O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium onlayn tarzda o'tkazildi.
O'zA xabariga ko'ra, O'zbekistonda jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qo'shgan mutafakkir allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini o'rganish, ularning ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka etkazish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yo'lga qo'yilishi diniy-ma'rifiy yo'nalishda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning muhim tarkibiy qismidir.
O'zbekiston zamini qadimdan ilmu ma'rifat markazi, madaniyat o'chog'i bo'lib kelgan. Bu diyordan etishib chiqqan mutafakkir allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va boshqa ko'plab qomusiy olimlar islom ilmlari bilan bir qatorda, dunyoviy fanlar taraqqiyotiga, xususan, jahon tsivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan.
Ana shunday buyuk allomalar qatoridan joy olgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo'lgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini hamda moturidiylik ta'limotini xalqaro jamoatchilikka etkazish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Malayziya islomni anglash instituti, Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Saljuk universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi singari xorijiy ilmiy muassasalar, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda «Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon» mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o'tkazildi.
Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limoti mohiyati: moturidiy allomalarining ushbu ta'limot rivojidagi o'rni, moturidiylik ta'limotining mo''tadillikni ta'minlashdagi ahamiyati, Imom Moturidiy ilmiy merosini o'rganish va moturidiylik ta'limotida aqidaviy masalalarning yoritilishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta'limotining o'ziga xos xususiyatlari yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bayon qildi. Hususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga echim topishda moturidiylik ta'limotining o'rni va ahamiyati, ushbu ta'limotning mo''tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e'tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka etkazish masalalari ham ko'rib chiqildi.
Simpoziumda Markaz tomonidan nashrga tayyorlangan Imom Moturidiyning «Ta'vilot al-Qur'on» 29-juzi, Mulla Ali Qoriyning «Sharh al-Fiqh al-akbar», Burhoniddin Marg'inoniyning «Al-Hidoya», «Yurtimiz allomalari rukni ostida 10 ta risola», «Halqaro islom tashkilotlari», «Mutaassiblikka qarshi mo''tadillik: metod va tahlillar» «Dolzarb raddiyalar», «Islom niqobidagi mutaassib guruhlar» kabi bir qator kitoblar, shuningdek, «Moturidiylik» ilmiy-ma'rifiy jurnalining nishona soni taqdimoti o'tkazildi.
Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma'ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to'plam shaklida nashr etilishi ma'qullandi.
Shu bilan bir qatorda, talabalar o'rtasida «Imom Moturidiy izdoshlari» rukni ostida tashkil etilgan tanlovning eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik, eng yaxshi infografika nominatsiyalari bo'yicha g'oliblarini taqdirlash marosimi ham o'tkazildi.
Yosh tadqiqotchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida simpozium doirasida doktorantlar, tadqiqotlar hamda talabalar uchun «Imom Moturidiy yosh tadqiqotchilar nigohida», «Zamonaviy islomshunoslik muammolari» deb nomlangan alohida shu'balar tashkil etildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta'limotini jahonga tanitish hamda islom olamida mo''tadil ta'limotni xalqaro jamoatchilikka etkazishda muhim maydon bo'lib xizmat qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati