqidildan bajarib, yurt ravnaqi uchun harakat qilib, loqayd bo'lmasdan atrofdagi voqealarga teran nigoh bilan qarab, hushyor bo'lib yashasa, tinchlik-osoyishtaligimiz barqaror bo'ladi.

 Odiljon  Narzullayev

Yangiyul  tuman ‘’ IMOM SULTON’’ jome masjidi  Imom  xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   4589   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari