So'nggi yillarda barcha sohalarda bo'lgani kabi diniy-ma'rifiy jabhada ham keng ko'lamli islohotlar, o'zgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda. Buni barchamiz ko'rib, guvohi bo'lib turibmiz.
Zero, Respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar hamda diniy konfessiya vakillari o'rtasida o'zaro do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag'rikenglik tamoyillarini qaror toptirish borasida olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e'tirof etilayotgani – bu borada olib borilayotgan ishlarning to'g'ri o'zanda ketayotganiga dalolat qiladi.
Afsuski, internet tarmoqlarida ba'zi mutaassib shaxs va toifalar tomonidan O'zbekistonning din ishlari sohadagi yagona davlat siyosatini noxolis baholash, yangiliklarni o'z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqe'likni o'z o'zanidan boshqa tomonga burish, holatni ko'pirtirish hamda ayrim diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan asossiz tanqidlar qilinmoqda.
Birinchidan, shuni unutmaslik kerak-ki, O'zbekiston – biz huquqiy demokratik, ko'p millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.
Ikkinchidan, bosh qomusimiz va amaldagi qonunchilikda hech qaysi dinga yoki diniy e'tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo'l qo'yilmasligi belgilab qo'yilgan.
Uchinchidan, turli millat va din vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o'rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat – turli dinlarga e'tiqod qiluvchi aholi orasida nizo va tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi.
Kuzatuvlar shuni ko'rsatmoqda-ki, oxirgi paytlarda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan takliflar, o'rtaga qo'yilayotgan masalalar, muayyan bir konfessiya, ya'ni islom diniga e'tiqod qiluvchi fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqib ilgari surilmoqda. To'g'ri, yurtimiz aholisining 94% dan ortig'ini musulmonlar tashkil etadi, lekin bu degani qaror qabul qilishda – mavjud qonunchilik va huquqiy me'yor talablaridan chetga chiqishga asos bo'lmaydi, har qanday holatda ham boshqa dinlarga e'tiqod qiluvchi fuqarolarning huquqlarini inobatga olish – Konstitutsiyaviy burch hisoblanadi. Aks holda, bu – diskriminatsiya va turli ijtimoiy muammolar kelib chiqishiga sabab bo'ladi.
Shu nuqtai-nazardan, mamlakatimizda din sohasidagi davlat siyosati masalasida qabul qilinadigan har qanday qaror va qonunlar – barcha konfessiya vakillarini e'tiborga olgan holda ishlab chiqiladi.
Bugun ko'tarilayotgan din sohasidagi har qanday taklif va talablar yuqoridagi mezonlar asosida ko'rib chiqilmas ekan, tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqaveradi. Masalaning muhim jihati, ko'pchilik ushbu yo'nalishdagi davlat siyosatining mohiyatini to'g'ri anglamasligi natijasida odamlar ongida turli noto'g'ri fikrlar, munosabat va qarashlar hamda ikkilanishlar paydo bo'lmoqda.
Jumladan, xususiy tartibda diniy ta'lim olish va ta'lim berishga bo'lgan taqiqni bekor qilish masalasi ham bugun tushunmovchiliklarga sabab bo'lmoqda. Shunday ekan, mazkur masalaga ham oydinlik kiritish, chegarani belgilab olish lozim.
Bugungi kunda O'zbekistonda diniy ta'lim olish sohasini shartli ravishda 3 ta yo'nalishga bo'lish mumkin:
- ilohiyot yo'nalishidagi professional diniy ta'lim;
- dunyoviy ta'lim muassasalaridagi dinga oid akademik ta'lim;
- aholi tomonidan qiziqish bildirilayotgan, kundalik hayoti uchun zarur deb hisoblanadigan diniy amaliyot qoidalarini o'rganish hamda odob-ahloq bilan bog'liq masalalarda diniy nuqtai nazarga asoslangan bilimlarni olish (“maishiy” diniy ta'lim).
1. Ilohiyot yo'nalishidagi professional diniy ta'lim
Ushbu yo'nalishdagi diniy ta'lim olish imkoniyatlari maxsus diniy ta'lim muassasalari orqali amalga oshiriladi va birinchi navbatda professional diniy soha xizmatchilarini tayyorlash uchun mo'ljallangan. Bugungi kunda O'zbekistonda 15 ta diniy ta'lim muassasasi faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Shulardan 13 tasi O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlari. Jumladan, 3 tasi oliy Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 10 ta o'rta maxsus islom bilim yurtlari hisoblanadi, shundan 2 tasi ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasalaridir. Bular quyidagilar:
1.Toshkent islom instituti
2.“Mir Arab” Oliy madrasasi
3. Hadis ilmi maktabi
4.“Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom bilim yurti
5.“Sayyid Muhyiddin maxdum” o'rta maxsus islom bilim yurti
6.“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti
7.“Muhammad al-Beruniy” o'rta maxsus islom bilim yurti
8.“Faxriddin ar-Roziy” o'rta maxsus islom bilim yurti
9.“Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom bilim yurti
10.“Mir Arab” o'rta maxsus islom bilim yurti
11. “Imom Termizi” o'rta maxsus islom bilim yurti
12.“Hadichai Kubro” o'rta maxsus islom bilim yurti
13.“Jo'ybori Kalon” o'rta maxsus islom bilim yurti.
Professional diniy ta'lim tizimida boshlang'ich daraja madrasa hisoblanadi hamda yuqorida ko'rsatib o'tilgan 10 nafar o'rta maxsus islom bilim yurtlariga kirish uchun maxsus diniy bilim talab etilmaydi. Ushbu ta'lim dargohlarida kirish imtihonlari maktab dasturi doirasida o'qitiladigan fanlar, ya'ni xorijiy til va tarix fanlaridan Davlat test markazi tomonidan test shaklida o'tkaziladi. 2019 yilga qadar Ma'naviyat asoslari fanidan ijodiy imtihon ham o'tkazilgan bo'lib, 2020 yilda pandemiya sababli faqat test shaklidagi imtihonlar tashkil etish bilan cheklangan.
O'z navbatida, oliy diniy ta'lim muassasalariga kirish uchun dunyoviy fanlar bilan bir qatorda sof diniy fanlardan ham imtihonlar o'tkaziladi, mazkur bilimlarni fuqarolar madrasalarda olish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, O'zbekistonda barcha din vakillariga bir ko'z bilan qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora esa o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra o'zbek tili uchun sun'iy yasama bo'lib, bizning madaniyatimizga va tilimizga va umuman milliy qonunchiligimizga xos emas. Bu holat diniy ta'lim sohasida ham ko'zga tashlanadi. Buning isboti o'laroq, Toshkent pravoslav va Toshkent protestant seminariyalari faoliyat ko'rsatayotganini ta'kidlash o'rinli.
Toshkent pravoslav seminariyasi 1990 yil 1 oktyabrda o'rta maxsus bilim yurti sifatida tashkil etilgan. 1998 yil 9 apreldan o'quv yurti seminariyaga aylantirilgan. Rus pravoslav cherkovi qoidalariga asosan seminariyaga eparxiya rahbari rahbarlik qiladi. Seminariyada O'zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tashqari Rossiya, Moldova, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan talabalar ham ta'lim olmoqda.
Toshkent protestant seminariyasi 1992 yildan e'tiboran Samarqand shahrida “Samarqand protestant seminariyasi” sifatida faoliyat olib borgan. 2004 yilda seminariya Toshkent shahriga ko'chirilib, Toshkent protestant seminariyasi nomi bilan qayta ro'yxatdan o'tkazilgan.
Ta'kidlash lozimki, o'tgan yaqin yillar davomida respublikamizda diniy ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Diniy ta'lim tizimini jahon andozalariga mos ravishda tashkil etish va rivojlantirishga yo'naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Respublikada 2017 yilga qadar oliy diniy ta'lim muassasalari soni 1 tani tashkil qilgan bo'lsa, so'nggi to'rt yilda ularning soni 3 taga etdi. Bugungi kunda Samarqand shahrida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi eng ilg'or diniy ta'lim muassasasidir. Markaziy Osiyoda noyob hisoblangan bu ta'lim muassasasida ta'lim jarayonlari to'liq raqamlashtirilgan bo'lib, ta'lim jarayonlariga xorijiy noyob mutaxassislar ham jalb qilinmoqda.
O'rta maxsus ma'lumotli imom-xatiblar malakasini oshirish va ularni oliy ma'lumotli qilish maqsadida Toshkent islom institutida 3 yillik modul' ta'lim tizimi joriy etildi. Mazkur talim tizimiga 2019-2020 o'quv yilidan asosiy ish joyidan ajralmagan holda imom-xatiblar o'qishga qabul qilindi.
Davomi bor...
Din ishlari bo'yicha qo'mita
May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...
U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.
Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...
Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.
Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.
Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.
Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.
Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.
Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.
Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:
— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.
— Ba’zan, dedim.
U esa:
— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.
— Nega? — dedim.
— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.
O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.
Men unga:
— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.
Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:
— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.
Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.
Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.
Hammasini aytib berdim.
Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:
— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?
Men:
— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.
Otam biroz sukut saqlab:
— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.
So‘ng qo‘shimcha qildi:
— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.
Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.
Biz qahvamizni ichishda davom etdik.
Men unga:
— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.
U kishi jilmayib:
— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.
Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:
“Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang”.
Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:
Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.
U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.
Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.
Davron NURMUHAMMAD