Insonlar bir-birlariga salom berganlarida o'zaro tinchlik tilaydilar. Zero, “Assalomu alaykum” deyishlik boshqa bir kishiga tinchlik tilashdir. Odamlarning bir-birlariga tinchlik tilashlari zamirida katta ma'no, katta fazilat yotadi. Chunki berilgan ne'matlar ichida eng buyuk ne'mat bu – tinchlik ne'matidir.
Qur'oni karimda odamlarni bir-birlariga salomlashishga buyurib bunday deyiladi:“Qachon sizlarga biror (iborasi) bilan salom berilsa, sizdan undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o'sha (ibora) ni qaytaringiz....” (Niso surasi, 86-oyat).
Salom berish va unga javob berish bilan savob ko'payadi, insonning umri va rizqiga xayru-baraka kiradi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim bilan uchrashsang salom ber, savobing ko'payadi, uyingga kirganingda ahlingga salom ber, uyingga xayru-baraka kiradi”.
Inson boshqa bir insonga chin ko'ngildan yorug' yuz bilan salom berishi yaxshilikni ko'paytiradi. Bu haqda hadisda:
“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o'tib ketayotib:
“Assalomu alaykum”, dedi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“O'nta”, dedilar.
Yana bir kishi o'tayotib:
“Assalomu alaykum va rahmatulloh”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Yigirmata”, dedilar.
Yana bir kishi o'tib ketayotib:
“Assalomu alaykum va rahmatulloh va barakatuh”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“O'ttizta”, dedilar. Shunda sahobalar roziyallohu anhum o'nta, yigirmata, o'ttizta deyishlarining sababini so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birinchi kishiga o'nta deganim, u salom berish bilan o'n savobni, ikkinchi va uchinchi kishi esa salom berish bilan yigirma va o'ttiz savobni qo'lga kiritdi”, deb javob berdilar.
Salom berish bilan inson saxiylik qiladi. Zero, dunyoda eng baxil kishi salomga baxillik qilgan kishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning eng baxili salom berishga baxillik qilgan kishidir”, dedilar.
Insonlar kim oldin salom berishga musobaqalashishlari lozim. Chunki kim oldin salom bersa, savobning ko'prog'ini qo'lga kiritadi. Oldin salom berish kamtarlikka, boshqalarni oldin salom berishini kutish esa manmanlikka kiradi. Yoshim katta, uning yoshi kichik, u salom bersin, deyish kibr hisoblanadi. Inson o'zidan kibrlanishni yuvish uchun ham o'zidan kichiklarga salom berishi lozim. Shu sababli oldin salom berish insondagi kibrni ketkazib, unga kamtarlik kamolotini beradi.
Ba'zi bir kishilar salom berishda uni to'g'ri aytilishiga e'tibor bermaydilar. Insonlar boshqa bir insonlar bilan uchrashganlarida “Assalomu alaykum” deyish o'rniga, “Assam –alaykum” deyishsa, “Sizga o'lim bo'lsin”, deyilgani bo'ladi.
Ba'zi bir kishilar “ Assalom” deb qo'yishadi. Bu ham noto'g'ri salom berish hisoblanadi. Chunki “Assalom”ning o'zini aytish noaniqlikni keltiradi. Shu sababli “Assalomu alaykum” deb to'liq va aniq salom berilishi lozim. Salomlashish paytida qo'l berib ko'rishish fazilatli amallardan hisoblanadi. Insonlar salomlashib, bir-birlarini qo'llarini olib ko'rishsalar ular o'rtasida mehr-oqibat mustahkamlanadi. Ikki inson qo'l berib ko'rishar ekan ularning savoblari ko'payib, gunohlari to'kiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishi uchrashganda qo'l berib ko'rishsa, har ikkisining gunohi hali bir-biridan uzoqlashmasdan mag'firat qilinadi”, deganlar.
Salom berishda qo'l bilan ko'rishishdan tashqari quchoq ochib ko'rishish ham mavjud. Insonlar bir-birlarini sog'inganlarini izhor qilish maqsadida quchoqlashib ko'rishadi.
Insonlarning bir-birlari bilan uchrashganidagi chin ko'ngildan, ochiq chehra bilan salomlashishi xalqimizning eng yaxshi odatlaridandir. Salomlashish odoblarini yaxshi bilib, unga amal qilishlik odamlar o'rtasida insonning martabasini ko'taradi, ular orasida mehr-muhabbat yoyiladi. Va u insonlar orasida adovatni yo'qolishiga, yaxshilik joriy bo'lishiga xizmat qiladi. Halqimizning salomlashish kabi odatlari farzandlarimiz ongida milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat tuyg'usini shakllantirishga, ularning millatga, qadriyatlarimizga haqiqiy sadoqatli insonlar bo'lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Umar AVLIYoQULOV,
Qarshi tuman “Tosh” masjidi imom-xatibi
Tarix dalolat beradiki, har qanday jamiyatning chinakam taraqqiyoti, millatning istiqboli uning ma’rifatli, sog‘lom va shijoatli avlodiga bog‘liq. Islom dini ta’limotida ham yoshlik davri inson umrining eng g‘animat, ayni kuch-quvvat va g‘ayratga to‘lgan fursat sifatida qadrlanadi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan zamonaviy ilmlarga ega bo‘lgan yigit-qizlarimizning muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etish, ularga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tiborni bir eslab o‘tish o‘rinlidir.
Darhaqiqat, navqiron avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan e’tibor tezda o‘z mevalarini bermoqda. Birgina 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bo‘lgan maktab o‘quvchilari 29 ta xalqaro ilmiy olimpiadalarda jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Islom ta’limoti insoniyatga manfaat keltiruvchi har qanday foydali ilmni egallashga targ‘ib qilishini anglagan yoshlar ajdodlarimiz ilmiy merosini munosib davom ettirishmoqda.
Iqtisodiyot va zamonaviy kasblar yo‘nalishida ham yoshlarga berilgan imtiyozlar tub burilish yasadi. Raqamli texnologiyalar asrida yosh dasturchi va mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar tufayli 2026 yilning faqatgina birinchi choragida (yanvar-mart) IT Park a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti hajmi 191,8 million dollardan oshib ketdi. Bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga ko‘p, degani. Bugun minglab yigit-qizlar halol mehnat bilan global bozorga dasturiy mahsulotlar eksport qilib, nafaqat o‘z oilasi, balki yurt farovonligiga hissa qo‘shmoqda.
Davlat tomonidan yoshlar bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida yaratilgan mahallabay tizim ham yaxshi samara bermoqda. Birgina o‘tgan yil davomida «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 330 mingdan ziyod yigit-qizga ijtimoiy va iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, ijtimoiy sheriklik va xayr-saxovat an’analarimiz asosida «Vaqf» jamoat xayriya fondi tomonidan ham ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim shartnomalari to‘lab berilayotgani e’tiborga molik. Bu — xalqimizga xos bo‘lgan o‘zaro ko‘mak va mehr-oqibatning yorqin ifodasi bo‘lib, yoshlarning ilm olishiga berilayotgan ko‘makdir.
Butunjahon shaxmat olimpiadalarida tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritib, reytingda yetakchilik qilayotgan yosh grossmeysterlarimiz, xalqaro maydonlarda yurt bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan chempionlarimiz ana shu g‘amxo‘rlik va rag‘batning mahsulini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda tashkil etilgan Xalqaro islom akademiyasi, hadis va kalom ilmi maktablarida ham ko‘plab tolibi ilmlar diniy-ma’rifiy va dunyoviy fanlarni omuxta holda o‘zlashtirib, yurtimizdan yaqin kelajakda yana buyuk allomalar yetishib chiqishiga zamin yaratmoqda.
Tomirida Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘beklar qoni oqayotgan bugungi shijoatli avlodning sa’y-harakatlari yurtimizni yanada yuksak cho‘qqilarga olib chiqishiga ishonamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati